JAHOLATNI YENGISHNING BIRDAN BIR MANBAI-ILM
Ilmni ziyo, Quro`nni nur qilgan olamlarning robbisi Аlloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar bo`lsin! Barcha Paygʼambarlarning sayyidi, janobi Paygʼambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam va ul zoti muborakning butun oila a`zolari va as`hoblariga salvotu salomlar boʼlsin!
Bugungi globallashuv jarayonida insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tubdan o‘zgarib ketdi. Yangi texnologiyalar, kundan kun o`zgarib borayotgan internet va simsiz aloqa vositalari insonlar uzog`ini yaqin, dunyoning turli chekkasidagi kishilar muloqotini yengil qilishda xizmat qilmoqda. Ammo bu o‘zgarishlar natijasida bir qator dolzarb, ahamiyatli, bashariyatning kelajakdagi ijtimoiy taraqqiyotini belgilab berayotgan muammolar ham vujudga keldi. Dunyoda g‘oyaviy, mafkuraviy kurash ya’ni dunyoni g‘oyaviy jihatdan bo‘lib olishga bo‘lgan urinish kuchayib bormoqda.
Bunday sharoitda sog`lom e`tiqodli, ilmli, o‘z maqsadini aniq belgilab olgan, ehtiyoj va manfaatlarini yaxshi anglab yеtgan kishigina kelajagini saqlab qoladi va istiqbolini belgalaydi. Shunday ekan ta`lim va tarbiyaga e`tibor qaratish biz uchun najot yo`li hisoblanadi. Zero Аlloh taolo ilmni Qiyomat kuniga qadar bandalar uchun maʼrifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Buni teran anglagan ulugʼ ajdodlarimiz ilmda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdilar, asrlar mobaynida nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda insoniyatga ustozlik qildilar. Musulmon ummati bugungi kunga qadar ushbu ilm ummonidan bahra olib kelmoqda. Johillikdan maʼrifat sari intilish bu dinimiz koʼrsatmasidir.
Qurʼoni karimda ham musulmonlar doimo ilm payida boʼlishga chaqiriladi:
وَقُل رَّبِّ زِدْنِي عِلْمًا ﴿١١٤﴾
ya`ni: «……..”Robbim, ilmimni ziyoda qilgin”, degin» (Toha surasi,114-oyat)
Islom dini musulmonlarga taraqqiyot yo‘lida yurishni farz qilgan, kishilarni ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Ilmga qiziqtirish borasida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
« مَنْ سَلَكَ طَرِيقاً يَبْتَغِي فِيهِ عِلْماً سَهَّلَ اللهُ لَهُ طَريقاً إِلَى الجَنَّةِ، وَإنَّ المَلاَئِكَةَ لَتَضَعُ أجْنِحَتَهَا لِطَالِبِ العِلْمِ رِضاً بِمَا يَصْنَعُ ، وَإنَّ العَالِمَ لَيَسْتَغْفِرُ لَهُ مَنْ فِي السَّماوَاتِ وَمَنْ فِي الأرْضِ حَتَّى الحيتَانُ في المَاءِ ، وَفضْلُ العَالِمِ عَلَى العَابِدِ كَفَضْلِ القَمَرِ عَلَى سَائِرِ الكَوَاكِبِ ، وَإنَّ العُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأنْبِيَاءِ ، وَإنَّ الأنْبِيَاءَ لَمْ يَوَرِّثُوا دِينَاراً وَلا دِرْهَماً وَإنَّمَا وَرَّثُوا العِلْمَ ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بحَظٍّ وَافِرٍ » (رواه الإِمَامُ أَبُو دَاوُد والإِمَامُ التِّرْمْذِيُّ عَنْ أَبي الدَّرْدَاء رضي الله عنه)
ya'ni: «Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Farishtalar tolibi ilmni qilayotgan ishidan rozi bo‘lgan hollarida qanotlarini yozadilar. Olimga osmondagilar, yerdagilar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytishadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Anbiyolar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar, xolos. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi» (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Ulugʼ sahobiylar, olimlarning ham ilm fazilati haqidagi koʼplab rivoyatlari, xabar va soʼzlari kelgan.
Hazrati Аli roziyallohu anhu bir sahobiyga: “Ilm moldan yaxshidir, u seni himoya qiladi, molni esa sen qoʼriqlashga majbursan, ilm hokim, mol mahkumdir, sarflash, nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilmni tarqatganingsayin koʼpayib boradi”, - deganlar.
Imom Shofe'iy rohmatullohi alayh: “Agar dunyoda aziz bo‘lishni istasang, ilm o‘rgan. Agar oxiratda sharaf topishni istasang, ilm o‘rgan. Agar har ikkisiga erishishni ko‘zlasang, ilm o‘rgan”, deganlar.
Luqmoni hakim oʼgʼliga bunday nasihat qilgan ekan: “Ey oʼgʼlim, olimlar bilan oʼtir, ular orasiga kir, chunki Аlloh yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi qalblarni ham ilmu hikmat nuri bilan tiriltiradi”.
Darhaqiqat, agar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi bo‘lsak, dunyoning peshqadam xalqlari safiga qo‘shilmoqchi bo‘lsak, ilmga bo‘lgan bugungi munosabatimizni Islom ta'limotlari asosida tamomila o‘zlashtirishimiz lozim.
Barchamiz yosh avlod ta'lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ruhida sa`yu-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o‘zgartirsak, ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:
إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ
ya'ni: “...Albatta, biror qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularni o‘zgartirmas...” (Ra'd surasi, 11-oyat)
Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo‘lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug‘ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko‘plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Bu kashfiyotlarning ko‘pi aniq fanlarga to‘g‘ri kelgan, ya'ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.
Bugungi kun yoshlariga juda ko‘p imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay ba`zi yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanishmayapti. Vaholangki, yoshlik davrida vaqtning qadriga yetish, undan unumli foydalanish, vaqtni ilm olish, kasb-u hunar o`rganishga sarflash lozim.
Har qanday yomonlik va razolat, yot g`oyalarga aldanib qolish ortida ilmsizlik va jaholat yotadi. Shuning uchun ham jamiyatimizdagi har bir shaxs muborak islom taʼlimotlariga tayangan holda, ilm olib axloq odobimizni oliy darajaga koʼtarishga harakat qilaylishimiz, farzandlarimizni dunyoviy va diniy bilimlardan bahramand qilib, kelajakda ahli solih, barkamol inson boʼlib yetishishiga erishmog`imiz kerak. Zero millatning ma'naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzilmasligi, soxta va buzg‘unchi e'tiqodlar va madaniyatlar ta'siriga tushib qolmaslig uchun millatning ta`lim-tarbiyasiga jiddiy e`ribor qaratishlari lozim.
Mir arab o`rta maxsus islom bilim yurti
oqituvchisi A.Mustafoyev ma`lumotlar
asosida tayyorladi