ISLOMIY ILMLARNI NAQL QILISHDA SANAD VA IJOZANING AHAMIYATI
2025 yil 13-noyabr "Globallashuv davrida sof aqida va tasavvuf masalalari" xalqaro ilmiy-amaliy konfrensiyada e'lon qilingan maqola
Qobilov Farhod Fahriddinovich – Mir Arab madrasasi talabasi, mustaqil tadqiqotchi
Annotatsiya: Maqolada muallif islomiy bilimlarni naql qilishda sanad va ijoza so’zlarining lug’aviy ma’nolari, ushbu atamalarning fanga kirib kelishi hamda ilm-fanda tutgan o’rni haqida aytib o’tgan. Mazkur amaliyot “ijoza”, “izn berish”, “ijozatnomalar” shaklida keng tarqalgan. Xususan, “ijozatnoma” berish, ilmlarni naql qilishda Movarounnahr olimlarining tajribasi, ularning bu masalaga alohida ahamiyat berganiga urg’u berilgan. Islomiy ilmlarni naql qilishda “ijoza” va “sanad” masalalari azaldan qattiq amal qilingan, jiddiy ko’rilgan masala bo’lgani bois tarixiy-ilmiy merosimiz bizgacha o’ta aniqlikda yetib kelgani aytilgan.
Kalit so’zlar: Islomiy ilmlar, Movarounnahr diyori, Qur’on va sunnat manbalari, sanad, isnod, izn berish, ijozat berish, “ijozatnoma” vasiqalari.
Аннотация: В статье автор рассматривает лексические значения слов «санад» и «иджаза» в передаче исламских знаний, внедрение этих терминов в науку и их роль в науке. Эта практика широко распространена в форме «иджаза», «изн бериш», «иджазатнамалар». В частности, подчеркивается опыт учёных Моваруннахра в издании «иджазатнама» и передаче знаний, а также особое значение, которое они придавали этому вопросу. Отмечается, что, поскольку вопросы «иджаза» и «иджаза» в передаче исламских знаний строго соблюдались и воспринимались серьёзно с древних времён, наше историческое и научное наследие дошло до нас с большой точностью.
Ключевые слова: исламские науки, Трансоксания, источники Корана и Сунны, иснад, иснад, разрешение, выдача разрешения, «разрешительные» документы.
Abstract: In the article, the author discusses the lexical meanings of the words sanad and ijaza in the transmission of Islamic knowledge, the introduction of these terms into science, and their role in science. This practice is widespread in the form of "ijaza", "izn berish", "ijazatnamalar". In particular, the experience of the scholars of Movarunnahr in issuing "ijazatnama" and transmitting knowledge, and the special importance they attached to this issue, is emphasized. It is said that since the issues of "ijaza" and "sanad" in the transmission of Islamic knowledge have been strictly observed and taken seriously since ancient times, our historical and scientific heritage has reached us with great accuracy.
Keywords: Islamic sciences, Transoxiana, sources of the Quran and Sunnah, sanad, isnad, permission, granting permission, "permit" documents.
Islom olamida ilmlar asosan uch guruhga ulumul masodir (Qur’on, sunnat va boshqa hukm olinadigan ilmlar), ulumul maqosid (aqida, fiqh va tasavvuf ilmlari) va ulumul musoida (mazkur ikki ilmga yordamchi lug‘at, adabiyot, tarix va ma’oniy ilmlari)ni tashkil etadi. Yuqoridagi uch toifadagi ilmlarning har biriga mansub olimlar guruhi va silsilasi shakllangan edi. Shu uch yo‘nalishda yetakchi bo‘lgan va tan olingan olimlarning o‘z yo‘nalishida o‘zidan keyin ilmu-ijod qiladigan shogirdlariga ijoza berishi tartibi joriy qilingan bo‘lib, bu ijoza berish va uning dalili ijozatnomalar sifatida rasmiylashtirilgan.
