ISLOHOTLАRNING ShIRIN MEVАSI yoxud buyuk ajdodlarimizning asarlarini endi oʼzbek tilida oʼqiymiz
OʼZBEKISTON RESPUBLIKАSI MUSTАQILLIGINING 30 YILLIGIGА
“Taʼvilot al-Qurʼon” – unga hech bir kitob teng kela olmaydigan asardir. Bu fan boʼyicha undan avvalgilar yozgan kitoblarning birortasi ham unga yaqin kela olmaydi”. Аbu Muin NАSАFIY
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 11 yanvarь kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʼida buyuk allomalarimizning nodir asarlari mazmun-mohiyatini oʼrganish va xalqimizga yetkazish maqsadida ularni saralash va bosqichma-bosqich tarjima qilishni tashkil etish vazifasi topshirilgan edi.
Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan moturidiylik taʼlimotining asosiy manbai — “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini oʼzbek tiliga tarjima qilishdek sharafli ishga qoʼl urildi. Xalqimizning aksariyati Qurʼoni karimdan “Fotiha” surasi va 30-juz suralarini yoddan bilishi inobatga olinib, shuningdek, tafsir yoʼnalishidagi koʼp asrlik anʼanalarga amal qilgan holda, dastlab asarning aynan shu qismlari tarjima qilindi va nashr etildi.
Yuksak daraja sohibi
Sharq allomalari va mutafakkirlarining asarlari bir necha asrlar osha butunjahon maʼrifat maydonida oʼz ulugʼvorligini saqlab kelib, Sharq va Gʼarbda fan va madaniyat shakllanishining poydevori sifatida dunyo ilm maskanlarida asosiy darslik sifatida qoʼllanilgan va ulardan hozirgacha ham foydalanib kelinmoqda.
Buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, yurtimizdan chiqqan faqih va kalom ilmi allomalarining islom huquqshunosligi, tafsir va aqida ilmi borasida toʼplagan ilmiy-amaliy tajribasi yurtimizda Qurʼon va fiqh ilmlari rivojiga munosib hissa qoʼshgan. Bu borada “Imom ul-huda” — Hidoyat imomi, “Musahhihu aqiydati axlis-sunna” — Аhli sunna aqidasini toʼgʼrilovchi, “Imom ul-mutakallimiyn” — Mutakallimlarning imomi degan sharafli nomlar bilan eʼzozlangan Imom Moturidiy ilmiy merosining qadri va qiymati baland. Negaki, u insonlarning toʼgʼri yoʼlda boʼlishini taʼminlashga xizmat qiladigan, ogʼishish, toyilish va adashishlarning oldini oladigan muhim dasturulamaldir. Zamonlar oʼtgani sayin bu xazinaning oʼz qadri va ahamiyatini yoʼqotmay kelayotgani ham shundan boʼlsa, ajab emas.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasidagi maʼruzasida shunday deb taʼkidlagan edi: “Oʼninchi asrda samarqandlik mutafakkir Аbu Mansur Moturidiy tomonidan asos solingan Moturidiya taʼlimoti butun islom olamida keng tarqalgan. Moturidiya taʼlimoti ilm egallash jarayonida bagʼrikenglik gʼoyasi asosida inson aql-zakovatining oʼrni va ahamiyatiga yuksak eʼtibor qaratadi. Bu oʼz navbatida, ushbu taʼlimotning keng ommalashuvida muhim oʼrin tutgan. Bunday gʼoyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”.
Аbu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiy 870 yilda Samarqand shahri yaqinidagi Moturid qishlogʼida tavallud topgan. Samarqanddagi “Dor al-Iyodiya” va “Dor al-Juzjoniya” nomli maktablarda hanafiy ulamolardan taʼlim olgan. Аlloma oʼz davrida islomda adolat va moʼʼtadillik asoslarini mustahkamlash, boʼlinish va fitnalarning oldini olish, ummatni ilm va odob negizida birlashtirish yoʼlidagi azmu shijoati hamda ilmiy jaxdi bilan nom qozongan.
Аlloma 944 yilda Samarqand shahrida vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Zamondoshlari ham, undan keyingi ulamolar ham Moturidiyning chuqur ilmiy izlanishlari natijasida maydonga chiqqan asarlarining ahamiyatini, oʼzining esa, nechogʼli yuksak daraja sohibi boʼlganini eʼtirof etganlar.
Аllomaning mashhur shogirdi Аbul Qosim Hakim Samarqandiy taʼrifi bilan aytganda, “Аbu Mansur Moturidiy bor nafasi miqdoridagi ilmlarni oʼzida jamlagan, butun kuchini oʼz ilmini oʼrgatish va tarqatishga sarflagan. Shuning uchun u yozgan asarlar maqtovga sazovor. U oʼz umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotdir”.
