03.10.2023

Faxriddin Qozixon Buxoriyning Fiqh ilmida tutgan darajalari, ustoz-shogirdlari hamda u kishidan qolgan ilmiy meros

Faxriddin Qozixonning ulamolar orasida o’zlariga yarasha o’rinlari bordir. U kishi kuchli faqih, mujtahid bo’lganlar. U kishining darajasini bilish uchun ko’plab ulamolarimiz tomonidan tuzib, ittifoq qilingan mujtahid va faqihlar tabaqasi bilan tanishib chiqishimiz kerak. 
Hanafiy mazhabidagi faqihlar boshqa mazhab ulamolari kabi bitta darajada emas. Ularning orasida mutlaq mujtahid, muqallidlar va boshqa tabaqalar bor. Hanafiy mazhabidagi faqihlarning tabaqalarini o’rgangan kishi bu borada bir necha xil tasniflash usuli borligini anglaydi. Hanafiy ulamolari buni ochiq gapirgan yoki kitoblarida unga ishora qilib o’tgan.
Bu taqsimotlarning ba’zisida faqihlarning yashagan davri e’tiborga olingan. Ulamolarning tabaqasini aniqlashda nozik ilmiy me’yorlar va mezonlarga asoslanmagan tasniflash mavzuni to’liq yoritib bera olmaydi. Shunday tasniflashga misol qilib Hannoiy  tabaqotini keltirish mumkin. U “Tabaqotul hanafiya” kitobida ulamolarni yigirma bir tabaqaga bo’lgan. Ushbu yigirma bitta tabaqani bir-biridan ajratadigan sifat yoki ma’lum belgilarni bayon qilmagan. Kafaviy  ham “Katoibu a’lomil axyor” kitobida tarjimai holi keltirilgan hanafiy olimlarini yigirma ikki tabaqaga tasniflagan va har birini “Kutayba (kitobcha)” deb nomlagan. Bu kabi tasniflar mavzuni to’liq bayon qilmaydi. Chunki ular ilmiy me’yor va mezonlarga asoslanmagan. Ularda xuddi muhaddislardagi kabi zamon ketma-ketligiga rioya qilingan, xolos. Bu asarlar mualliflarining maqsadi ulamolarning hayotini bayon qilish bo’lgan.
Ba’zi olimlar esa, ulamolarni faqihlar nazdidagi ilmiy qudrati, ijtihodi va taxrij salohiyatiga ko’ra tabaqalagan. Bu yerda ayni mana shu uslub nazarda tutilgan. Chunki ulamolarni tasniflashdan maqsad qozilar, muftiylar va Islom fiqhida tadqiqot olib boradiganlar va boshqalar uchun hanafiy mazhabidagi faqihlarning qarama-qarshi so’zlari va turli rivoyatlar o’rtasini ajratish haqida ma’lumot berishdir.
Hanafiy mazhabi bo’yicha fatvo beruvchi kishi kimning gapiga ko’ra fatvo berayotganini yaxshi bilishi, so’zi olinayotgan faqihning nasl-nasabi, ilm-ma’rifati, fiqhiy salohiyati hamda hanafiy mazhabidagi o’rni kabi ma’lumotlarni yaxshi bilmog’i darkor. Shundagina fatvo beruvchi sahihni zaifdan, ustun hukmni kuchsizidan (rojihni marjuhdan) ajrata oladi. Demak, hanafiy mazhabidagi mujtahid yoki faqihlarni bunday tabaqalarga bo’lib o’rganiladi . Ba’zi ulamolar bu tabaqalarni beshtaga bo’lishgan. Ba’zilari esa yettitaga bo’lib chiqishgan. Besh tabaqaga bo’lgan ulamolar, yettita tabaqada kelgan birinchi hamda yettinchi tabaqani hisobga olishmagan. Biz bu yerda ana shu yettitasini keltirdik:
Birinchi tabaqa. طبقة المجتهدين المطلق (tabaqotul mujtahidinal mutlaq) – mutlaq ijtihod sohiblari tabaqasi. Ular Qur’on, sunnat va boshqa shar’iy dalillardan bevosita hukm chiqaradilar, ijtihodlarida boshqa birovning fikriga ergashmaydilar. Bular to’rtta mazhab sohiblari – Imom A’zam Abu Hanifa (80-150 h.y.), Imom Shofe’iy (150-204 h.y.), Molik ibn Anas (93-179 h.y.) va Ahmad ibn Hanbal (164-241 h.y.) kabilar bo’lib, har qaysilari o’z mazhabidagi asosiy qoidalar muassislari, hukmlarni Qur’on, sunnat, sahobalar so’zlari hamda ijmo’ yordamida boshqa birovga taqlid qilmasdan, ergashmasdan o’zlari istinbot qila oladigan faqihlardir.
Ikkinchi tabaqa. طبقة المجتهدين في المذهب  (tabaqotul mujtahidina fil mazhab) – mazhab ichidagi mujtahidlar tabaqasi. Ular Abu Hanifa (rahimahulloh) ishlab chiqqan qoidalar asosida dalillardan hukmlar chiqara olishga qodir faqihlar. Ular ba’zi far’iy hukmlarda Abu Hanifa (rahimahulloh)ga muxolif bo’lsalar ham, aslida asosiy qoidalarda u zotga ergashadilar. Abu Yusuf, Muhammad Shayboniy, Zufar, Hasan ibn Ziyod, Abdulloh ibn Muborak kabi Abu Hanifa (rahimahulloh)ning bevosita shogirdlari va Abdurahmon ibn Abu Laylo bu tabaqaga mansubdirlar.