Ijozatnoma berish amaliyoti islom tarixida hijriy II (milodiy IX)asrga kelib keng tarqalgani ma’lumdir. Bu tushuncha ilk marta hadis fani sohasida ishlatildi. Shu davrdan boshlab hadisni og’zaki usulda zanjir asosida yetkazish rivojlandi. Keyinchalik islom fathlari kengayishi bilan uning maydoni ham kengaydi. Bu paytda esa, hadislar qayd etilmasdan yoki (tadvin etilmasdan) yozilmasdan og’izdan-og’izga o’tib yurishi Payg’ambar alayhissalom nomlaridan yolg’on to’qish, mano’larga xalal yetishi kabi xatarli hodisalarga aylandi. Bu holat nega oldinroq xatarli emas, edi? Chunki islomning boshlang’ich davrida islom jamiyati kichik va uning a’zolari deyarli bir-biriga tanish edi. Bu esa hadislarni naql qilishdek ilmiy omonatni asrash va keyingi avlodga yetkazish zaruratini yanada kuchaytirdi.
Isnod va sanad, ijozatnoma tushunchalari keyinchalik asos solingan boshqa fanlarning tayinli va ishonchli taraqqiyotida hamda tarqalishida muhim o‘ringa ega bo‘lgan. Islomiy ta’limga xos bo‘lgan bu an’analar musulmonlar jamoalari yashagan geografik mintaqalarda “ijozatnoma” deb ta’riflanib, mashhur bo‘lgan. Masalan, siyrat ulamolari o’z faoliyatlarida muhaddislarning uslublaridan foydalandilar. Ular payg’ambar sallollohu alayhi vasallamning siyratlariga tegishli ma’lumotlarni ularni ko’rgan, eshitgan sahobalardan rivoyat qilgan roviylar silsilasiga suyangan holda to’plaganlar.
Alloma va muhaqqiq Abdulfattoh Abu G’uddaning 1976-yilda nashr etilgan “Sanad dindandir” nomli risolalarida Abdulloh ibn Muborak rohimahullohning “Sanad dindandir, agar sanad bo’lmasa xohlagan odam xohlagan gapini gapirgan bo’lardi.” degan qoidaviy gaplarini sharhladilar. Alloma risolada 11 ta misol va voqe’likni zikr qilish bilan isnod va sanadning ahamiyatini, shogirdning ustozdan ilmni omonat bilan naql qilishining ahamiyatini ochib berib, har bir ma’nosi bor lug’atni va lafzni ustozdan eshitish va ustozdan sobit bo’lishining nadaqar katta ahamiyatga ega ekanligiga e’tibor qaratgan. Quyida risoladan ba’zi iqtiboslarni keltiramiz:
Darhaqiqat, Alloh taolo bu islomiy muhammadiy ummatga ko’p xususiyatlar va afzalliklar bilan iltifot qildi. Shulardan pokiza shariatga va turli xil toat-u ibodatlar, moliyaviy-huquqiy masalalarga tegishli bo’lganlari bor va yana shariatning xizmati, uni yetkazish, undan xabar berish, qayd qilish, uni boricha saqlash va asrash bilan bog’liq bo’lganlari bor. Bu ikki jihatning har birida juda ko’p xususiyatlar bor. Men birgina xususiyat borasida gapirib o’tmoqchiman. Bu shunday xususiyatki, Alloh taolo ummati muhammadiyni ushbu shariatga xizmat borasida xoslagan narsadir, ya’ni isnoddir.
Ulamolar aytadilarki: “Isnod - bu hadisni naql qiluvchilarni zikr qilish bilan birga uni aytuvchisiga ulaganingda: ya’ni"أسندتُ الحديس الى قائله" “Hadisni uni aytuvchisiga bog’ladim.” degan gapingdagi "أسندت" “bog’ladim” so’zining o’zagidir, masdaridir. Misol uchun: Imom Abu Abdulloh Buxoriy rohimahulloh o’zlarining “Jome’ as-Sahiyh” kitoblaridagi “Ilm kitobi”ning “Nabiy sallollohu alayhi vasallamga nisbatan yolg’on to’qish gunohligi borasidagi bobda keltirgan: “Bizga Makkiy ibn Ibrohim aytib berdi, aytdiki: “bizga Yaziyd ibn Abu Ubaydulloh - Salama ibn Akva’ning mavlosi - Salamadan rivoyat qilib aytdi, u aytdi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallamdan” degan iborasi (1:201) isnod deb nomlanadi va Imom Buxoriy unda roviylarni zikr qilgan silsilaning ayni o’zi sanad deyiladi. Hadis matni esa quyidagicha: “Kimki menga nisbatan aytmaganimni aytdi desa, bas do’zaxdan o’z joyini tayyorlayversin” deb aytganlarini eshitdim.”
