04.04.2026

MIR ARAB MADRASASIDA ARAB TILI FANLARIDAN BILIMLAR BELLASHUVI BO‘LIB O‘TDI

Buxoro shahrining boy ilmiy an’analarini davom ettirib kelayotgan Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida talabalarning bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish, ularning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida navbatdagi fan musobaqasi tashkil etildi.

2026-yil 1-aprel kuni o‘tkazilgan mazkur bellashuvda madrasaning 101–102-guruh talabalari o‘zaro bilim baxsh etdilar. Musobaqa islom ilmlarining asosi hisoblangan uchta muhim yo‘nalish — sarf, nahv va mutolaa fanlarini qamrab oldi.
Musobaqa jarayoni muassasaning malakali ustozlari —Yakubov Azimjon, Saidov Shaxboz va Abdurahimov Javohirlar tomonidan adolat mezonlari asosida boshqarib borildi. Jami 25 nafar talaba ishtirok etgan ushbu sinov ham yozma, ham og‘zaki shaklda tashkil etilib, har bir ishtirokchining nazariy va amaliy tayyorgarligi har tomonlama tahlil qilindi.
Bellashuv ishtirokchilari quyidagi 5 ta murakkab shart bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdilar:
• Sarf ilmi mahorati: E’lol va ibdol qoidalariga oid fe’llarni mahorat bilan tuslash (30 ball);
• Nazariy bilim: Sarf fanidan o‘tilgan qoidalarni yoddan aytib berish (50 ball);
• Nahviy tahlil: Grammatik terminlarni ta’rif va jonli misollar bilan sharhlash (50 ball);
• Lug‘at va tarjima: "Shifohiyya" kitobining 2-qismi lug‘atlarini yodlash va matnlarni tarjima qilish (40 ball);
• Nutqiy tezlik: 200 ta so‘zdan iborat matnni xatosiz va tez o‘qish (20 ball).
Qizg‘in kechgan bahslar natijasiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan quyidagi talabalar mutloq g‘olib deb topildilar:

 1-o‘rin: Akramov Saidahmadxon Avazxon o‘g‘li
 2-o‘rin: Ubaydullayev Nurilloh Xabibulloh o‘g‘li
 3-o‘rin: Mamajonov Murodjon Rustamjon o‘g‘li

Tadbir yakunida muassasa direktori Jaloliddin domla Saburov hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Asadulloh domla Najmiddinovlar so‘zga chiqib, talabalarga ilm yo‘lidagi xolis tavsiyalarini berdilar. G‘oliblar munosib taqdirlanishi barobarida, o‘z bilimini namoyish etgan yana 7 nafar faol talaba ham maxsus rag‘batlantiruvchi mukofotlarga loyiq ko‘rildi.

Ushbu musobaqa nafaqat bilim sinovi, balki talabalarning kelajakda yetuk ulamo va tilshunos bo‘lib yetishishlari yo‘lidagi muhim poydevordir.

Tadbir ko‘tarinki ruhda yakunlanib, Mir Arab talabalarining arab tili fanlari bo‘yicha mukammal bilimga ega ekanliklarini yana bir bor isbotladi.