ISLOMDA MUNOSIB VA BAXTLI HAYOTNING SABABLARI
Har bir inson qalb tinchligiga, xotirjamlikga, shodlikka va gʻam-tashvishlardan xalos boʻlishga intiladi. Aynan shu holatlar yoqimli hayotni shakllantiradi, chinakam baxt va quvonchni olib keladi. Buning diniy sabablari, tabiiy sabablari va amaliy sabablari mavjud boʻlib, bularning barchasi faqat moʻminlardagina toʻliq jamlanishi mumkin. Bu sabablarning eng buyugi, asosi va poydevori — imon va solih amalga bogʻliqdir. Haqiqiy yoqimli hayot — Alloh va Rasulining daʼvatiga javob bergan kishining hayotidir.
Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qilgan:
مَنۡ عَمِلَ صَٰلِحٗا مِّن ذَكَرٍ أَوۡ أُنثَىٰ وَهُوَ مُؤۡمِنٞ فَلَنُحۡيِيَنَّهُۥ حَيَوٰةٗ طَيِّبَةٗۖ وَلَنَجۡزِيَنَّهُمۡ أَجۡرَهُم بِأَحۡسَنِ مَا كَانُواْ يَعۡمَلُونَ
“Erkagu ayol, kim moʻmin holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz va, albatta, ularni qilib yurgan amallarining eng goʻzaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz.” (Nahl surasi, 97-oyat).
Bu oyatda Alloh taolo imon bilan solih amalni birga qoʻshgan kishiga dunyo hayotida yoqimli hayot va oxiratda goʻzal mukofot vaʼda qilmoqda. Bu — Alloh taoloning solih amal qilgan kishiga bergan vaʼdasidir. Solih amal deganda Alloh taoloning Kitobiga va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning Sunnatiga muvofiq boʻlgan amal tushuniladi. Xoh erkak boʻlsin, xoh ayol — qalbi Allohga va Rasulullohga iymon keltirgan boʻlsa, Alloh uni dunyoda yoqimli hayot bilan yashata Yoqimli hayot esa har tomonlama rohatni, qaysi tomondan boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz ichiga oladi.
Bu yoqimli hayotning muhim koʻrinishlaridan biri — qanoatdir. Alloh taolo bergan rizqdan rozi boʻlgan kishining dunyoda mashaqqati koʻp boʻlmaydi, hayoti achchiq boʻlmaydi, qoʻldan ketgan narsaning ortidan quvib, erishib boʻlmaydigan narsaga harislik qilib, turmushi bulanmaydi.
Islomiy iqtisodiy tarbiya munosib hayot uchun yagona toʻgʻri yoʻldir, chunki u Qurʼon va Sunnatdan olingan. Musulmon kishi oyatlar va hadislar orqali iqtisodiy xulq-atvorni boshqaruvchi umumiy qoidalarni oʻrganadi va iqtisodiy yoʻl-yoʻriqlarni topadi. Farzandlarning ota-onalar oldidagi huquqlaridan biri yaxshi hayot kechirish imkoniyatidir va toʻgʻri tarbiya buning sababidir. Chunki biz zamonaning qiyinchiliklariga muvozanatli va toʻgʻri tarbiya bilan javob berishga majburmiz. Buning yoʻli — oʻz nafsiga va jamiyatiga nisbatan masʼuliyatni his qiladigan, barcha turmush ishlarida Alloh taoloning nazoratini sezadigan shaxsni tarbiyalashdir. Shunday kishining barcha ishlari Alloh uchun boʻladi — dunyoda Allohning roziligi va oxiratda yaxshi oqibatni koʻzlaydi. Bolalarimizga nyekbinlik ruhini, Allohga yaxshi gumon qilishni, ovqatlanish, kiyinish, dam olish va uyqu, topish va sarflash, isteʼmol va jamgʻarish oʻrtasida muvozanatni singdirganimizda, iymon Alloh taoloning dunyodagi roziligi sababli har bir amalga va jamgʻarishga baraka beradi — shunda hayot yanada baxtliroq, yoqimliroq, rohatli va shodroq boʻladi.
Zakot berish va sadaqa qilish esa molni kamaytirish emas, balki uni koʻpaytirib, baraka bagʻishlaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Sadaqa hech bir bandaning molini kamaytirmaydi” (imom Muslim rivoyati).
Qarindosh-urugʻlar bilan aloqani saqlash, ularni yoʻqlash, yaxshi soʻz aytish va qalblariga shodlik kiritadigan foydali sovgʻalar berish — hayotdagi baxtning eng muhim sabablaridan biridir. Bu amal umrni uzaytiradi va rizqqa baraka beradi. Oʻz shaxsiy doirasidan chiqib, atrofidagi ahli va qarindoshlariga gʻamxoʻrlik qilgan har bir kishining rizqini Alloh ziyoda qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim umrining uzaytirilishini va rizqining kengaytirilishini istasa, qarindoshlariga yaxshilik qilsin” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Shuningdek, Paygʻambarimiz:
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله –صلى الله عليه وسلم: تَهَادَوْا تَحَابُّوا
“Oʻzaro hadyalashib turinglar, shunda bir-biringizga nisbatan muhabbatli boʻlasiz” (imom Buxoriy rivoyati).
