18.04.2023

Mazhabsizlik-musulmonlar birligiga tahdid.

    Mazhabsizlik – xar-bir odam xoxlaganiga, o‘ziga xukm olishni taqozo qiladi. Bu esa tarixda ham, bugungi kunda ham oqibati ayanchli holatlarga, begunoh odamlarning qoni to‘kilishiga sabab bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Buning asosida ummatni kufrda ayblab, musulmonlarning qonini to‘kishni halol deb bilib terror uyushtirish, obod joylarni vayron qilish, fitna qo‘zg‘ash, rasmiy diniy ulamolarga ta’na toshlarini otish kabi noxush xatarlarga olib bormoqda. Bugungi kunda turli guruhlar tarafidan mazhablarni inkor qilish holatlari uchrab turibdi. Ular mazhabsizlik g‘oyasini ilgari surib, asosiy maqsadlari asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan fiqhiy mazhablarni inkor qilish hisoblanadi.
Mazhabsizlik g‘oyasi deyarli 12 asrdan ortiq vaqt mobaynida yashagan minglab ulamolarning butun umrlarini sarflab olgan ilmlari va qoldirgan meroslarini, yozgan asarlarini bekorga chiqaradi. Shu bilan birga asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan an’analar noto‘g‘ri, ularga amal qilgan musulmonlar esa adashgan ekan degan xulosaga olib keladi. Bundan tashqari musulmonlar birligini xavf ostiga oladi. Zero Payg’ambarimiz Muhammad (SAV) hadislarida: «Alloh ummatimni zalolatda jamlamaydi», «Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir» (hadislarni Hokim Naysapuriy rivoyat qilgan), deyilgan. Mazhablar ham musulmonlarning birligi.
Olimlar butun umrini shariat ilmiga bag‘ishlab, undagi o‘ta nozik masalalarni o‘rganish uchun o‘nlab yil umrlarini o‘tkazganlar, Qur’on va hadislarda uchraydigan va barcha insonlar tushunishi qiyin bo‘lgan joylarni fahmlash va tushunishga oson shaklga keltirib so‘ngi xulosalarni berganlar.
Mazhabsizlik g‘oyasini soxta salafiylar ilgari surmoqda. Ularning fikricha, fiqhiy mazhablar tomnidan ishlab chiqilgan qoidalarni to‘g‘ri tushunish usuli sifatida tan olinmaydi, balki shariat ahkomlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga tadbiq etish lozim deb hisolanadi. Boshqacha qilib aytganda, mazhabsizlarning da’vosi bo‘yicha har bir kishi, o‘zi Qur’ondan yoki hadisdan hukm olishi mumkin. Chunki mujtahidlarning xulosasi boshqalar uchun asos bo‘la olmaydi, har bir odam o‘zi fatvo berishi mumkin. Ularning g‘oyasiga amal qilinadigan bo‘lsa, barcha Qur’on va hadisdan hukm olishga o‘tsa, jamiyatdagi boshqa sohalar izdan chiqib ketadi. Chunonchi tibbiyot, arxitektura va hokazo soha egalari ham o‘zlari mustaqil tarzda Qur’on yoki hadislarni o‘rganib o‘z masalalarini xal etishlari lozim bo‘lib qolar edi. mazhabsizlik daʼvosini yoyishning oʻzi ixtilof manbai boʻlib, Islom dini, xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tugʻdiradigan omil ekanligiga shubha yoʻq. Ular oʻzlarini mazhabsiz deb daʼvo qiladilaru, aslida oʻzlari ham namoz va boshqa ibodatlarda oʻsha toʻrtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi. Mazhabga ergashish aslida zalolatdan uzoq boʻlmoq demakdir. Mazhabsizlik tarafdorlari oʻz daʼvolarini asoslashda ixtilof va taqlid iboralariga alohida urgʻu beradilar.
Maʼlumki, Islomda ixtilof aqidaviy va fiqhiy yoʻnalishlarga xos. Aqidaviy ixtilof Alloh taologa eʼtiqod qilishda turli tumanlilik shaklda yuzaga kelib, musulmonlar ichki birligining zaiflashuvi, turli toifalarga boʻlinib ketishdek salbiy oqibatlarga sabab boʻlgan. Buning oqibatida xorijiy, moʻtaziliy, qadariy, jabariy va murjiiy kabi koʻplab toifalar vujudga kelishiga zamin yaratilgan.
