17.10.2023

Men radikalizmga qarshiman. Mo'tadillik o'zi nima?!

 Inson ongli mavjudot. Har bir insonning o'ziga xos dunyoqarashi, tasavvurlari, qat'iy ishongan tushunchalari mavjud. Dunyoga kelib, firlash va tasavvur qilish yoshiga yetibdi hamki yuqorida aytganimiz o'zining qat'iy ishongan tushunchalariga ko'ra hayot kechira boshlaydi. Katta bo'lgan sari oilasi, yaqinlari va do'stlaridan ko'plab narsalarni o'zlashtiradi. Kishining hayotdagi aynan mana shu davr eng muhim davr hisoblanadi. Chunki bu bosqichda hosil bo'lgan aksar tushunchalar, erishilgan ko'nikmalar umrning so'ngigacha o'zgarmas bo'ladi.
Yer yuziga va ijtimoiy hayot faoliyatiga bir qarasangiz, shuncha bunyodkorlik ishlari inson tomonidan amalga oshirilganini ko'rasiz. Bir vaqtning o'zida buzg'unchilik, vayronkorlik va mukarram inson zotiga yetkazilayotgan zararlar ham ayni mana shu inson tomonidandir. Bunga undovchi sabab nima? 
Insonlarning  tushunchalar turli xil bo'ladi, bir-birinikidan farq qiladi. Hatto oila a'zolarining fikridan ham o'zgacha bo'lishi mumkin.  Fikrlar va tushunchalar xilma-xilligi tabiiydir. Lekin shu bilan birgalikda turlicha fikrdagi insonlar bilan tinch-totuv, kelishib yashash lozim bo'ladi. Xo'sh bunga nima xalaqit beradi?
Boshqa tomondan qarasak, kishi o'z Millati  va Vatanining ravnaqi uchun harakat qilishi, intilishi maqtaladigan ish. Lekin mana shunday intilish jaroyonida haddan oshib, chegaradan chiqib ketgudek bo'lsa,  yot g'oyalar  domiga tushib, natijada ekstremistik va shunga o'xshash ishlarni amalga oshiradi.  Xo'sh buning sababi nimada?
Ha, bularning barchasi fikrlar va tushunchalar bilan bog'liq. Endi biz gapirmoqchi bo'lgan radikalizm ham buzg'unchi va vayronkor ishlarning sodir etilishiga asosiy sababidir. Chunki kishining tushunchalari radikal bo'lganidan keyin, amalga oshirayotgan ishlari ham fikriyu-maqsadlariga muvofiq ravishda bo'ladi.
Radikalizm – muayyan shaxs yoki guruhning mavjud ( ijtimoiy, siyosiy va madaniy ) tuzumni murosasiz o‘zgartirish istagining shakllanishidir. Tushunarliroq qilib aytganda mo'tadillikdan yiroqlashish, ma'naviy chegaralardan chiqishdir. Tabiatan hammaga ma'lumki, inson yomon-radikal bo'lib dunyoga kelmaydi. Demak radikallashishning o'ziga yarasha sabablari mavjud. Asosiy sabablarini  keltirib o'tamiz.
– bolalarni yoshlik davrida e'tiborsiz qoldirish, nimalar bilan mashg'ul ekaniga ahamiyat bermaslik
– to'g'ri ta'lim va tarbiyaga yo'naltirmaslik
– bolaning stress, intiqom va boshqa ruhiy zo'riqishlar ostida voyage yetishi
– Internet va turli xil ijtimoiy tarmoqlarga berilb, ularning domiga tushib qolish
– ma'lumotlarni sintez qilmaslik
Ko'rib turganingizdek bu yerda kishining radikal shaxs bo'lib vayaga yetishidagi asosiy faktor oila va jamiyat. Undan tashqari texnalogiya asri odimlab, ijtimoiy tarmoqlar soni ko'payib borayotgan bir paytda oilaning vazifasi har doimgidan ko'ra dolzarbdir. Agar inson oila va jamiyatda to'g'ri tarbiya qilinsa keyinchalik adashmaydi. Ayrim holatlardagina yoshligidan to'g'ri tarbiya qilingan kishi keyinchalik to'g'ri yo'ldan adashib ketadi.  
Radikalizm bu tushuncha bo'lsa,  tushunchaning voqealikda  qanday xavflari bor?!  Qanday bo'lmasin har bir amaliy faoliyatning ortida muayyan bir maqsad turadi. Radikalizm ham mana vayronkor faoliyatga olib boruvchi tushunchadir. Ya'ni hammasining negizi va  boshlanish nuqtasidir. Radikalizmning xavfi uni amalga oshirish va boshqalarni ham bunga jalb qilishdir. Terrorizm va ekstramizm ham radikalizmining amaliy ko'rinishidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 500 ga yaqin terrorchilik tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 80 foizi islom niqobi ostida faoliyat yuritadi. Shu terror tashkilotlarining amalga oshirayotgan haraklatlariga ham ayni radikal fikrlash sabab bo'lgan.
Yechim nimada? 
Radikalizm bu tushuncha va fikr ya‘ni ma'naviy narsa bo'lganidan keyin buning yechimi ham ma'naviy bo‘lishi ham mantiqiydir. Hozirgi zamon ta‘biri bilan aytganda  radikalizmga qarshi "Jaholatga qarshi ma‘rifat" prinsipi bilan kurashish va yechimni ham ma'rifatdan izlash kerak. E'tiqodni kuch ishlatish yo'li bilan o'zgartirib bo'lmaydi. Aksincha, ma'rifat bilan o'zgartiriladi.
