QURʼON MAʼRIFATI VA INSON KAMOLOTI
Insoniyat tarixida maʼnaviy qadriyatlar masalasi har doim markaziy oʻrinni egallab kelgan. Har bir sivilizatsiya, har bir madaniyat oʻz aʼzolarini muayyan axloqiy meʼyorlarga yoʻnaltiruvchi tizimga ega boʻlgan. Ammo barcha davrlar va millatlar uchun universal, oʻzgarmas va mukammal axloqiy dastur yaratish inson aqlining imkonidan tashqari boʻlib qolavergan. Aynan shu nuqtada Qurʼoni karimning insoniyat hayotidagi oʻrni va ahamiyati namoyon boʻladi. Alloh taolo insonni yaratar ekan, uni oʻz holicha tashlab qoʻymadi – unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi ilohiy kitoblar va paygʻambarlarni yubordi. Ana shu ilohiy kitoblarning soʻnggisi va Qiyomatgacha insoniyat uchun hidoyat manbai boʻlgan Qurʼoni karimdir.
Qurʼoni karim boshqa barcha ilohiy kitoblardan bir qator jihatlari bilan farq qiladi. U Alloh taolo tomonidan Qiyomat kunigacha har qanday oʻzgartirishdan muhofaza qilingan yagona kitobdir. “Hijr” surasining 9-oyatida Alloh taolo:
إِنَّا نَحۡنُ نَزَّلۡنَا ٱلذِّكۡرَ وَإِنَّا لَهُۥ لَحَٰفِظُونَ ٩
“Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz.” (Ushbu zikr–Qurʼon.) deb bu vaʼdani ochiq bayon qilgan. Tarix davomida avvalgi ilohiy kitoblarga insonlar tomonidan oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa, Qurʼoni karim oxirgi kitob boʻlgani uchun uning hukmi Qiyomat kunigacha davom etadi va aslo oʻzgarmaydi. Shuningdek, “Isro” surasining 88-oyatida Alloh taolo insonlar va jinlar birlashsalar ham Qurʼonning oʻxshashini keltira olmasliklarini bayon qilgan. Bu – Qurʼonning ilohiy manbadan ekanini tasdiqlovchi buyuk dalillardan biridir.
Qurʼoni karim Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga berilgan abadiy moʻjizadir. Avvalgi paygʻambarlarga berilgan moʻjizalar muayyan zamon va makonda namoyon boʻlgan boʻlsa, Qurʼoni karimning moʻjizaligi barcha zamonlarda davom etib kelmoqda. U oʻzining balogʻati, ilmiy ishoralari, hikmatlari va inson qalbiga taʼsir kuchi bilan har bir avlodni hayratga solaveradi. Imom Muslim rivoyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻzlariga berilgan eng buyuk moʻjiza Allohning vahiysi ekanini va shu sababli Qiyomat kuni eng koʻp ummatli paygʻambar boʻlishlariga umid qilishlarini bayon etganlar.
Qurʼoni karimni tilovat qilish Islom dinidagi eng fazilatli ibodatlardan biri hisoblanadi. “Fotir” surasining 29-30 oyatlarida Alloh taolo Oʻzining Kitobini tilovat qiluvchilarni maqtab, ularga sira kasod boʻlmaydigan tijorat – yaʼni cheksiz ajru savob vaʼda qilib:
“Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni toʻkis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor boʻlurlar. Chunki U zot ularga ajrlarini toʻliq qilib berur va Oʻz fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U oʻta magʻfiratli va oʻta shukr qilguvchidir.”
Hadisi shariflarda keltirilishicha, Qurʼondan bir harf oʻqigan kishiga bir savob yoziladi va bu savob oʻn barobar koʻpaytiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Qurʼon tilovatini yer yuzida nur, osmonda esa zaxira deb taʼriflaganlar. Shu bois, loaqal kunda bir marta boʻlsa ham Musʼhafga qarab tilovat qilishga odatlanish lozim. Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhu: “Men har kuni Robbimning Kitobiga qarayman. Biror kunni Musʼhafga qaramasdan oʻtkazib yuborishga Robbimdan uyalaman”, deb aytganlar.
Qurʼoni karimni tilovat qilishning muhim shartlaridan biri tajvid qoidalariga rioya qilishdir. “Muzzammil” surasining 4-oyatida Alloh taolo Qurʼonni tartil bilan – yaʼni dona-dona qilib, toʻgʻri talaffuz bilan oʻqishga buyurgan. Imom Buxoriy rivoyatlarida Qurʼonni mahorat bilan tilovat qiluvchi mukarram farishtalar bilan bir maqomda boʻlishi, tili qiynalib oʻqigan kishiga esa ikki barobar ajr berilishi keltirilgan. Bu – har bir musulmonni, qiyinchiligidan qatʼi nazar, Qurʼon oʻqishga ragʻbatlantiruvchi ulkan dalildir.
Qurʼoni karimning eng muhim maqsadlaridan biri insonni axloqiy jihatdan kamolga yetkazishdir. U insonning eʼtiqodini toʻgʻrilaydi, qalbini poklaydi, aqlini maʼrifat bilan boyitadi va uni jamiyatga foydali shaxs sifatida tarbiyalaydi. Qurʼon maʼrifatidan bahra olgan insonda rostgoʻylik, adolat, sabr, kechirimlilik, kamtarlik, rahm-shafqat va saxovat kabi fazilatlar shakllanadi. Moʻmin insonning tili bilan qalbi bir boʻlishi, hatto yaqinlariga qarshi boʻlsa ham adolatni qaror toptirishi, musibatda sabrli va muomalada kechirimli boʻlishi, mol-dunyosi yoki mansabi bilan kibrlanmasligi lozim. Shuningdek, Qurʼoniy axloq egasi muhtojlarga yordam beradi, yetimlarni qoʻllaydi, bemorlardan xabar oladi va yolgʻizlarni oʻz holiga tashlab qoʻymaydi.
