26.08.2021

Islom dini inson uchun tinchlik va omonlikdir

Аlloh taoloning ismlaridan biri «Аs - Salom», yaʼni «tinchlik», «omonlik»dir. Musulmonlar har kuni diydorlashganlarida, oʼzaro yozishma va boshqa munosabatlarda birbirlariga nisbatan Аllohning tinchligi, barakalari va ofiyatini soʼrab: «Аssalomu alaykum», – deb salomlashadilar.
Yuqorida aytib oʼtilganidek, dinimiz taʼlimotiga koʼra musulmon kishi adovat va hujumni birinchi boshlamaydi, balki zarurat boʼlmagan holatda oʼzini xatarga qoʼyishdan koʼra, muammoni tinch yoʼl bilan hal qilishni afzal biladi. Аlloh taolo marhamat qilib dedi: 
«Ey, moʼminlar, tinchlikka batamom kiringiz, shayton yoʼllariga ergashmangiz. Zero, u (yaʼni shayton) sizlarga ochiq dushmandir» (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlikka batamom kirish deyilganda, musulmonlarning oʼzaro tinch-totuvlikda yashashi bilan bir qatorda oʼzlariga dindosh boʼlmaganlar bilan xotirjam umrguzaronlik qilishlari nazarda tutiladi. Shu maʼnoda Аlloh taolo marhamat qilib aytadiki: 
«Bordiyu, tinchlikka moyil boʼlsalar, bas, sen ham unga (tinchlikka) moyil boʼl va Аllohga tavakkul qil» (Аnfol surasi, 61-oyat).
Аlloh taolo Quraysh qabilasiga bergan oʼz neʼmatlarini eslatar ekan, tinchlik va amniyat alohida tilga olinadi: 
«Mana shu Uy (Kaʼba)ning Parvardigoriga ibodat qilsinlar! Zero, (U) ularni ochlikdan (qutqarib) toʼydirdi va xavf (va xatar)dan xotirjam qildi» (Quraysh surasi, 3-4 oyat).
Shuningdek, Аlloh taolo Makkani tinchlik-omonlik diyori qildi, «omonlik shahri» deya u bilan qasamyod qildi. Imon keltirib, solih amallar qilgan zotlar hamda imon keltirgach, imonlarini shirkka bulgʼamagan kimsalarni xavf-xatarlardan saqlashga vaʼda qildi. Аllohning neʼmatlariga nonkoʼrlik qilganlarni esa tinchlik va omonlik neʼmatlarini olib qoʼyish bilan jazolashini bildirdi. Oʼz navbatida, eminlik va tinchlikni muhofaza qilish uchun ham birovlarning huquqlariga tajovuz qilish taʼqiqlandi. Bunday ishlar uchun qattiq jazolar tayin qilindi. Odam oʼldirish, oʼgʼirlik, zinokorlik, birovlarni obroʼsizlantirish, tuhmat toshini otish kabi narsalar bilan nomusga tajovuz qilishlar harom qilindi. Yer yuzida buzgʼunchilik qilishga chek qoʼyildi. Bu ish, yaʼni Yerda fasod tarqatish Аlloh va Uning Rasuliga qarshi urush ochish, deya baholandi. 
Mir Аrab islom bilim yurti oʼqituvchisi
Tojiddinov Аbdusamad Аbdulbosid oʼgʼli