Yana ulamolar “Isnod”ni : “ U - hadis matni yo’lidan xabar berish” va “Sanad”ni esa “ U- hadis matnining yo’li” deya ta’riflaydilar. Va hadislarning sahiyh yoki zaifligi borasidagi hukmda sanadga suyanganlari uchun uni “Sanad” deb nomladilar. Bunda ulamolar “Sanad” so’zining lug’aviy ma’nosiga tayandilar. Ya’ni: “Devor yoki boshqa narsaga suyanilganda
(إندتُ إليه) deyiladi ” ?
Va yana muhaddislar “isnod” va “sanad”ni almashtirib ishlatadilar. Bundan iroda qilingan ma’no belgi yoki ishoralar bilan bilinadi.
“Isnod” bu - ummatning o’zidan oldingi ummatlardan hech biriga berilmagan fazilatli xususiyatlardan biri. U o’zining buyuk maqomi bilan dindandir. Imom Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh aytadilar: “ Isnod dindandir. Va agar isnod bo’lmaganda xohlagan kishi xohlagan narsasini gapirgan bo’lardi”. Imom Abdulloh ibn Muborak roziyallohu anhuning bu gaplari “Isnod”ning dindagi o’rnini ko’rsatib bergan ta’riflarning eng afzalidir.
“Isnod”ning o’rnini ochiqlashda ibni Muborak va boshqa imomlardan ko’p ta’riflar kelgan. Ularning barchasi “Isnod”ning ahamiyyatini, foydalarini, afzalliklarini, u bilan shug’ullanishning zarurligini namoyon qilishga xizmat qiladi. “Isnod” islom ilmlarining xususiyatlaridandir. Bu o’rinda imomlarning jumlalarini keltirdik. Chunki ularda “Isnod”ning dindagi o’rnini ochib berish uchun mukammallik, pokiza islomiy shariy’at va uning ilmlarini yetkazish uchun ravshanlik bor.
Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh aytadilar: “ Dinining ishini isnodsiz o’rganayotgan kishining misoli - balandlikka narvonsiz chiqayotgan kishiga o’xshaydi. Va yana aytadilar: “Biz va anavi ahli bid’at hamda ularga o’xshash qavmlarning farqi - ustunlardir. Ustundan murod -sanaddir.”
Va yana Sufyon Savriy rohimahullohu taolo aytadilar: “Isnod - mo’minning quroli, shunday ekan, agar mo’minda siloh bo’lmasa, u nima bilan jang q2iladi?”
Imom Shofe’iy aytadilar: “ Hadisni isnodsiz o’rganayotgan kishi, tungi o’tinchiga o’xshaydi. Arqonini yelkasiga yuklaydi vaholanki, unda ilon bo’ladi, va u buni bilmaydi!”. Sufyon ibn Uyayna rohimahulloh taolo aytadilar: “Zuhriy bir kuni menga bir voqeani aytib berdi.” Shunda men: “Shuni isnodsiz ayting”-dedim, so’ngra Zuhriy aytdilar : “Tomga narvonsiz ko’tarilmoqchimisan?!”.
Hofizlardan biri aytadilar: “O’z dinini isnodsiz o’rganayotgan kishi, balandlikka narvonsiz ko’tarilayotgan kishiga o’xshaydi. Shunday ekan, qanday qilib osmonga yetadi?!” va Imom Avzoiy rohimahullohu ta’olo aytadilar: “Ilmga faqatgina isnod bilan boriladi”. Hofiz Yazid ibn Zuray’ rohimahullohu taolo aytadilar: “Har bir dinning suvoriylari bor, bu dinning suvoriylari isnod egalaridir.”
Hofiz Abu Hotim ar-Roziy rohimahullohu taolo aytadi: “Alloh taolo Odam Atoni yaratgandan beri faqatgina musulmon ummatida nabiylarining meroslarini va salaflarining shajarasini yodlab, ehtiyot qiladigan ishonchli kishilar bo’lgan.
Ijodkor, dunyo kezgan olim, hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Roshid ibn Ma’daan as-Saqafiy al-As’habiy rohimahullohu taolo (vafotlari hijriy 309-yilda): “ Menga yetdiki, Alloh taolo bu ummatni o’zidan oldingi ummatlarga bermagan 3 narsa bilan xoslagan: Bular - isnod, nasab, e’rob.”