Inson ongi hech qachon hamma narsadan xoli, bo'sh bo'lib turmaydi. Doimo muayyan tushuncha va e'tiqodi bilan to'la bo'ladi. Shunga ko'ra inson 3 xil bo'lishi mumkin:
1. Loqayd, beparvo 
2 Mo'tadil (vasatiy)
3 Mutaasib, radikal
Loqaydlik va beparvolik jamiyatda yomon illat sifatida qaraladi. Bunday sifatlarga ega kimsa bilan farovon va taraqqiy topgan davlat, faol jamiyat qurib bo'lmaydi.  
Radikalizm va tassubning nimalarga olib kelishini ko'rib turibsiz. Bu tushunchalar bilan farovon va obod davlat, jamiyat barpo etish u yoqda tursin,  borini ham vayron qilish hech gap emas.
Inson ongi fikr va tushunchadan xoli bo'lmas ekan, yechim sifatida nimani tanlashimiz kerak?! Bu muammolarning yechimi mo'tadillikda. Mo'tadillik doimo targ'ib qilingan va maqtalgan holatdir. Mo'tadillik fikrlash borasida ayni adolat demakdir. Mo'tadillik sifatiga ega shaxs hamma narsani chetga surib loqayd bo'lmaydi, shu bilan birga o'ta ashaddiy shaklda o'z fikriga berilib radikal ham bo'lib ketmaydi. Doktor Ahmad Umar Hoshim ta'rificha: " Vasatiya (mo'tadillik) istilohda shaxsni haddan oshish va kamchilik sodir etish taraflariga ogʻib ketishdan saqlaydigan maqtovli holatdir. Boshqacha qilib aytganda, u ikki taraforasida biri biridan ustun boʻlib ketmaydigan tarzda Muvozanat Va adolatni saqlashdan iboratdir. Bunda chegaradan chiqish yoki nuqsonga yoʻl qoʻyish, ashaddiy qattiq olish yoki oʻta boʻsh qoʻyib yuborish boʻlmaydi. Balki afzaliga, adolatlisiga, yaxshisiga va mukammaliga ergashiladi".  Dotkor Vahba Mustafo Zuhayliy ta'biricha esa: " Vasatiya (mo'tadillik), bizning zamonimizda tarqalgan odatga binoan, eʼtiqod, oʻzini tutish, nizom, muomala Va axloqdagi mo'tadillikni anglatadi. Bu esa, oʻz navbatida, Islom moʼtadil din boʻlib, haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yoʻl qoʻymasligini anglatadi. Islomda dinda haddan oshish ham, eʼtiqodda bir taraflama va gʻayritabiiy boʻlish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda boʻsh qoʻyib yuborish ham yoʻq, deganidir». 
Dunyo hamjamiyatida radikalizm, terrorizm va ekstramizmga qarshi ko'plab loyihalar amalga oshirilayotgan ekan, bu o'rindan Islom dinining ham o'rni beqiyos. Radikalizm va terrorizmni biror din yoki millatga bog‘lab ishlatish juda ham xatodir. Islom niqobi ostida terror harakatlarni amalga oshirayotgan guruhlar tufayli radikalizm va terrorizmni Islom diniga, musulmonlaarga nisbat berish ham noto'g'ri balki zulmdir. Radikalizm va terrorizm din va millat tanlamasligiga XVIII-asrda Fransiyada, XX-asrda Afrikada, yaqin 2019-yil Yangi Zelandiyada amalga oshirilgan terror amaliyotlari guvohlik berib turibdi. Islom dini radikalizm va terrorizmga to'laligicha qarshidir. Buni "islom" so'zining ma‘nolaridan biri "tinchlik, sulh, omonlik" ekani ham isbotlab turibdi. Dinimizning mukammal dasturul-amali bo'lmish Qur'oni Karimda ham buzg'unchilik yomon ekanligi, oqibati esa halokatli bo'lishi ta'kidlangan.
Biror jonni oʻldirmagan yoki Yerda (buzgʻunchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni oʻldirgan kimsa xuddi butun insoniyatni oʻldirgan kabidir” (Moida, 32)
“Kim bir moʻminni oʻldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir"  (Niso, 93)
«Yer yuzida buzgʻunchilik qilib yuradigan kimsalar borki, ularga Allohning laʼnati boʻlur va ularga eng yomon diyor – jahannam bor»  (Raʼd, 25)
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak Islom dinining  «fundamentalizm», «radikalizm», «ekstremizm» «terrorizm» kabi «izm»lar bilan hech qanday aloqasi yo'q. Islom batomom tinchlikkka chaqiradigan dindir. Islom dining asosi bo'lmish Qur'oni  Karim tinchlikka buyurib, zulmdan, vayronkorlikdan qaytarib bu mavzuga alohida e'tibor berar ekan, qanday qilib Islom radikalizm va terrorizm bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Bu mantiqqa ham to'g'ri kelmaydi. Islom hayotning har bir jabhasida muomala, yurish-turish, kiyinish hatto eng kichik masalalarida ham to'g'rilikka va mo'tadillik chaqirar ekan, qanday qilib aqida kabi nozik masalalarda mo'tadillikka buyurmasin?!  Axborot xurujlari avj olgan ayni zamonda radikalizm va terrorizmni din yoki millat nomiga bog'lab ishlatishdan ogoh bo'ling! Islom radikalizm va mutaasiblikka qarshidir. Musulmon sifatidab men ham radikalizmga qarshiman.


Abdubannayev Yahyoxon,
Mir Arab o’rta maxsus islom bilim yurti 
403-guruh talabasi