Fiqhiy ixtiloflar esa mutlaqo boshqa mazmunga ega boʻlib, mazhablarning ibodat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy munosabatlarga turlicha yondashuvning natijasi oʻlaroq vujudga kelgan. Bunday holat aslo nuqson yoki ixtilof manbai sifatida talqin etilishi mumkin emas. Aksincha, islom shariatining zamon va makonga moslashuvchanligi va musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, biror-bir manzilga yetish uchun turli tomonlardan borish imkoni boʻlsa, kishi nisbatan eng yaqin va qulay yoʻlni tanlaydi. Musulmon shaxsi tomonidan biror bir mazhabni tutishi ham aynan shunday holatga qiyoslash mumkin. Zero, ularda u yoki bu masala muayyan xalq, millatning urf-odatlari, qadriyatlari, mentaliteti hamda ijtimoiy munosabatlarning xarakteridan kelib chiqib eng qulay va maʼqul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolarining ittifoqiga koʻra, dinning asliga taalluqli boʻlgan aqidaviy masalalarda taqlid qilish mumkin emas. Uning aksi oʻlaroq, fiqhiy masalalarda esa, biror-bir mazhabga ergashish, yaʼni taqlid qilish lozim boʻladi.
Shayx Ramazon Butiy aytadilar: “Mazhabsizlik dindan chiqib ketishga olib boruvchi koʻprikdir”. Bunday harakatlar esa hadislarda va ulamolarning asarlarida qatʼiy qoralangan. Qayd etilgan mulohazalar “Qurʼon va hadisgagina amal qilamiz”, – deya oʻzlarini mujtahid bilib, fiqhiy mazhablarni inkor qilayotganlar aslida, bu harakatlari bilan diniy birlik va aqidaviy yakdillikka raxna solayotganligini isbotlaydi. Qolaversa, bunday iddaolar asrlar davomida mavjud boʻlib kelayotgan mazhablar asoschilari va ularning taʼlimotlariga nisbatan boʻhton boʻlib, musulmon shaxsini adashtirishga qaratilganligini xulosa qilish oʻrinli boʻladi.
Xulosa qilib aytganda islom dinidagi mazhablarning turli tumanligi noqis holda boʻlmasdan balki bir hikmatdir. Bu ummatlarga yengillik va osonlikdir. Ammo bu hikmatni tushunmasdan ixtilof chiqarish esa katta musibatdir. Bu anglashilmovchilikdan koʻproq musulmonlarning oʻzi zarar kurayotganlari xam maʼlum. Shuning uchun ixtiloflarga bormasdan ilm-maʼrifatga yondoshish esa asosiy vazifa boʻlib qolmoqda. Shuni xam aytib utish kerakki ixtilof chiqarayotganlarning koʻpchiligini yoshlar tashkil qiladi. Bunga sabab ularning yoshligi va shu soha boʻyicha bilimlarining yetishmasligi, qolaversa, kimlarningdir soʻzlariga aldanib qolishlaridir. Insonning ongiga birinchi qabul qilishiga maʼlumot notoʻgʻri boʻlsa-da, toʻgʻri xabar sifatida qabul qilishar ekan. Shundan keyin unga toʻgʻri maʼlumot berilsa xam notoʻgʻri deb qabul qiladi. Shuning uchun birinchi olinayotgan maʼlumot haqiqiy toʻgʻri ekanini aniqlash va keyingina uni xotirada saqlash lozim boʻladi. Mazhabsizlarning aytayotgan da’volaridan yana biri faqat sahih hadisga amal qilish lozim, chunki mujtahidlar har xil fatvo chiqarganlar, shuning uchun bu bo‘linish hisoblanadi deydilar. Aslida mazhablardagi bir masalaga turlicha qarash mujtahidning o‘sha masalani qanday tushunishiga bog‘liq. Arab tili boy til bo‘lgani sababli, bir olim Qur’ondagi so‘zning bir ma’nosini qabul qilgan bo‘lsa, ikkinchi mujtahid boshqa ma’nosini olgan. Hukm ham shunga yarasha bo‘lgan. Hadislardan hukm olish ham shunga yarasha bo‘lgan. Bir mujtahid bir hadisni olgan va unga qarshi bo‘lgan hadisni esa, hukmi o‘chgan deb bilan, boshqa mujtahid esa, o‘sha hadisni hukmi o‘chmagan deb qabul qilgan. Bulardan tashqari payg‘ambar tomonidan sahobalarga ham o‘z o‘rniga qarab turlicha masalahatlar berilgan. Sahobalar esa, turli joylarga tarqalib, borgan joylarida o‘zlari bilgan ilm bilan boshqalarni tanishtirganlar. Shu va boshqa sabablar bilan mazhablar orasida bir masalaga turlicha fatvolar berish kelib chiqqan. Shunday bo‘lsada mazhablar bir birlarining hukmlarini xato deb hisoblamaydilar va o‘sha boshqa hukmni hurmat qiladilar. Bugungi davrda yoshlarni har qanaqa kishilarning ta’siridan asrab-avaylash, mazhabsizlil g’oyalaridan asrash bizning vazifamizdir.

Abubakr Mustafoyev
Mir Arab o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.