07.10.2023

Olamlarga Rahmat Payg’ambar

“Osmonda burjlar qilgan va unda chiroq va nur sochguvchi oy qilgan Zot barakotli(buyuk) bo’ldi”(Furqon, 61) ushbu oyatni tunda Mir Arab madrsasasi yotoqxonasida tilovat qilar ekanman, deraza darchasidan sizib kirayotgan oyning shu’lalari bo’ynimga zavq zanjirini solgancha meni tashqariga olib chiqdi, va – “ Ma sha Alloh! Ajabo! Shu ekanda hamma unga tikiladigan oy! Nahot shu xilqat har tun gumbazlar osha sayr qilsa-yu, men bundan bexabar bo’lsam, qanday qilib bu go’zallikni avval ilg’amadim?” degancha unga 2-3 daqiqa termulib, fikr qila boshladim, Oy esa go’yo tilga kirgandek, menga xitob qila boshladi: 
     “ Ey Allohning bandasi, sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko’rmagansanda, yo’qsa menga buncha tikilmasding” 
       Men: “Haa… Muncha ham omadlisan ey jamolat ramzi, U Zotni ko’rish senga nasib qilgan” dedimda hayolimga  Jobir ibn Samura roziyallohu anhuning ushbu so’zlari yodimga tushdi “Men u zotni oydin kechada ko‘rdim. Egnilarida qizil hulla (libos) bor edi. Men bir oyga, bir Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarardim. Nazarimda u kishi oydan-da go‘zalroq edilar”.         Biroz bosilganimdan so’ng, Nur sochguvchi Oy va umuman Xoliqqa dalolat qilguvchi boshqa oyatlarni o’qish maqsadida, telefonimdagi Qur’on ilovasiga  منيرا – nur sochguvchi so’zini qidiruvga berdim va Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamni vasflovchi ushbu oyat avvalgi Furqon surasidagi oyatdan song chiqib keldi:
“Va O’z izni ila Allohga da’vat qilguvchi hamda nurli chiroq qilib yubordik”(Ahzob, 46)
        Buni qarangki, Furqon surasida oyni ta’riflab kelgan nur sochguvchi   منيراkalimasi yuqoridagi oyatda Nabiy alayhissalomni vasf qilmoqda. Albatta buning hikmati bor. Agar tafakkur qilib ko’radigan bo’lsak Muhammad alayhissalom bilan Oyda bir qancha mushtarak jihatlarni topishimiz mumkin. Masalan, Oyning insonlarga zohir vaqti etib tun – zulumatga cho’mgan davr – taqdir qilingan bo’lsa, Nabiy alayhissalom “Johiliyat” nomi bilan mashhur davrda, insonlar ma’naviy zulmatda bo’lgan vaqtda yuborildilar. Oy o’z nurini Quyoshdan qabul qilib, u orqali qorong’u yo’llarni munavvar qilsa, Rasuli Akram (S.A.V.) Haq Taolodan Risolatni qabul qilib, uni insonlarga yetkazdilar. Oy butun borliqqa xususan insoniyatga rangi,jinsi,irqidan qat’i nazar birdek bo’lgani kabi, Nabiy alayhissalom ham Olamlar Robbisi ta’riflganidek Olamlarga Rahmat bo’ldilar. Shunday Rahmat bo’ldilarki Insoniyat kemasi dunyo dengizida kibr, razillik, shirk girdobiga g’arq bo’layotgan vaqtda, “Risolat Mayog’I” bilan insoniyat kemasini hidoyat qirg’ogiga eltib qo’ydilar. Alloh taolo o’sha davrni ta’riflab shunday marhamat qiladi: “Va Allohning sizga bo’lgan ne’matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo’ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi”. Ammo Nabiy alayhissalom risolatni shunday komillik, va mahorat bilan yetkazdilarki jamiyatning barcha jabhalari (din, oila, qo’shnichilik, siyosast, iqtisodiyot, ruhiy tarbiya, ijtimoiy adolat, kambag’allik …) nafaqat isloh bo’ldi balki o’z ravnaqining cho’qqisiga erishdi. Qanchadan-qancha aroqqa, zinoga va boshqa qabih ishlarga mubtalo bo’lgan kishilar tavba qilib Qur’onga bino bo’lgan Nabaviy tarbiya asosida inson yetishishi mumkin bo’lgan eng yuqori kamolot darajalarini zabt etib, tarix zarvaraqlariga “Islom qahramonlari” nomi bilan kirishdi. Sahobai kiromlar barcha hollarini - hojatxona odoblaridan tortib qo’shnichilik munosabatlarigacha - Rasululloh sollallohu alayhi vassallam ning hollariga(sunnatlariga) muvofiq qilishdi; g’oyatda go’zal hayot kechirib, Nabiy alayhissalomning sunnatlarini keyingi avlodga yetkazishdi. Biz bugungi kun ummatlari uchun ham Nabiy alayhissalomning sunnatlarini o’rganib, axloqlarini o’zimizga andoza bilib hayotimizga tatbiq qilish chin mo’minlik vazifasidir. Agar “Iymon keltirganlarning Allohga muhabbatlari qattiqdir”(Baqara,165) oyatiga muvofiq iymon keltirganlardan bo’lsak, oshiqqa sevgilisiga tegishli har bir narsa mahbub bo’lgani kabi, bizga ham “Ey o’z jonlariga isrof qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo’lmang! Albatta Alloh barcha gunohlarni mag’firat etar. Albatta Uning O’zi o’ta mag’firatli va o’ta rahmli Zotdir” deb xitob qilgan Robbimizga mahbub har bir narsa sevikli bo’lishi lozim bo’ladi. 
