02.10.2024

Imom Termiziyning asarlari bilan umumiy tanishuv


Maqolaning qisqacha mazmuni: 
• Imom Termiziyning asarlari haqida ma’lumot.
• Imom Termiziy asarlarining ahamiyati.
• Manbalar.
Imom Termiziy, to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Dahhok at-Termiziy, islom olamidagi yirik muhaddislardan biridir. U milodiy       824 hijriy 209-yilda Termizda tug‘ilgan. O’nlab kitoblari haligacha islom olamida eng mo’tabar kitoblardan sanaladi. Quyidagi maqolamizda o’sha kitoblarning bir nechitasi bilan tanishib chiqamiz. 
Imom Termiziyning asarlari
1. "Al-Jome' as-Sahih"  
  Ushbu kitob Imom Termiziyning eng mashhur asari bo‘lib, "Sunan at-Termiziy" nomi bilan ham mashhur. U Muhammad (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadislar to‘plamini o‘z ichiga oladi. Ushbu kitobda hadislar ishonchlilik darajasiga qarab tasniflangan, ya'ni sahih, hasan va zaif hadislar alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Kitob 4000 ga yaqin hadisni o‘z ichiga oladi va islom dunyosida oltita asosiy hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi. Mazkur asar payg’ambarimiz s.a.v. ning ibodat, axloq, ijtimoiy hayot borasida kelgan hadislarini o’rganishda eng muhim manbalardan biri hisoblanadi. Mazkur kitobga o’nlab sharhlar bitilgan.

2. "Ash-Shamoil al-Muhammadiyya"  
  Bu kitobda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning axloqi, odatlari va hayot tarzi haqidagi hadislar keltirilgan. "Ash-Shamoil" kitobi musulmonlar orasida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning shaxsiy hayotlari va odob-axloqlarini o‘rganish uchun juda muhim qo‘llanma sifatida tan olingan. Imom Termiziy bu asarini Rosululloh s.a.v. ga o’xshashga harakat qiladigan har bir mo’min uchun dasturul amal sifatida yozgan. 
3. "Al-'Ilal al-Kabir" va "Al-'Ilal as-Saghir"  
  Bu asarlar ilmiy jihatdan hadislarni tahlil qilishda yordam beruvchi asarlar bo‘lib, u yerda hadislarning ishonchlilik darajasi, ularni rivoyat qilgan kishilar (roviylar)ning ishonchli yoki noishonchli ekanligi haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Bu asarlar hadis ilmida maxsus tadqiqot uslublarini o‘rganish uchun asosiy manbalardan biri hisoblanadi.
4. "Kitob al-Asmo' val-Kuna"  
  Ushbu kitobda Imom Termiziy hadis roviylari va ularning ismlari, laqab va kunyalarini bayon qilgan. Bu asar hadis ilmida roviylarni tanish va ularning ilmiy salohiyatini baholashda juda muhim bo‘lib, hadislarning ishonchliligini aniqlashda asosiy manbalardan biri sifatida xizmat qiladi.
Imom Termiziyning asarlarining ahamiyati

Imom Termiziy asarlari musulmon ulamolari tomonidan yuksak baholangan va ko‘plab faqihlar va muhaddislar uchun asosiy ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan. Uning asarlarida hadislarni to‘plash, tasniflash va ilmiy jihatdan tahlil qilish usullari keyingi asrlar davomida ham islom olamida yuqori baholangan. Ayniqsa, "Sunan at-Termiziy" asari bugungi kunda ham hadis ilmida keng qo‘llanilib, ko‘plab musulmon madrasalari va ilmiy markazlarda o‘rganiladi.

Manbalar: 
• Nuriddin Itr “Al-Imam At-Termiziy”
• Asqaloniy “Tahzibut tahziyb” 9-jild.
• Shamsuddin Zahabiy “Tazkirotul Huffoz” 
• Shayx Komil Muhammad Avayda “Abu Iso At-Termiziy”

ِAkbar Rahmonov,
Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi mudarrisi