Islom nazarida iqtisodiy manfaat ortidan yurish ayb emas, balki muvozanatli boʻlib, hayotning boshqa tomonlari bilan uygʻun kelsa va undan yaxshilik niyat qilinsa, bu haqiqiy islomiy fazilat hisoblanadi.
Munosib hayot uy-roʻzgʻor ishlarini oqilona boshqarish bilan ham bevosita bogʻliq boʻlib, bu “uy iqtisodiyoti” yoki “tadbir” deb ataladi. Uning maqsadi — shaxs va oila hayotini yaxshilash, inson munosib hayot kechirishi uchun zarur xizmatlarni takomillashtirishdir. Bunga uy boshqaruviga eʼtibor berish va jamiyat bilan yaxshi munosabat oʻrnatish orqali erishiladi. Uy iqtisodiyotining mazmuni kengayib, koʻp sohalarni qamrab olgan: ota-onalarning madaniyatiga eʼtibor berish — bu yaxshi oilaviy munosabatlar va farzandlar tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi; isrof va xasislikdan uzoq holda, uyga byudjet tuzish, daromad va xarajat oʻrtasida muvozanat oʻrnatish, jamgʻarish va kutilmagan holatlar uchun imkoniyat yaratish; oilaviy aloqalarni mustahkamlash va ularni ijtimoiy jihatdan toʻgʻri yoʻnalishda saqlash.
Uy-roʻzgʻorni oqilona boshqarib munosib hayotga erishishni Islom qadimdan ragʻbatlantirgan boʻlib, bu yoʻl solih umr yoʻldosh tanlashdan boshlanadi. Xalqimizda “Erkak topadi, ayol yaratadi” degan naql borki, yaʼni erkak halol mehnat bilan mol-dunyo topadi, ayol esa uyni oqilona boshqaradi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Nafaqa (sarf-harajat)da iqtisod qilish hayotning yarmidir. Insonlarga doʻstona munosabatda boʻlish aqlning yarmidir. Goʻzal savol berish ilmning yarmidir”. (Bayhaqiy rivoyati). Nikoh orqali er-xotin oila qurib, masʼuliyatni baham koʻradilar. Har biri ikkinchisining ishini toʻldiradi: ayol oʻz tabiatiga va ayollik xususiyatiga mos ravishda uy boshqaruvi va farzandlar tarbiyasini zimmasiga oladi; erkak esa oʻz tabiatiga va erkaklik xususiyatiga mos ravishda oilani taʼminlash, ogʻir ishlarni bajarish va oilani zamonning ofatlaridan himoya qilish vazifasini ado etadi. Shunday qilib, er-xotin oʻrtasida hamkorlik ruhi shakllanadi va eng yaxshi samaraga erishadilar — solih farzandlarni tarbiyalaydilar, qalbida imon kuchi va ruhida Islom ruhi boʻlgan avlodni voyaga yetkazadilar. Oila esa muhabbat, tinchlik va barqarorlik soyasida farovon hayot kechiradi.
Koʻp kishilar ayolning oilada qanday ulkan yaxshilik yoki yomonlik qilishga qodir ekanligini toʻliq anglamaydilar. Qanchalik katta boylik boʻlmasin, ayolning beparvoligi va isrofgarligi oldida dosh berolmaydi. Qanchalik ogʻir qashshoqlik boʻlmasin, tadbirli va tejamkor ayolning aqli uni yengillashtiradi. Aqlli ayol — vaqti va pulini eng yaxshi va foydali yoʻllarda ishlatishni biladigan ayoldir. Keraksiz narsalarga oʻylamasdan pul sarflashdan uzoq turadi. “Pul sarflash uchun uni topishdan koʻra koʻproq aql kerak” degan hikmat bor. Qanchadan-qancha ayollar pulning qadriga yetmay, bilmaslikdan uni isrof qiladilar — bu bilan oʻzlarining va farzandlarining kelajagiga xiyonat qiladilar. Tadbirli va aqlli ayol tikish, kashtachilik, dazmollash va sogʻlom usulda ovqat tayyorlash kabi ishlarni oʻzi bajarib, oʻz va oila aʼzolarining sogʻligʻini asraydi. Bunday ayol eski narsalardan yangi va foydali narsalar yasaydi, uyini bezaydi. Bu tejamkorlik usuli ayb emas va ziqnalik ham emas — balki oqilona yondashuvdir, shu bilan birga atrof-muhitni ifloslanishdan ham saqlaydi. Oisha roziyallohu anho: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam kiyimlarini oʻzlari tikardilar, kavushlarini yamardilar va sizlar oʻz uyingizda nima qilsangiz, shuni qilardilar”, dedilar.
Eng yoqimli hayot — har bir ishda meʼyorni saqlangan hayotdir. Har qanday narsa, qanchalik yaxshi va noz-neʼmat boʻlmasin, unga odatlangan kishilar uni oʻzlariniki qilib oladi va undan rohat topadi. Haqiqiy baxt — rozolikdir. Haqiqiy ozod inson — oʻzi uchun zarur boʻlmagan narsalardan voz kecha oladigan insondir. Mana shu — islomiy maʼnoda ham, insoniy maʼnoda ham haqiqiy boylikdir.
Dilshod ALIYEV,
Mir Arab oʻrta maxsus islom
taʼlim muassasasi matbuot kotibi
“Boloi Hovuz” masjidi imom xatibi
BuxDU islomshunoslik yoʻnalishi magistranti
УЗ
РУ
EN
العربية