Ey Allohning Visoliga oshiqta ininm, biz shunday marhamatli Zotga muhabbat qo’yganmizki U Zotning o’zi bizga Muhabbatiga yetishish yo’lini  xabar qilib shunday degan “ Sen: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladir va sizlarning gunohlaringizni mag’firat qiladir” deb ayt. Alloh G’afur va Rohiymdir”(Oli Imron, 31).  Modomiki shunday ekan, Siyratni o’rganib, har nafasimizni Rasululloh sollallohu alayhi vassallamdek  olishga harakat qilishilimiz kerak, shunda hayotimiz gumbaziga sunnat qandilini ilgan bo’lib, faqat uning nuri ila yashaymiz. 
Quyida esa Nabiy alayhissalom rahbar, yo’lboshchi  maqomida qanday bo’lganliklarini biroz o’rganamiz va tahlil qilamiz. Allohga hamdlar bo’lsinki, bugungi kunda jamiyatimizning aksar qismida jadal islohotlar olib borilmoqda, innovatsion loyihlar, biznes strat-uplar qo’llab quvvatlanmoqda, yangi ish o’rinlari yaratilmoqda. Bu esa xalqning tashabbuskor, yetakchi qismining ko’payishiga, bekorchilikning oldini olishga,  insonlarning hayot darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Lekin shuni aytish lozimki, kishilarning samarali boshqaruv(effective management)ga bo’lgan ehtiyojlari ham kundan-kunga oshib bormoqda, bu boradagi treninglar ham ko’payib bormoqda. Biz ham buni anglagan holda ushbu maqolada, jamiyatning ayni shu sohasiga Uhud jangi manzarasida, Rasululloh misollarida to’xtalishga qaror qildik. 
        1. Biror qaror qabul qilishdan avval, boshqalarning bu haqdagi fikrini o’rganish. 
Badr urushidagi mag’lubiyatdan so’ng, rahbarlardan ajragan Qurayshga Abu Sufyon va Harb boshliq bo’ldi. Hijratning uchinchi yili, Shavvol oyida Abu Sufyon jami uch mingtacha qo’shin bilan Madinaga yurib kelib, Uhud tog’iga joylashdi. Muhammad alayhissolatu vassalam ushbu holat yuzasidan sahobalar bilan majlis qildilar. U Zotning o’zlarining fikrlaricha, Madinadan chiqmasdan, to’siqlar hosil qilib turish, tor ko’chalarda jang qilish, ayollar esa uylarning ustidan tosh otib yordam berishlari kerak edi. Lekin Badr urushida qatnasha olmay qolgan ko’pchilik yosh sahobalar ochiq maydonga chiqishni so’rab, mahkam turib olishdi. Ko’pchilikka bu fikr ma’qul kelib, shunga kelishishdi.  
Xulosa: Yetakchi qanchalik bilimdon, zakovatli, dunyo qarashi keng bo’lmasin, biror qaror qabul qilishdan avval  atrofidagilarning bu haqdagi fikrini o’rganishi lozim. Agar ko’pchilikka ma’qul kelmasa, garchi uning to’g’riligi ravshan bo’lsa ham jamoaning fikriga qo’shilish kerak. Shunda kishilarda erkin fikr bildirish xususiyati namoyon bo’lib, ijodkorlik va maqsadga daxldorlik hissi oshadi. 
