MEN RADIKALIZMGA QARSHIMAN
Radikalizm lug'atda -Lotincha Radiks so'zidan olingan bo'lib - ildiz, bir narsani tagi-tubi degan ma'noni ifodalaydi.
Fan tilida "Mavjud tizimni mutloq yo'q qilishga qaratilgan fikrlar majmu'asi",- desa bòladi.
Tarix nuqtayi nazaridan esa, Radikalizm tushunchasi XIX-asr boshidagi sanoat inqilobi bilan ham bevosita bog'liq. Sanoat inqilobidan so'ngra, insoniyat shu davrgacha yashab kelgan jamiyat ko'rinishi tag-tugi bilan o'zgara boshladi. Bu davrdan boshlab darajama-daraja isloh bo'lmay, tubdan yangilanish ilgari surildi.
Ko'rinib turibdiki, Radikalizm tarixiy nuqtayi nazardan boqilsa, avvalda o'zida ijobiy ma'noni anglatgan termin bo'lgan. Keyingi davrda esa, unga "Qo'poruvchilik", "Ayovsiz kurash", "Toqatsizlik" ma'nolari singib bordi.
Va har qanday g'oyani yoxud harakatni, agarda jamiyatga toqatsizlik ruhi bilan kuch orqali tatbiq etishga urinilsa, bu- Radikalizm deya ta'riflana boshlandi.
Ba'zi o'rinlarda noxolis yondashish yoki bu borada yetarlicha ilm bo'lmagani tufayli, Radikalizm din bilan yoxud muqaddas Islom bilan yonma-yon ta'riflanadigan bo'ldi. Aslida insoniyat tarixidan bugungi kungacha Radikalizmga tarixdan misollar qidirilsa, dunyo, xossatan Yevropa tarixi ko'ngilni juda xira qiladi. Unda "Inkvizitsiya", "Muqaddas Yer", "Oq tanli kishilar", "Oliy irq", "Natsizm", "Bolshevizm", "Sionizm" va boshqa ko'plab "izm" nomi ostidagi harakatlarni topish va uning ortidan yuzaga kelgan minglab tartibsizlik-buzg'unchliklar-u, jamiyatni parokandalikka olib kelgan qonxo'rliklarni ko'rish mumkin.
Islom esa doimo, har zamon va makon uchun jamiyatga va undagi muammolarga mo'tadil yechimlar berib, uqtirib kelgan. Islom radikalizmga qarshi. Islomda Radikalizmga aslo o'rin yo'q. Uni islomni ochib beruvchi "Maqosid ash-Shariy'a al-Xomsa"— "Shariatning besh Maqsadi" dan bilib olish mumkin. Ular: insonlar dini, joni, aqli nasli, molini asrash-muhofaza etishdir.".
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, O'z dini mohiyatini anglagan, o'zini hurmat qilgan ongli musulmon, aslo radikal bo'la olmaydi, jamiyatda fitnaga sabab bo'luvchi har qanday holdan o'zini tiyadi, balki, Jamiyat-Millat-Vatanga qarshi har qanday radikal hatti-harakatni qoralaydi va unga qarshi turadi. Bir so'z bilan aytganda: "Radikalizm mutlaqo, Islomdan emas.".
Abdusamatov Usmonxon,
Mir Arab o'rta maxsus islom
ta'lim muassasasi 2-bosqich talabasi