Uchinchi tabaqa.طبقة أكابر المتأخرين  (tabaqotu akobiril mutaaxxirin) – mazhab sohibi va uning shogirdlaridan rivoyat qilinmagan masalalar borasida mujtahidlar tabaqasi. Ular Abu Hanifa (rahimahulloh) va u zotning as’hoblaridan dalil kelmagan masalalarda hanafiy mazhabining usuliy qoidalariga asoslanib hukmlar istinbot qiladilar, lekin ular biron bir masalada – usulda ham, furu’da ham mazhab sohibi va uning shogirdlariga qarshi bora olmaydilar.
Ushbu tabaqaga mansub faqihlar hanafiy mazhabining rivojlanishiga beqiyos hissa qo’shdilar: rivojlanish asosini ishlab chiqdilar, taxrij va tarjih qoidalarini belgilab berdilar, fiqhiy qarashlarni bir-biriga qanday qiyoslash kerakligini ko’rsatib berdilar, sahih va zaif fikrlarni ajratish yo’llarini belgilab qo’ydilar. Ushbu toifaga mansub faqihlardan ba’zilari quyidagilar:
1) Abu Bakr Xassof Ahmad ibn Amr Shayboniy (797-875);
2) Abu Ja’far Ahmad ibn Muhammad ibn Saloma Tahoviy (853-933);
3) Abul Hasan Ubaydulloh ibn Husayn Karxiy (873-952);
4) Faxrul Islom Ali ibn Muhammad Pazdaviy (1009-1089);
5) Shamsul aimma Halovoniy (vaf. 456/1063);
6) Shamsul aimma Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Saraxsiy (1009-1090);
7) Faxriddin Qozixon (vaf. 592/1196).
To’rtinchi tabaqa. طبقة أصحاب التخريج (tabaqotu as’hobit taxrij) - taqlid qiluvchilardan tashkil topgan taxrij sohiblari tabaqasi. Ular ijtihodga qodir emaslar, lekin ilmlarining chuqurligi, dunyoqarashlarining kengligi sababli mazhab sohibi va uning shogirdlaridan naql qilingan ko’p ehtimolli hukmlarni, bir necha tarmoqli mujmal raylarni ajratishga qodir bo’ladilar. Bular mazhab sohibi va uning shogirdlari ishlab chiqqan usuliy qoidalar va furu’iy fikrlarga qarab bir to’xtamga keladilar va o’zlarining qat’iy fikrlarini ayta oladilar.
“Al-hidoya” asaridagi “Taxriju Karxiy”, “Taxriju Roziy”, “Taxrijul Jurjoniy” kabi istilohlar shu ma’noga qaratilgan.
Beshinchi tabaqa. طبقة أصحاب الترجيح (tabaqotu as’habit tarjih) - taqlid qiluvchilardan iborat tarjih sohiblari tabaqasi. Ular ba’zi rivoyatlarni boshqalaridan afzal ekanligini “Bu avlo!”, “Bu eng sahih rivoyat!”, “Bunisi ravshanroq!”, “Bu qiyosga muvofiqroq!”, “Bu odamlar uchun foydaliroq!” deb ayta oladigan faqihlar bo’lib, Abul Husayn Quduriy (972-1037), Burhoniddin Marg’inoniy (1123-1197) kabilardir.
Ba’zi tadqiqotchilar mazkur tabaqaga mansub sanalgan Quduriy va Marg’inoniyni oldingi – uchinchi yoki to’rtinchi tabaqaga loyiq deydilar. Zotan, ular ilmiy saviya va fiqhiy mahoratda Qozixondan aslo kam emas.
Oltinchi tabaqa. طبقة المقلدين القادرين علي التمييز بين القوي و الضعيف (tabaqotul muqallidinal qodirina alat tamizi baynal qaviyyi vaz zaif) - rivoyatlardan zohiri, nodiri, zaif yoki sahihi, kuchli yoxud kuchsizini ajratishga qodir muqallidlar tabaqasi. Fiqhiy matn sohiblari shular jumlasidan bo’lib, ular o’z kitoblarida rad qilingan gaplarni, zaif rivoyatlarni naql qilmaydilar. Ular mutaaxxirin ulamolardan mo’tabar matn kitob sohiblaridir. Masalan, “Kanz”ning sohibi, “Muxtor”ning sohibi, “Viqoya” ning sohibi, “Majma’”ning sohibi kabilar.
Yettinchi tabaqa. طبقة المقلدين الذين لا يقدرون ما ذكره (tabaqotul muqallidin allazina la yaqdiruna ma zukirohu) - yuqoridagilarning birontasiga qodir bo’lmagan muqallidlar tabaqasi. Ular oriq bilan semizni ajrata olmaydilar, balki kechasi bilan o’tin tergandek topganini yig’averadilar. “Ushbu tabaqa faqihlariga ergashganlarning holiga voy!” deyilgan.
Yuqorida ko’rganimizdek, imom Faxriddin Qozixon (rohmatullohi alayh)ning darajalari uchinchi, ya’ni mutlaq mujtahid hamda mazhab ichidagi mujtahidlardan keyingi o’rinda turarkan.

Shaboz Saidov,
Mir Arab o’rta maxsus 
islom ta’lim muassasasi mudarrisi