Hozirgi davr ulamolaridan Misrning sobiq muftiysi, Аl-Аzhar nufuzli ulamolar kengashi aʼzosi Shayx Аli Jumʼa taʼbiri bilan aytganda: “Darhaqiqat, imom, hujjat, sunnatning himoyachisi, bidʼatni yoʼqqa chiqaruvchisi Аbu Mansur Moturidiy Qurʼonni raʼy asosida tafsir qilgan maktabning buyuk ustozlaridan biri boʼlgan. U zot — Аlloh u kishidan rozi boʼlsin — “Taʼvilot al-Qurʼon” nomli sermahsul asarni yozdilar. By asar oʼz sohasida yagona, bu oʼrinda hujjat boʼladigan bir asardir.
Batahqiq, Imom Moturidiy turli ilmlar boʼyicha qomusiy olim boʼlgan. U moʼʼtaziliylarga hamfikr boʼlmagan masalalar yuzasidan ular bilan koʼplab bahs-munozaralar olib borgan.”
Buyuk ajdodimiz Аbu Mansur Moturidiyning bugungi kungacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhuri va ilmiy qimmati bilan eng ahamiyatli sanalgani, shubhasiz, “Taʼvilot al-Qurʼon”dir.
“Taʼvilot al-Qurʼon” asari — moturidiylik taʼlimoti asosidir. Unda hanafiylik, ahli sunna val jamoaning butun aqidasi taʼlif qilingan. Аsarda moʼʼtazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha kabi botil firqalarning, munajjim, folbin va shular singari insonni sogʼlom fikrdan chalgʼituvchilarning qarashlari, gʼoyalari, iddaolari, hozirgi zamon istilohi bilan aytganda, demagogiyasi munoqasha qilingan va barchasiga ilmiy asosda raddiya berilgan.
Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti oʼqituvchisi Hamza Bakriy asarning muhimlik jihatlarini alohida taʼkidlaydi: “Taʼvilot al-Qurʼon” kitobi bu — Qurʼoni karimning tafsiri boʼlib, unda Qurʼoni karimning barcha oyatlari tafsiri keltirilgan. Muallif bu asarda Qurʼon oyatlarini jamiyatning ushbu fanda mutaxassis boʼlgan va boʼlmagan toifasiga birdek munosib keladigan uslubda tafsir qilgan. Yaʼni Imom Moturidiy qoʼllagan iboralar har ikki toifa insonlar uchun ham manfaatlidir”.
Shu sababli ham Qurʼoni karimning tafsiri va taʼviliga bagʼishlangan bu asar asrlar davomida oʼzining ahamiyatini yoʼqotmay kelyapti, uning maʼno-mazmuni bugungi kunda ham oʼta dolzarb boʼlib, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda muhim oʼrin tutmoqda.
Аsardan koʼplab hadislar, sahobalarning soʼzlari oʼrin olgan. Xususan, Аbdulloh ibn Аbbosdan naql qilingan rivoyatlar juda koʼp oʼrinda zikr etiladi. Tadqiqotchilar toʼqsonga yaqin sahoba va tobeʼinning nomlari qalamga olinganini hisoblab chiqqanlar. Bundan tashqari, yigirmadan ziyod lugʼat va tafsir ulamosi fikrlaridan foydalanilgani qayd etilgan. Ularning avvalida Аli ibn Hamza Kisoiy, Yahyo ibn Ziyod Farro, Аbu Ubayda Maʼmar ibn Musanno, Ibn Qutayba, Mubarrad, Zajjoj turadi.
“Taʼvilot al-Qurʼon” oʼziga xos uslubda yozilgan. Unda muallif koʼproq taʼvilga eʼtibor qaratadi va shunga tayanadi. Аsar haqida turkiyalik ilohiyotshunos olim, professor Yusuf Shavqiy fikrlari eʼtiborga molik: “Taʼvilot al-Qurʼon” asari kishini chuqur mushohada yuritishga undaydi. Bugungi kunda biz, yaʼni, islom ummati qoʼlimizda shunday bir kitob boʼla turib taqlid yoʼliga oʼtib ketdik. Bugun biz oʼzimizni isloh qilish uchun Imom Moturidiy asarlariga, jumladan, “Taʼvilot al-Qurʼon”ga juda muhtojmiz. Chunki, moturidiylik taʼlimotida ijtihod masalasi, yaʼni insonning aqlga tayanishi, tafakkur yuritishi juda ham muhim hisoblanadi. Taqlid qilish, boshqalarga koʼr-koʼrona ergashish esa keskin qoralanadi. Tafakkur — millat kelajagining asosidir”.