Abdulfattoh Abu G’udda rohimahullohu taolo aytdilar: “ Bu gaplar va bundan boshqa sanad va isnodning muhimligi borasidagi gaplar musulmonlarning mutaqoddim ulamolarini faqatgina bir turdagi kitoblarga jiddiy e’tibor berishlikka undadi. Bu shunday kitoblarki, ularni naql qilayotgan kishida quyidagi xususiytalar bo’lsin:
- ishonchli, xotirasi kuchli, adolatli bo’lsin;
- muallifning o’ziga kitobni o’qib bergan bo’lsin;
- kitobni o’qish borasida sanadi bor kishiga kitobni o’qib bergan bo’lsin
- kitobni to muallifgacha ustozidan va uning ustozlaridan qabul qilib olgan kishi bo’lsin.”
Mutaqoddim ulamolarning katta qismi ya’ni, muhaddis va faqihlar muallifi yoki ko’chirgan xattoti ma’lum lekim, muallifdan tinglab qabul qilinmagan yoki sanadi bor kishidan qabul qilinmagan kitobdan foydalanishni man’ qilishgan. Mutaa’xxir ulamolar esa ba’zi shartlar evaziga ruxsat berishgan. Sababi - keyingi asrlarda rivoyat shartlari - ya’ni ishonchlilik, adolatlilik, xotiraning kuchliligi, gunoh-u ma’siyatdan qochishlik topilishi uzrli bo’lib ketgan edi. Bu ruxsat ham faqatgina muallifiga nisbatida ishoniladigan kitobga ijozat berishgan, ammo muallifiga nisbatida ishonch bo’lmagan kitoblarga e’tibor qilinmaydi bu hamma ittifoq qilgan masala.
Bularning barchasi faqatgina naql sahih bo’lishi, ishonch to’liq bo’lishi va yana ilmiy kalimalar ishonchli, to’g’ri, yaxshi saqlangan, tarixiga ega bo’lishi, eng ishonchli yo’l bilan keyingi avlodga yetib kelishi uchundir. Yuqoridagi o’tgan narsalardan bilib olamizki, albatta tolibi ilmlar o’qiyotgan kitoblardagi islom ulamolarining so’zlari naql va omonatdorlikning eng puxta shaklida, nihoyatda katta e’tibor va pishiqlik bilan tolibi ilmlarga yetib kelyapti. Mana shu narsa islom ulamolari yozgan asarlari boshqa insonlar yozgan asarlardan ajralib turadigan jihatlardandir.
Bizning mutaqoddim ulamolarimiz - Alloh ularni qabrlarini nurli qilsin - isnod va sanadni ilmning sunnatlaridan qilishdi, bu qanday ilm bo’lishidan qat’iy nazar. Bu diniy ilm bo’ladimi - huddiki tafsir, fiqh, hadis kabi yoki din ilmlariga vosita bo’lgan ilmlar bo’ladimi - adabiyot, tarix, lug’at, nahv, she’r kabi.
Va yana mutaqoddim ulamolarimiz - Alloh taolo ulardan rozi bo’lsin - bizga ushbu dinni va uning ilmlarini o’ta puxtalik bilan, daqiqlik bilan bugungi kundagi audio yozish texnologiyalarni ortda qoldiradigan tarzda yetkazishdi. Ilmiy omonatni o’zlaridan keyingi kishilarga eng yaxshi tarzda ado qilib, yetkazib berishdi. Mutaqoddim ulamolarimizga Allohning rahmati va roziligi bo’lsin.
Movarounnahrlik ulamolarimiz ham bir nech asrlardan buyon “ijoza berish”, “sanad va isnod” kabi ilmiy omonatdorlikka oid bo’lgan tushunchalarga jiddiy ahamiyat berib, ta’lim va tadris jarayoni hamda ilmlarni naql qilish borasidagi ishlarni shunga muvofiq tashkil qilib kelishdi.
Imom Zahabiy o’zlarining “Siyar a’lom an-Nubalo” asarida alloma Zohid Buxoriydan 1000 juzli “Kitob at-Tafsir” asari borasida yozma ijoza olganliklarini yozib qoldirganlar.
