26.08.2021

Istiqlol – bebaho neʼmat

Yaratganning marhamati bilan jonajon vatanimizning mustaqil boʼlganiga ham mana roppa-rosa 30 yil boʼldi. Oʼtgan yillar mobaynida yurtimizda har taraflama misli koʼrilmagan islohotlar amalga oshirildi. Diniy erkinliklar taʼminlandi, maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishlar roʼy berdi, moddiy-iqtisodiy rivojlanishlar yurtdoshlarimizning qalbiga cheksiz quvonch va surur olib kirdi.
Bu yil vatandoshlarimiz Istiqlol bayramini har yilgidan tamomila oʼzgacha sharoitda – milliy va maʼnaviy taraqqiyotimizning yangi bosqichi odimlari kundan-kunga shiddatli tus olayotgan, yangi Oʼzbekistonning oliy maqomi butun dunyoda rasman eʼtirof etilayotgan, tan olinayotgan, mamlakatimizda ijtimoiy adolat tamoyillariga toʼlaqonli amal qilish tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda nishonlash arafasida turibdi. 
Mamlakatimizda mustaqillik bayrami xalqimiz tomonidan eng aziz va eng ulugʼ bayram sifatida keng nishonlanishi ona diyorimizdagi tinchlik, xotirjamlik, bagʼrikenglik, osuda hayot va barqarorlikning yorqin namunasidir. 
Darhaqiqat, istiqlol sharofati bilan tarixan qisqa davrda Oʼzbekiston iqtisodiyoti tez surʼatlar bilan rivojlanib, kuch-qudrati, obroʼ-eʼtibori va salohiyati har tomonlama yuksalib borayotgan mamlakatga aylangani Respublikamizda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlarning yaqqol natijasidir. Bunga aslo koʼz yumib boʼlmaydi.
Darhaqiqat, istiqlol yillarida mamlakatimizda erishilgan olamshumul yutuqlar odamlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tubdan oʼzgarganligi, ularning jamiyat hayotiga, yon-atrofimizda roʼy berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik hissi, ayniqsa, siyosiy saviyasi va huquqiy madaniyati tobora oʼsib borayotgani bilan chambarchas bogʼliqdir. 
Tinch-osoyishta yurtimizda xalqimiz amalga oshirayotgan tub oʼzgarishlar, yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari tufayli shaharu qishloqlarimiz, koʼchayu yoʼllarimiz tobora chiroy ochib, dunyo boʼylab mamlakatimizning nufuzi oshib borayotgani har birimizga gʼurur bagʼishlab, ertangi kunga ishonchimizni yanada oshiradi.
Mana oʼttiz yildirki, xalqimizning yelkasiga oftob tegdi, milliy va diniy qadriyatlariga ega boʼldi, osori atiqalari tiklandi. Salkam unitilayozgan ajdodlarimizning merosini oʼrganish yoʼlga qoʼyildi. 
Bularning barchasi Аlloh taoloning bizga koʼrsatgan marhamati, tortiq etgan neʼmatidir. Biz bu neʼmatni koʼz qorachigʼimizdek asrab-avaylab, shukronasini ado etib, kelajak avlodga sof holda yetkazishga majburmiz.

Аbdulbosit Rahimov
Mir Аrab oʼrta maxsus islom 
bilim yurti mudarrisi