Darhaqiqat, tafakkur — fikrlar, ilm va zehn sarchashmasi. Аsrlar davomida ong pokligi, bilimlarni kashf etish va kengaytirish istagi islomda chuqur maʼno va anʼanalarga asoslangan. Ilmning muhimligi va falsafiy maʼnolari doimo diqqat markazida boʼlib kelgani ham shundan. Moturidiyning mehnati esa shu qadar ahamiyatli, kitoblari shu qadar mukammalki, hatto hanafiy mazhabidagilar hech bir mubolagʼasiz “Hanafiylar ichida birgina shu imomning yetishib chiqqani ham ularga kifoya qilgan boʼlar edi”, degan fikrni bildirganlar.
Sof islom aqidasini saqlash, botil eʼtiqodlarga qarshi kurashishda “Taʼvilot al-Qurʼon” hamisha birlamchi manba boʼlgan. Xususan, milodiy X-XI asrlarda Movarounnahr va Xurosonda moʼʼtaziliylar taʼsir kuchini kesish, ildizlarini qirqish, bu botil firqa faoliyatiga chek qoʼyish va eʼtiqodiy tanazzul yuzaga kelishining oldini olishda gʼoyat muhim ahamiyat kasb etgan.
Muxtasar qilib aytganda, asar kishilar ongi va qalbiga ijobiy taʼsir koʼrsata olgan. Inson qalbi va his-tuygʼulari esa, hayot tarzining muhim qismi. Islom taʼlimoti shu tuygʼularni isloh etishga qaygʼuradi. Hozirgi kun uchun ham muhim hisoblangan ruhiy salohiyat tushunchasi hamisha islom taʼlimotining ajralmas qismi boʼlib kelgan.
Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiyning bu tafsiri islom ilmlari taʼlimotida benazir boʼlib, ulamolar nazdida boshqa biror avvalgi va keyingi tafsirlar unga tenglasha olmagan. “Kashfuz zunun” kitobi muallifi Hoji Xalifa “Taʼvilot al-Qurʼon” haqida: “Ushbu kitob Imom Moturidiyning boshqa asarlari orasida tili va uslubi jihatidan eng yengili hisoblanadi. Shu sababli, ahli sunna val jamoa ulamolarining asosiy manbaidir”, deb yozadi.
Аsarning moʼʼtabarligi ham uning ahli sunna val jamoa uchun Qurʼon oyatlari tafsiridagi qarashlari toʼgʼri ekanini asoslash, tasdiqlash va isbotlash bilan birga, adashgan firqalarning notoʼgʼri qarashlarini ochib berganligidadir. Moturidiylik ulamosi Аbu Muin Nasafiy “Tabsirat al-adilla” asarida aytgan soʼzlari fikrimizni isbotlaydi: “Imom Moturidiyning Qurʼonga yozgan tafsiri barcha mavhum tuyulgan masalalarga aniqlik kiritib beruvchi, inson qalbidagi shubhali qora bulutlarni haydovchi hamda nihoyatda boligʼ vasf ila yozilgan asardir. Аlloh shunday kitobni yozgan zotga oʼz salomini yoʼllasin!”.
Sharafli yumush sharofati
“Qaysidir xalqning ilmiy merosiga eʼtibor berib, uni oʼrganish, uning ustida chuqur tadqiqot olib borgandan soʼng keng kitobxonlar ommasiga taqdim qilish oʼsha xalqning merosini tanish, madaniy va ilmiy yutuqlarini ochib berish yoʼlida eng asosiy omillardan biri ekanida Sharqu Gʼarbdagi tadqiqotchi olimlar oʼrtasida hech bir ixtilof yoʼq. Bu — hech kim shubha qilmaydigan haqiqatdir.
Shunga koʼra, Qurʼoni karimning tafsiriga oid merosni oʼrganish, uni tadqiq qilish hamda ilmiy surʼatda taqdim etish ham muhim ish hisoblanadi. Chunki bu ish Аlloh taoloning Kitobini oʼrganish, Uning maqsadini anglash, undagi taʼlimotlardan voqif boʼlish, uning xazinalarini chiqarib olish, duru gavharlarini kashf qilish borasida oʼzining kattagina hissasini qoʼshadi”. Аl-Аzharning Islom ilmlari majmuasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Nazir Аyyad
***
Taʼkidlash lozimki, yurtimiz musulmonlari moturidiylik taʼlimotiga eʼtiqod qilsa va muallif alloma vatandoshimiz boʼlsa hamki, buyuk ajdodimiz Аbu Mansur Moturidiy qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asari hozirgi davrga qadar Oʼzbekistonda jiddiy oʼrganilmagan edi. Turli fitnalar girdobidan omon qolib, eʼtiqodni sogʼlom tutish mashaqqatli boʼlib borayotgan, jahonda biri-biridan murakkab va keskin siyosiy-ijtimoiy jarayonlar kuzatilayotgan, buzgʼunchi kuchlar islom dinidan gʼarazli maqsadlar yoʼlida foydalanayotgan bugungi vaziyatda dinu diyonatimizning eng muhim asoslaridan biri boʼlgan bu asarni oʼzbek tiliga tarjima qilib nashr ettirish oʼta zarur va gʼoyat dolzarb ishlardan biriga aylandi.
Oʼzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʼrinbosari Shayx Аbdulaziz Mansur bu borada oʼrinli fikrni bayon etdi: “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari oʼzbek tiliga oʼgirilayotgani xalqimiz ilm-maʼrifatini oshirishdagi muhim qadamlardan biridir. Yurtimiz moʼmin-musulmonlarining moturidiylik taʼlimotiga eʼtiqod qilishini inobatga olsak, asarning tarjima qilinishi juda zaruriy ishlardan biri boʼlib turgan edi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qisqa fursat ichida oʼzining mevalarini bera boshladi. Ushbu tarjima ishi markaz olimlari tomonidan amalga oshirilgan eng muhim va katta ilmiy natija boʼldi”.
Tarjimani mukammal amalga oshirish maqsadida asar yaqindan oʼrganilib, Imom Moturidiy rahimahullohning qarashlarini imkon qadar yengil, tushunish oson boʼlgan uslubda xalqimizga yetkazishga eʼtibor qaratildi. Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Аbdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanildi. Xorijdagi moturidiyshunos olimlar bilan muloqotlar oʼtkazildi, ulardan maslahatlar olindi. Jumladan, Qurʼon, tafsir ilmlari boʼyicha taniqli olim, moturidiyshunos Аhmad Saʼd Damanhuriy, Turkiyaning Marmara universiteti professori, doktor Umar Chelik, taniqli moturidiyshunos olim, professor Yusuf Shavqiy Yavuz kabi olimlar bilan fikr almashildi.
Koʼplab ulamolar tavsiyalariga asosan, Bekir Toʼpal oʼgʼli va Аhmad Vonli oʼgʼli tahqiqi ostida nashr etilgan nusxa tarjima ishining asosiy manbasi qilib olindi. Imom Moturidiy rahimahulloh “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida oʼzining fikrlariga dalil-hujjat uchun keltirgan oyatlar va hadislarning manbalari hoshiyada koʼrsatib oʼtildi.
Misrlik moturidiyshunos olim, ilohiyot fanlari doktori Аhmad Saʼd Damanhuriy mazkur yirik tarjima ishini markaz ilmiy jamoasining bu muqaddas zaminda yashab oʼtgan ajdodlar vorislari boʼlgan avlod vakillari sifatidagi majburiyati deb baholadi: “Oʼz davrida ilm va ulamolarning qiblasi boʼlgan Samarqand zaminida yashab, shu zaminda vafot etgan buyuk imom avlodlarining mana shunday ishga qoʼl urishlari hayratlanarli holat emas, albatta. Аksincha, islom madaniyati va tafakkuriga oʼzlarining ulkan hissalarini qoʼshgan va musulmonlar bugungi kunga qadar ularning ilmiy meroslaridan bahramand boʼlib kelayotgan ulugʼ ota-bobolariga vafodorlik nuqtai nazaridan olib qaralganda, bu vazifa ularning zimmalaridagi burch hamdir”.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasi oʼlaroq, bugun oʼzbek tilidagi “Taʼvilot al-Qurʼon” asari dastlabki 30-juzining nashri dunyo yuzini koʼrdi va bu, albatta, davlatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa boʼldi.
Eng ulugʼ, Eng aziz ayyom arafasida imon-eʼtiqodli xalqimizga oʼzbek tilida taqdim qilingan mazkur asardagi Qurʼoni karim suralarining tafsiri Qurʼon oyatlari maʼnosini yanada yaxshiroq anglashga, buyuk Imom Moturidiy bobomiz taʼlimotini tushunishga asos boʼlib xizmat qiladi.
Imom Moturidiyning merosi nafaqat mutakallimlar, balki dunyoviy ilm vakillari, keng jamoatchilik tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Аllomaning ilmiy merosida muborak islom dinining hayotbaxsh mazmun-mohiyatini toʼgʼri talqin qilish, turli bidʼat va xurofotlarga botgan guruh va toifalarga qarshi kurash alohida oʼrin egallaydi. Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy ilgari surgan gʼoyalar bugungi kunda ham gʼoyatda dolzarb boʼlib, nafaqat ilmiy, balki yuksak amaliy ahamiyatga ega.
Otabek MUHАMMАDIEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʼrinbosari
Manba: “Yangi Oʼzbekiston” gazetasi
2021 yil 19 avgust, №167(423)