SAHIH HADIS BOR EKAN MAZHABGA EHTIYOJ YOʻQMI?
Hanafiy mazhabining hadisga munosabati
Bugungi kunda ayrim kishilar: “Sahih hadis bor ekan, mazhabga nima hojat?” yoki “Biz mazhabga emas, Qurʼon va hadisga amal qilamiz”, demoqdalar. Bu gap tashqi koʻrinishda toʻgʻridek tuyuladi. Albatta, har bir musulmon Qurʼon va sunnatga amal qilishi kerak. Ammo Qurʼon va hadislardan hukm chiqarish chuqur ilm va aniq qoidalarni talab qiladi.
Mazhab Qurʼon va hadisdan ajralgan yoʻl emas. Mazhab - Qurʼon va sunnatdagi hukmlarni ilmiy qoidalar asosida tushunish usulidir. Imom Abu Hanifa rahimahulloh hukmlarni oʻz fikrlariga koʻra chiqarmaganlar. U zot Qurʼoni karim, hadislar, sahobalarning fatvolari va shariat qoidalariga asoslanib ijtihod qilganlar.
Bir hadisning sahih ekanini bilishning oʻzi undan hukm chiqarish uchun yetarli emas. Hadis qaysi vaziyatda aytilgani, hukmi umumiy yoki muayyan holatga xosligi, boshqa oyat va hadislar bilan qanday bogʻliqligi, hukmi keyinchalik bekor qilingan-qilinmagani va sahobalar uni qanday tushunganlari ham oʻrganiladi. Bu ishni hadis, fiqh va usul ilmlarini puxta egallagan mujtahid olimlar bajaradilar.
Masalan, tibbiyot kitobini oʻqigan odam darhol shifokor boʻlib qolmaydi. Xuddi shuningdek, internetdan bitta hadis tarjimasini topgan kishi ham sharʼiy hukm chiqarish darajasiga yetib qolmaydi. U koʻrgan hadis mazhab imomlariga ham maʼlum boʻlgan, lekin boshqa dalil yoki ilmiy sabab tufayli undan boshqacha hukm chiqarilgan boʻlishi mumkin.
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmasangiz, zikr ahlidan soʻrangiz” (Nahl surasi, 43-oyat).
Bu oyat bilmagan kishi ilm ahliga murojaat qilishini koʻrsatadi. Oddiy musulmonning Hanafiy mazhabiga amal qilishi Imom Abu Hanifaning soʻzini Qurʼon va hadisdan ustun qoʻyish emas. Balki Qurʼon va sunnatni chuqur bilgan buyuk mujtahidning ilmiy xulosasiga ishonishdir.
Hanafiy mazhabini hadisga amal qilmaydi, deb aytish tarixiy haqiqatga ham zid. Imom Muhammad Shayboniyning “Kitobul osor” asarida hadislar hamda sahoba va tobeinlarning koʻplab rivoyatlari jamlangan. Imom Abu Jaʼfar Tahoviy esa “Sharhu maʼonil osor” asarida Hanafiy mazhabining hadisiy dalillarini keng bayon qilgan. Bu asarlar Hanafiy fiqhi hadis va sahobalar merosiga tayanganini ochiq koʻrsatadi.
Mazhab imomlarining ayrim hukmlarda farqli xulosaga kelishlari hadisni rad etganliklarini anglatmaydi. Farq hadisning sahihligini baholash, maʼnosini tushunish yoki bir nechta dalil orasidan kuchlirogʻini tanlashdagi ilmiy ijtihod sababli yuzaga kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ijtihod qilgan qozi toʻgʻri hukm chiqarsa ikki ajr, barcha imkoniyatini ishga solib xato qilsa bir ajr olishini bayon qilganlar (Sahihul Buxoriy, 7352; Sahih Muslim, 1716).
Xulosa. “Sahih hadis bor ekan, mazhabga ehtiyoj yoʻq”, degan fikr masalani haddan tashqari soddalashtirishdir. Hanafiy mazhabi hadisga qarshi emas, balki Qurʼon va sunnatni ilmiy qoidalar asosida tushunish yoʻlidir. Shuning uchun bitta hadis tarjimasiga qarab mazhab imomlarini ayblashdan saqlanish, tushunilmagan masalalarni ishonchli ulamolardan soʻrash va musulmonlar orasida ixtilof chiqaradigan bahslardan uzoq turish lozim.
Bekzod Qodirov,
Mir Arab oʻrta maxsus islom
taʼlim muassasasi mudarrisi
УЗ
РУ
EN
العربية