02.12.2022

ASL VA SOXTA SALAF TUSHUNCHASI...

               Ollohga hamdlar Rosuliga salomlar bolsin. Hozirgi kunda insonlarni tug‘ilib-o‘sgan Vataniga xiyonat qilishga chaqirayotgan, musulmonlar o‘rtasida ixtilof va bo‘linish keltirib chiqarayotgan buzg‘unchi oqimlar juda ko‘p. Ana shunday oqim- lardan biri soxta salafiylardir.
      Soxta salafiylar Islom dini ahkom va fatvolarini har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ‘ib qiladi. Bu oqim a’zolari o‘n to‘rt asrdan buyon Islomning yetuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga ko‘r-ko‘rona qarshi chiqadi.
     Aslida, “salafi solih” deganda, Payg‘ambarimiz zamonlarida hamda keyingi ikki asrda yashagan ulug‘ dindoshlarimiz tushuniladi. Shunga ko‘ra, Islom ulamolari sahobiy, tobein va tabaa tobein, ya’ni ilk musulmonlarni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiylar” tushunchalarini ishlatish to‘g‘ri emas.
     Soxta salafiylik shakllanishining tarixiy ildizlari ilk Islom davridagi ijtimoiy-ma’naviy muhit bilan bog‘liq. Xususan, milodiy VIII asr oxiri va IX asr boshlarida “Qur’onning yaratilgani” haqidagi g‘oyani bayroq qilib olgan moʻtazila oqimi vujudga kelgan edi. Bunday adashganlarga qarshi keskin kurash, o‘z navbatida, salafi solihlar an’anasiga qaytish ha­qidagi g‘oyalarning kun tartibiga qo‘yilishiga olib keldi. 
      Soxta salafiylikning kuchayib, keng yoyilishi suriyalik Ibn Taymiya (1263–1328) faoliyati bilan bog‘liq. U umri davomida o‘zining agressiv qarashlari sababli to‘rt marta (1307, 1309, 1322 va 1326-yillarda) ozodlikdan mahrum qilingan va 1328-yili qamoqxonada vafot etgan. Mazkur shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e’tirof etadi.
      Ibn Taymiya go‘yoki, asrlar davomida Islomga turli bid’atlar kirib qolganini iddao qilib, jamiyat va musulmonlarning kundalik turmush tarzi uning talqinidagi Qur’on va sunnatga asoslangan holda qat’iy tartibga solinishi zarurligi haqidagi g‘oyani ilgari surdi.
      Soxta salafiylar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalar hamda aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qilish kabi Islom shariati joiz deb bilgan amallarni bajaradigan musulmonlarni kufr va shirkda ayblashadi.
       O‘zlarini asl Islom tarafdorlari deb biladigan soxta salafiylar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini buzish bilan kifoyalanmay, hatto Payg‘ambarimizning muborak ziyorat­gohlarini vayron qilishga ham urinib ko‘rishgan. Soxta salafiylar keyinchalik ushbu masalada yanada chuqurlashib, “Qabristonga borish kufr. Bu kufr esa butparastlarning kufridan ham xatarliroq”, degan asossiz qarashlarni ilgari surishdi.
      Soxta salafiylarning Payg‘ambarimizga hurmatsizlik qilishi u zotning ota-onalari musulmon holda vafot etmagan deyishlarida ham yaqqol ko‘rinadi. Ularning bunday g‘ayriislomiy yondashuvi go‘yoki “nubuvvat”, ya’ni payg‘ambarlik Nabiy alayhissalomning faqat so‘zi va amalida namoyon bo‘lgan, degan xulosaga olib keladi. U zotning tanalari, ya’ni jismlaridan foyda yo‘q. Chunki bu tana u zotning mushrik ota-onasining bir bo‘lagidir. Payg‘ambar o‘ldi, uning jasadidan foyda yo‘q. Shu bois soxta salafiylar u zotning qabrlari ziyoratidan ma’ni yo‘q, degan soxta, asossiz, bema’ni, mantiqsiz, tuturuqsiz gaplarni tarqatishadi.
      Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salom berish va u zotning qabrlarini ziyorat qilish baxt va saodatdir. Shu bois bu muborak ravzadan yil bo‘yi Yer yuzining turli burchaklaridan kelgan mo‘min-musulmonlarning qadami uzilmaydi.Nabiyyi muhtaram sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan keyin qabrlarini ziyorat qiluvchi ummatlarga bunday deya marhamat qilganlar: “Biror kishi menga salom bersa, albatta, Alloh mening ruhimni qaytarib beradi va men o‘sha odamning salomiga alik olaman” (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyati). Payg‘ambarimiz alayhissalom boshqa hadisda: “Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo‘ladi”, dedilar (Qozi Iyoz rivoyati).

Turgunboyev Anvarjon,
Mir Arabo’rta-maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi