24 январ – Халқаро таълим куни International Day of Education
Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimizga ilk vahiy olib kelganlaridanoq Islom ilm dini ekani ma’lum bo‘ldi. Chunki u olib kelgan ilk kalom Alaq surasining besh oyati edi: “(Ey, Muhammad, butun borliqni) yaratgan Zot bo‘lmish Robbingiz nomi bilan o‘qing! U insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Robbingiz esa karamli Zotdir. U insonga qalam bilan(yozishni) o‘rgatgan Zotdir. U insonga bilmagan narsalarini o‘rgatdi”. Ilk da’vatdayoq ushbu oyatlarning nozil qilinishi hayron qoladigan mo‘’jiza hisoblanadi. Birinchidan, Alloh taolo minglab mavzular ichidan “o‘qish” mavzusini tanladi, vaholanki, Payg‘ambarimiz o‘qish, yozishni bilmaydigan “ummiy” edilar. Demak, dinu diyonatni, dunyo va oxiratni anglash uchun o‘qish kerak! Ikkinchidan, arablar “o‘qish” mavzusiga e’tibor bermasdi, ular umri davomida xurofotlarga ishonar, har sohada ilmga muhtoj bo‘lib, faqat she’r va adabiyotda mohir edilar. Qur’on arablarni ojiz qoldirib, ularni ilm olishga chaqirib nozil bo‘ldi va Islom ilm dini ekanini e’lon qildi. Uchinchidan, ilm olish vositalarining eng mashaqqatlisi bo‘lgan o‘qishga amr bo‘ldi. Chunki o‘qish -mulohaza qilish va o‘ylab ko‘rish – riyozatni talab etadi. Bu ilohiy amr zamirida, “Kim bu din bilan Allohga bog‘lanmoqchi bo‘lsa, ilm olish mashaqqatiga chidasin”, degan yana bir hikmat bordek go’yo. Islomning nozil etilishi ilmga odatlanmagan, balkim ma’rifiy muhitga ko‘nikmagan jamiyatda haqiqiy inqilob bo‘lgan.
Birlashgan Millatlat Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2018 yil 3 dekabrdagi (A/RES/73/25) rezolyutsiyasi bilan 24 yanvar Xalqaro ta’lim kuni deb e’lon qilingan. Ushbu rezolyutsiya loyihasi ta’lim masalalariga bag’ishlab o’tkazilgan Bryussel shahrida bo’lib o’tgan konferensiyada Nigeria davlati tomonidan taklif etilgan va 58 ta a’zo mamlakat tomonidan qo’llab-quvvatlangan edi.
Ma’lumki, ta’lim olish huquqi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 26-moddasida mustahkamlab qo’yilgan. Ushbu moddada barcha davlatlar bepul boshlang’ich ta’limni ta’minlashga da’vat etiladi. 1989 yilda qabul qilingan “Bola huquqlari to’g’risida”gi konventsiyada davlatlarning hamma uchun oliy ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash majburiyati to’g’risidagi qoida mavjud.
Jahon hamjamiyati 2015 yilning sentyabr oyidan 2030 yilgacha bo’lgan davrga mo’ljallangan Kun tartibini qabul qilib, ta’lim Barqaror rivojlanish sohasidagi barcha 17 maqsadga erishishning hal qiluvchi omili ekanligini e’tirof etdi. “Barqaror rivojlanish sohasida”gi 4-moddada esa sifatli va adolatli ta’lim bilan hammani qamrab olishni ta’minlash hamda barcha uchun butun umr davomida ta’lim olish imkoniyatini rag’batlantirish ko’zda tutilgan.
Ta’lim qashshoqlikdan qutilish va kelgusida farovonlikka erishish imkoniyatini taqdim etadi. Biroq hozirgi paytda jahonda 262 million bola va o’smir maktabga bormaydi. 617 million bola va o’smir esa o’qishni va matematikaning eng oddiy qoidalarini bilmaydi. Shuningdek, Afrika mamlakatlaridagi qiz bolalarning faqat 40 foizidan kamrog’i boshlang’ich ta’lim oladi holos. Qochoq hisoblangan 4 million bola va o’smir ham maktabga bormaydi. Bunday holat ularning ta’lim olish huquqini buzadi. Bu yo’l qo’yib bo’lmaydigan va darhol hal qilinishi kerak bo’lgan holatdir .
Ta’lim- bilim berish, malaka va ko’nikmalar hosil qilish jarayoni, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasidir. Ushbu xalqaro kunni nishonlash bo’yicha tadbirlar tashkil etish BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha tashkiloti- YUNESKO zimmasiga yuklatilgan va har yili aynan shu sanaga bag’ishlanib dunyoning turli burchaklarida tadbirlar tashkil qilinib boriladi.
Manbalar asosida “Tillar ” kafedrasi katta
o’qituvchisi Dilshod Nasirov
tarjima qildi va tayyorladi
манба: oliymahad.uz сайти