2. Hukmdan so’ng unda sobit bo’lishlik. Aziymat.
Majlisdan so’ng, Rasululloh sollallohu alayhi vassallam Oisha onamizning xujralariga kirib, sovutlarini kiyib chiqdilar. Bu payt haligi odamlar ham shashtlaridan tushib qolgan edilar. Ular “ Biz Allohning Rasulini Madinadan chiqishga majbur qilib qo’yibmiz-ku” deyishdi-da: “Ey Allohning Rasuli agar Madinada qolmoqchi bo’lsangiz, qolavering” deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vassallam: “Nabiy sovutini kiygandan keyin u bilan dushman orasida Allohning hukmi chiqmaguncha yechmaydi”, dedilar.
Xulosa: Maslahat qilib qaror qabul qilingandan so’ng, ortga qaytish yo’q. Allohga tavakkal qilib, bor kuch, g’ayrat bilan olg’a yurmoq lozim.
3. Kechirimli bo’lish, hammaqsadlarning muhabbatini qozonish.
Jang vaqtida musulmonlar g’alaba qilayotganini ko’rgan Uhud tog’iga joylashtirligan kamonchilar, garchi Payg’ambar alayhissalom qaytargan bo’lsalarda, tog’dan tushishdi. Natijada, Xolid ibn Valid orqa tomondan musulmonlarga hujum qilib, kata talofat yetkazdi. Bu urushda Rasululloh sollallohu alayhi vassalam qattiq yarador bo’ldilar, amakilari “Shahidlar Sayyidi” Hamza roziyallohu anhu vafot etdilar. Shunday talofatlarga sababchi bo’lgan kamonchilarning hollarini bir tasavvur qilib ko’ring. Shunday og’ir damda Rasululloh alyhissalotu vassallam komil yo’lboshchi sifatida Allohning ushbu amriga bo’ysundilar: 
“Allohning rahmati ila ularga muloyim bo’lding. Agar qo’pol, qalbi qattiq bo’lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig’for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilgandan so’ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir” (Oli Imron, 159)
Xulosa: Haq taolo Qur’oni Karimda Rasulullohning atroflarida insonlarning to’planganligiga sabab qilib, U Zotning muloyim, mehribon bo’lganliklarini aytdi. Darhaqiqat, agar biz atrofimizdagilarni qilgan har bir xatolari uchun jazolayversak, har bir kamchiliklarini aytaversak, atrofimizdagi sodiq, mutaxassis insonlarni boy berib qo’yamiz. Agar atrofingizda yig’ilganlardan biror kishi xato qiladigan bo’lsa, Rasulullohning sunnatlariga binoan afv qiling, u insonning sizga bo’lgan muhabbati ortadi, keying safar o’sha xatoni takrorlashni u insonning iffati ko’tarmaydi. Faqat kechiribgina qolmay, aynan o’sha xato qilgan jamoadoshlar bilan birga maslahat qiling, ularni fikrini o’rganing. Oilada ham agar shu nabaviy tartibni qo’llaydigan bo’lsak, qanchadan-qancha ajrimlarni oldini olishimiz, asosiysi esa, o’z oilamizda muhabbat ruhini hosil qilishimiz mumkin.
- “Allohu Akbar, Allohu Akbar”… , subh kiribdi. Azizlar, sizlar bilan Allohning Habibi haqida oz bo’lsada, g’oibona gaplashib, qalbim sururga to’ldi. Umid qilamanki, Rasulullohga bo’lgan muhabbatimiz yanada ziyoda bo’ldi, qalblarimiz  Allohning Bandasi Muhammad alayhissalomning zikrlaridan ilohiy nurga to’ldi. Keling, shu damdan boshlab Allohning Rasuli alayhissalomga salovotlarni ko’paytiraylik, sunnatlarini o’rganaylik, oilamiz bilan bu sharif kunlarda siyrat kitobini mutolaa qilib, amallarimizni sunnat bilan ziynatlaylik. Azon aytildi, takbir yaqin, do’stlar!
Allohumma solli ‘alaa Sayyidina va Nabiyyina Muhammmad.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Tafsiri Hilol.
2. Hadis va Hayot, 19 – juz.
3. Shamoili Muhammadiya, Abu Iso Muhammad at-Termiziy.
 


Sodiqjanov Abdulbosit,
Mir Arab o’rta maxsus 
islom ta’lim muassasasi talabasi