Shuningdek, Burhoniddin Marg‘inoniy (1123-1197)o‘z shayxlari orasida alloma Zohid Buxoriyni ham zikr qilgan bo‘lib, uni xotirlab shunday yozgan: “Menga (ilmlarini) rivoyat qilish uchun to‘liq ijozat berdi. O‘zi eshitgan sahih xabarlarni, o‘zi ijozat olgan bilimlarini va yozgan asarlarini rivoyat qilishim uchun mushofahatan (yuzma-yuz turib, og‘zaki) tarzda to‘liq ijozat berdi hamda o‘z qo‘llari bilan “ijoza”ni yozib berdi”.
XIV asrda yashab ijod qilgan Hanafiy mazhabi katta faqihi Sayyid Jaloliddin ibn Shamsiddin al-Gurloniy al-Xorazmiyning (vaf. 767/1365) shogirdi Ali ibn Hofiz Hasan al-Furaymiyga yozgan qo‘lyozmasidagi ijozatnomasini ham misol keltirish mumkin”.
Shuningdek, Imom Qozixonning buxorolik faqih Jamoliddin Mahmud ibn Abdusayyidga hanafiy fiqhiy asariga bergan ijozasi ham ahamiyatlidir (batafsil ko‘rish uchun: https://t.me/akramlsmail/650).
O‘tgan asrning mashhur hanafiy olimi Imom Kavsariy “Manor ul-anvor”asarini naql qilish va o‘rgatish uchun o‘zidan boshlab to mazkur asarning muallifi Hofiziddin Nasafiygacha ulangan ijosa sanadini ham misol keltirish mumkin. Mazkur sanad vasiqasi internetdagi kutubxonalar va telegram kanalida tarqalgan (batafsil ko‘rish uchun: https://t.me/hanafiw/1435).
2023-yilning boshida asli Buxoriy bo‘lgan Madinai munavvarada yashayotgan Mansur Abdulboqiy Buxoriy o‘zining “Kashful muammo an rijali Farg‘ona va Buxoro” (Farg‘ona va Buxoro olimlari haqidagi mavhumliklarga aniqlik kiritish) nomli kitobi Kuvaytda nashr ettirdi. Mazkur asarning oxirgi bandida muallif o‘zining Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asarini naql qilish va o‘rgatishda aynan Buxorodan yetishib chiqqan 25 ta olimlar silsilasi bilan Imom Buxoriygacha yetib boradigan ijozalar olingan sanadini e’lon qilgan. Mansur Abdulboqiy Buxoriyning ijozasi shayx doktor Muhammad Saiyd Hasan qori al-O’zgandiy al-Buxoriydan boshlanib, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy orqali Imom Buxoriyga ulanadi.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, islomiy ilmlarni asrlar davomida naql qilish va boshqalarga o‘rgatishning muayyan tizimi va tartibi joriy qilingan. Xususan, Movarounnahrda keng tarqalgan madrasalar ta’lim tizimida bu juda muhim va ahamiyatli masala bo’lgan, sababi ilmlarni faqat ishonchli ustozlardan yoki sanad hamda ijoza egalaridan olish zarur sanalgan. Har qanday kitobni yozmaslik, mashhur va mo‘tabar ustozlar nomidan ijozat berilmaguncha masala aytmaslik yoki dars bermaslik Sharq xalqlari va musulmon olimlar ichida turli fitna va tushunmovchiliklarning oldini olishda muhim xizmat qilib kelgan. Qolaversa, ilmlarni naql qilish va o’rgatishning bu uslublari ajdodlarimizning ilmga bo’lgan munosabatini, ularning xarakter xususiyatlarini, naqadar omonatdor, mas’uliyatli ekanliklarini anglashga yordam beradi.
Foydalangan adabiyotlar:
- Abdulfattoh Abu G’udda. Sanad dindandir. Darul Manzumah. 1976-y, 44-62-Bet. http://search.mandumah.com/Record/103513
2. Mirzayev N, Atoyev M. Islomiy ilmlarni naql qilish va o’rgatish uchun berilgan ijozatnomalarning ahamiyati. http://naqshbandnur.uz/islomiy-ilmlarni-naql-qilish va o’rgati/?
3. Muhammad Said Ramazon Butiy. Fiqh ilmi tarixi va rivojlanish bosqichlari. T., “HILOL NASHR” 2023-yil, 121-122 Betlar.
4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. 19-juz. T., “Hilol Nashr” 2006-y 8-Bet
УЗ
РУ
EN
العربية