Vatan himoyasi – sharafli yo’l
Vatan Ona kabi aziz, Ota kabi shonli makondir. Vatan tuprog’ining har bir zarrasi bebaho, himoyasi sharafdir. Shunday sharafni yelkasida ko’tarib xizmat qilayotganlarning avvalida harbiylar turadi. Ular tunlari bedor turib, tunni tongga ulab, Vatan tinchligi yo’lida jonini baxshida etgan asl fidoiylardir. Biz o’tqazayotgan xotirjam kunlar, sokin kechalar ortida, minglab Vatan himoyachilarining mashaqqatli xizmati yotibdi. 34 yillik ozod, mustaqil, tinch o’lka o’z-o’zidan bu holda sobit turmaydi. Avvalo Alloh taoloning xalqimizga bergan ne’mati bo’lib, bu ne’matga yetguncha qanchadan qancha Vatan himoyachilari shahid bo’lishgan. Bir kecha bo’lsada farzandi tinch, erkin orom olishi uchun, ajdodlarimiz qo’liga qurol olib dushman tomon jangga chiqishgan va Vatan himoyasi yo’lida ko’ksini qalqon qilishgan. Bugun soqollari oqargan , nuroniy otaxonlarimiz duoga qo’llarini ochib, eng avval tinchlik ne’matiga shukronalar qilishlari bejizga emas. Negaki biz yashayotgan tinch, farovon zamin ota-bobolarimiz niyatiyu tilagida bor bo’lgan. Shunday ne’mat bardavom bo’lishi uchun kurashda sobit turgan Vatan himoyachilarining joni omon bo’lsin!
Aslida Vatan himoyasi juda keng tushuncha hisoblanadi. Masalan, bilamizki, xalqimizning har bir vakili qalbida Vatanga bo’lgan o’zgacha muhabbati bor. Shunday ekan buni isbotlash uchun qurol olib chiqishlari shart emas. O’zlari qilib turgan kasbu hunarlarini chin dildan, Vatan ravnaqi yo’lida bajarsalar, shu ham xizmat bo’ladi. Bugungi dunyoda qurol kurashidan ko’ra, fikrlar kurashi jiddiy tus olib bormoqda. Bir yurtni egallash, tinchligini yo’q qilish uchun, u yerga o’qotar qurollar bilan emas, balki yoshlari ongini zaharlash, ulamolarini hurmatini toptash bilan mafkurasiga zarba berishmoqda. Bunday kurashda, g’oyaga qarshi g’oya bilan javob berish eng maqbul choradir. Xususan, milliyligimizni, dinimizni, tilimizni mustahkam saqlab, bir el bo’lib, Vatan himoyasiga chiqsak, bizni hech qanday dushman mahv etolmaydi. O’zining taqdirini Vatan taqdiri bilan bog’lagan har bir xodim erta tongda sof niyat bilan uyg’onsinu, shu ishning amaliy natijasi bilan ko’z yumsin. Aytaylik, kim shifokor bo’lsa, bermorlariga aldov ishlatmay, bemorlarining salomatligi uchun kurashsin. Kim o’qituvchi bo’lsa, ilmni yaxshi berib, kuchli shogirdlar yetqazib bersin. Kim quruvchi bo’lsa, xalqni pulini olib, xiyonat qilib qochmasin, balki mustahkam, salobatli binolar qurib, xalqiga taqdim qilsinki unda necha necha avlod yashab o’tsa ham, ustaning haqqiga ezgu duolar qilib charchamasin. Mana shunday har bir kasb egasi o’z kasbida sadoqat bilan tursa, Vatan himoyasida harbiylarimiz bilan bir safda bo’ladi. Zero, Vatanga muhabbat bizga Ona suti bilan kirgan muqaddas tuyg’udir.
Mir Arab o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi
302-guruh talabasi Temirov Og’abek
УЗ
РУ
EN
العربية