Tahoratning fazilati
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَا مِنْكُمْ مِنْ أَحَدٍ يَتَوَضَّأُ فَيُبْلِغُ أَوْ فَيُسْبِغُ الْوُضُوءَ ثُمَّ يَقُولُ: أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُ اللَّهِ وَرَسُولُهُ إِلَّا فُتِحَتْ لَهُ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ الثَّمَانِيَةُ يَدْخُلُ مِنْ أَيِّهَا شَاءَ.
"Sizlardan birortangiz tahorat olib, tahoratini mukammal (yoki to'liq) qilsa, so'ngra: «Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abdullohi va rosuluh» («Guvohlik beramanki, Allohdan o'zga iloh yo'q va yana guvohlik beramanki, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Allohning bandasi va rosulidir») desa, albatta, unga jannatning sakkizta eshigi ochiladi va u qaysi biridan xohlasa, kiradi."
— Imom Muslim rivoyati
Hadisda tahoratni mukammal qilishning ahamiyati va tahorat olgach, ortidan qilinadigan zikr bayon qilingan.
Tahoratdan keyingi zikr borasida boshqa rivoyatda:
أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ
(«Ashhadu al-la ilaha illollohu vahdahu la shariyka lah, va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh»)«Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U yagonadir, Uning sherigi yo‘q. Va guvohlik beramanki, Muhammad ﷺ Uning bandasi va elchisidir».
Bu xususda Imom Termiziy va boshqalarning yana bir rivoyatida qo'shimcha bor:
وَفِي رِوَايَةٍ أُخْرَى عِنْدَ التِّرْمِذِيِّ وَغَيْرِهِ زِيَادَةٌ: "اللَّهُمَّ اجْعَلْنِي مِنَ التَّوَّابِينَ وَاجْعَلْنِي مِنَ الْمُتَطَهِّرِينَ"
"Allohim, meni ko'p tavba qiluvchilardan va poklanuvchilardan qilgin."
— Imom Termiziy rivoyati
Hadisdagi "فَيُبْلِغُ أَوْ فَيُسْبِغُ" jumlasi tahoratning farz va sunnatlarini bajarsa, har bir a'zoga oʻz haqqini bersa, dedanidir.
Tahoratdan forigʻ boʻlgach: “Ashhadu al-la ilaha illollohu”-desa, deb aytildi. Buning ma'nosi: Bilaman va e'tiqod qilamanki, ibodat qilishga loyiq boʻlgan yagona iloh Allohdir. Uning sifatlarida va ismlarida biror sherigi yoʻqdir.
“ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh” – ya'ni, albatta, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Allohning bandalaridan bir bandasidir va unga vahiy yuborgan rosuli (elchisi)dir.
Boshqa rivoyatdagi “Allohummaj-alniy minat-tavvabiyn”– "Ey Allohim, meni ma'siyatlarim (gunohlarim)ga ko'p tavba qiluvchilardan qil" va “vaj-alniy minal-mutatohhiriyn”– "va meni xato-kamchilik, nuqsonlarimdan poklanuvchilardan qilgin", - deganidir.
Bu lafzlarda Baqara surasining 222-oyatiga ishora bor:
إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ
"Albatta, Alloh ko'p tavba qiluvchilarni va o'zini pok tutuvchilarni sevadi."
— Baqara surasi, 222-oyat
Tavba kishini botiniy (ichki) iflosliklardan poklasa, tahorat Allohga yaqin boʻlishdan toʻsuvchi zohiriy(tashqi) narsalardan poklaydi.
Demak, kishi oʻzida shu ikki poklanishni jamlasa, Jannatning sakkiz eshigi ochilar va bu kishi ularning xohlagan biridan kirishga musharraf boʻlar ekan. Alloh taolo barchamizni ushbu maqomda boʻlishimizni nasib aylasin.
Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi mudarrisi Ismoilov Namozbek.
УЗ
РУ
EN
العربية