30.08.2026

Vatan sevgisi

Alloh qalblarga joylagan tabiiy tuyg‘u, shariat belgilab bergan va voqelik taqozo etgan burch-kishi oʻz vatanini sevishidir. Vatan – inson tug‘ilib o‘sgan zamin, hayot va ibodat makonidir. U mol-mulk, nomus va sharaf maskanidir. Qur’oni karimda vatan sevgisi insonning o‘z jonini yaxshi ko‘rishi bilan yonma-yon keltirilgan. Alloh taolo aytadi:

﴿وَلَوْ أَنَّا كَتَبْنَا عَلَيْهِمْ أَنِ اقْتُلُوا أَنفُسَكُمْ أَوِ اخْرُجُوا مِن دِيَارِكُم مَّا فَعَلُوهُ إِلَّا قَلِيلٌ مِّنْهُمْۖ ...﴾

"Agar ularga: "O‘zingizni o‘ldiringiz yoki diyoringizdan chiqib ketingiz", deb yozganimizda edi, ulardan kamdan-kami buni qilar edilar..."

— Niso surasi, 66-oyat

 

Vatan sevgisi faqat tuyg‘u va his-hayajonlar bilan cheklanib qolmaydi, balki so‘zlar va amallarda ham namoyon bo‘ladi. Bu sevgining eng go‘zal ko‘rinishi – duodir. Chunki duo – qalb to‘ridan chiqadigan samimiy izhordir va u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh taolo bilan bog‘liqdir. Qur’oni karimda Ibrohim alayhissalomning Makkayi mukarrama haqqiga qilgan duolari kelgan:

﴿وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَٰذَا بَلَدًا آمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آمَنَ مِنْهُم بِاللَّهِوَالْيَوْمِ الْآخِرِ ۖ ...﴾

"Eslang, Ibrohim: 'Rabbim, buni tinch shahar qilgin va uning ahllaridan Allohga hamda oxirat kuniga iymon keltirganlarini mevalar bilan rizaqlantirgin..., degan edi"

— Baqara surasi, 126-oyat

 

Ushbu duoda u zotning qalbida o‘z ibodat maskani va vatandoshlariga bo‘lgan sevgisi namoyon bo‘ladi. U zot Makkaga tinchlik va rizq so‘rab duo qildi, chunki bu ikkisi o‘rnatilgan joyda hayot va baxt omillari jamlanadi. Agar ulardan biri yo‘qolsa, vatan kimsasizlanib, hayot alomatlaridan mahrum bo‘ladi.

Vatandagi tinchlik va rizq haqiqiy baxt ekan. Payg‘ambarimiz sollollohu alayhivasallam aytganlaridek:

»مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فِي سِرْبِهِ، مُعَافًى فِي جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّمَا حِيزَتْلَهُ الدُّنْيَابِحَذَافِيرِهَا«

"Sizlardan kimki o‘z xonadonida tinch-omon, tan-joni hamda bir kunlik rizqi bo‘lgan holda tong ottirsa, go‘yo butun dunyo unga berilibdi."

— Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari

 

Vatandagi tinchlik va omonlik – ko‘plab maqsadlarga erishish garovidir. U sababli mashaqqatlar yengillashadi va u Allohning insoniyatga qilgan ulug‘ ne’matidir.

Vatan sevgisi – bizni unga bog‘lab turadigan tuyg‘u. Qanchalik masofalar yiroqlashmasin, mansublik hissi yo‘qolmaydi. Bu – yosh o‘tgan sari o‘sib, kattalashib boradigan tabiiy tuyg‘u. Biz yaratilgan ushbu tuproqning harorati va uning bag‘rida o‘sganimiz, qancha yurtlarni ko‘rib yaxshi ko‘rmaylik, baribir o‘zgachadir. Bu – otalar va bobolardan meros bo‘lib, qalblarimizda muhrlangan va hali ham o‘sib borayotgan sevgidir.

Ushbu yerga bo‘lgan sevgi yo‘q joydan paydo bo‘lgan emas. Agar vatan bo‘lmaganda edi, biz biror kun tinchlik va omonlikni his qilmas edik. U – insonni har qanday zararli narsadan asraydigan boshpana. Agar kecha-yu kunduz uning yo‘lida mehnat qilsak ham, uning haqini to‘liq ado eta olmaymiz. Vatan – shunchaki quruq so‘zni emas, balki amaliy mehnatni talab qiladigan muqaddas maskandir. Yaxshi fuqaro – o‘z vatani sevgisini har bir damda uni himoya qilish, o‘qib-o‘rganib yuqori darajalarga erishish va buni kelajakda vatan manfaatiga yo‘naltirish orqali isbotlaydigan kishidir.

Xulosa o‘rnida shoirning vatan sevgisi haqida aytgan ushbu satrlarini keltirish kifoya:

بِلَادِي وَإِنْ جَارَتْ عَلَيَّ عَزِيزَةٌ ... وَأَهْلِي وَإِنْ ضَخُوا عَلَيَّ كِرَامُ

"Yurtim mendan yuz o‘girsa ham – u menga azizdir,
Qavmim menga baxillik qilsa ham – ular saxiydir."

 

Alloh taolo yurtimiz tinchligi va mustaqilligini bardavom qilsin.

 

Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi mudarrisi Ismoilov Namozbek