Qurʼoni karimda ota-onalarga yaxshilik qilish ham alohida taʼkidlangan – bir necha oʻrinda Alloh taolo Oʻziga ibodat qilishga buyurib, undan keyin darhol ota-onalarga yaxshilik qilishga buyurgan. Oilaviy munosabatlar masalasida ham Qurʼon maʼrifati avvalo uyda sinovdan oʻtadi: masjidda yaxshi koʻrinib, uyida qoʻpol boʻlgan inson Qurʼon taʼlimotini toʻliq oʻzlashtirgan deb boʻlmaydi. Qoʻshni va jamiyat bilan munosabatda ham Qurʼonga ergashgan insonning yaxshiligi faqat oʻzining ibodati bilan cheklanmaydi – atrofidagi kishilar uning tili, qoʻli va muomalasidan omon boʻlishlari kerak.
Qurʼoni karimni oʻqish bilan birga, uni tadabbur qilish – yaʼni oyatlar ustida chuqur fikr yuritish va ulardagi maʼnoni anglashga intilish musulmon uchun muhim vazifadir. “Sod” surasining 29-oyatida Alloh taolo Qurʼonni oyatlarini tadabbur qilsinlar va aql egalari eslatma olsinlar uchun nozil qilganini bayon etib:
“Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir. (Qurʼon oyatlaridan aqlli kishi eslatma oladi)”
Sahobai kiromlar Qurʼonni “Rabbimizning bizga yuborgan maktubi” deb qabul qilishgan – kechalari uning oyatlarida fikr yuritishgan, kunduzlari esa unga amal qilishgan. Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu tadabbur bilan oʻqilgan bir necha oyatni, eʼtiborsiz oʻqilgan butun Qurʼondan ustun sanagan. Bu – miqdordan sifatga eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatuvchi ibratli misoldir. Tadabbur ila Qurʼon oʻqish qalblarni isloh qiladi, turli xil salbiy vasvasalarni ketkazadi va insonni maʼnan poklanishga yetaklaydi.
Qurʼoni karimning moʻjizaligi uning ilmiy jihatidan ham namoyon boʻladi. Masalan, “Qiyomat” surasining 3-4 oyatlarida Alloh taolo insonning qayta tirilishini tushuntirar ekan, barmoq uchlarini ham qayta tiklanishini alohida zikr qilgan. Barmoq uchlaridagi naqshlarning har bir insonda oʻziga xos boʻlishi Qurʼon nozil boʻlgan davrda maʼlum emas edi – faqat oʻtgan asrda bu haqiqat kashf etilib, kriminalistikada keng qoʻllanila boshlandi. Yana bir misol – “Zoriyot” surasining 47-oyatida koinotning kengayishi haqidagi ishora. Zamonaviy astronomiya 20-asrda koinotning muntazam kengayib borayotganini isbotladi, holbuki bu haqiqat Qurʼonda bundan oʻn toʻrt asr avval bayon etilgan edi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Qurʼoni karimni oʻrganish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi taʼlim muassasalari qoshida Qurʼoni karim va tajvidni oʻrgatuvchi oʻquv kurslari faoliyat olib bormoqda. Mustaqil oʻrganuvchilar uchun onlayn darslar, qoʻllanmalar va audio-video darsliklar ham mavjud. Yurtimizdagi Qurʼonga boʻlgan yuksak ehtiromning yorqin namunasi sifatida Islom sivilizatsiyasi markazi alohida taʼkidlashga arziydi – uning markaziy qismida Hazrati Usmon raziyallohu anhu davrlarida koʻchirilgan qadimiy Usmon Musʼhafi munosib oʻringa qoʻyilgan. Yaqin oʻtmishda diniy ilmlarni erkin oʻrganish imkoniyatlari cheklangan boʻlsa, bugun Qurʼonni oʻrganish, tilovat qilish, maʼnolarini anglash va tafsirini mutolaa qilish uchun barcha sharoitlar mavjud. Bu imkoniyatlar uchun Yaratganga shukronalar aytish lozim.
Xulosa qilib aytganda, Qurʼoni karim insoniyatga Alloh taolo tomonidan yuborilgan eng buyuk neʼmat va abadiy hidoyat manbaidir. Zamonaviy jamiyatda Qurʼon taʼlimotlarining ahamiyati yanada oshib bormoqda – globallashuv, axborot inqilobi va ijtimoiy oʻzgarishlar insonni maʼnaviy izlanishga undamoqda. Har bir musulmon uchun Qurʼoni karimni nafaqat tilovat qilish, balki uning maʼnolari ustida tadabbur qilish, taʼlimotlarini anglab hayotga tatbiq etish eng muhim vazifadir. Qurʼon oʻqigan sari axloqimiz goʻzallansa, odamlarga munosabatimiz yaxshilansa, oilamizda mehr, jamiyatimizda totuvlik va hayotimizda baraka ziyoda boʻlsa – demak, Qurʼon maʼrifatidan toʻgʻri bahra olayotgan boʻlamiz.
Ustoz Abdulbosit Rahimov,
Mir Arab oʻrta maxsus islom
taʼlim muassasasi mudarrisi
УЗ
РУ
EN
العربية