25.09.2024

Imom Termiziyning “Shamoil Muhammadiyya” asarining tarkibiy asoslari

Maqolaning qisqacha mazmuni: 
• Imom Termiziy hayoti bilan tanishuv.
• Shamoil Muhammadiyya asarining tarkibiy qismlarini bayon qilish.
• Foydalanilgan adabiyotlar.

Imom Termiziyning to’liq ismi Abu Iysa Muhammad ibn Iysa at-Termiziy bo’lib, hijriy 209- sanada tavallud topgan. O’z davrining yetuk muhaddislaridan biri. 220 dan ziyod shayxlardan hadis rivoyat qilgan. Ular ichida ikki sahih kitob sohiblari Imom Buxoriy hamda imom Muslimlar ham bor. Bundan tashqari, imom Buxoriy va imom Muslimlar bilan yigirmadan ziyod shayxda sherik bo’lgan. Hatto imom Buxoriy u kishidan Hashr surasining tafsiri borasida Ibn Abbos roziyallohu anhudan kelgan hamda Abu Said roziyallohu anhudan kelgan hadislarni rivoyat qilgan. 
Termiziy ko’plab kitoblarning muallifi hisoblanadi. Ulardan: “Tarix”, “Jome Termiziy”, “Ilal”, “Shamail Muhammadiyya”, “Kitabuz Zuhd”larni sanab o’tishimiz mumkin. 
Imom Termiziy haqida ko’plab olimlar fikrlar bildirishgan. Ularni ham keltirib o’tishimiz maqsadga muvofiq bo’ladi: 
Imom Sam’oniy: “Imom Terzmiziy so’zsiz o’z davrining imomi edi.” Ibn Asir aytadi: “Termiziy imom, hofiz  bo’lib, uning ko’plab yaxshi asarlari bor.” Abu Ja’far ibn Zubayr aytadi: “Imom Termiziy hadis ilmida tengiz iz qoldirgan kishilardan biridir.”
Har bir mo’min umri davomida habibimiz Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallamga o’xshashni, u Zot kabi hayot kechirishni xoxlaydi. Muhim emasdek tuyuladigan kunlik yumushlarda ham U Zot bilan bir xil bo’lishni chin qalbdan istaydi. Aynan shu bobda yozilgan kitoblarning eng mashhurlaridan biri imom Termiziyning “Shamail Muhammadiyya” asari hisoblanadi. Bu asarda Rosululloh sallallohu alayhi vasallamning ibodatlaridan tashqari, U Zotning qanday ovqatlanganlari, qanday kiyinganlari, sochlarini qanday taraganlari, sahobiylar bilan qanday munosabatta bo’lganlari, qilichlarining, sovutlarining ko’rinishagacha bayon qilingan. 
Asar ellik besh bobdan iborat bo’lib, muallif har bir bobda zikr qilinadigan hadislar ma’nosiga zimnan ishora qilib ketgan. Ba’zi o’rinlarda sanad zikr qilingandan so’ng qisqacha sharham kiritib ketgan. Asarda 397 ta musnad xabarlar zikr qilingan bo’lib, fe’liy va qovliy  xabarlar alohida ajratilgan holda keltirilgan. 
Quyida asarda kelgan ba’zi boblarni keltirib o’tamiz: 
- Rosululloh s.a.v ning xulqlari borasidagi bob.
- Rosululloh s.a.v ning sochlari borasidagi bob.
- Rosululloh s.a.v ning liboslari borasidagi bob.
- Rosululloh s.a.v ning yurishlari borasidagi bob. 
- Rosululloh s.a.v ning qanday yeganlari borasidagi bob.
- Rosululloh s.a.v ning kulishlari borasidagi bob. 
- Rosululloh s.a.v ning yig’lashlari borasidagi bob. 
- Rosululloh s.a.v ni tushda ko’rish borasidagi bob. 
 

Akbar Rahmonov,
Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi mudarrisi