Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi
Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 2026-2027-o‘quv yilining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ma’rifat va ziyo koshonasida tashkil etilgan ushbu qutlug‘ tadbir davlatimizning ulug‘vor Madhiyasi sadosi hamda Qur’oni karimning shukuhli tilovati bilan ochib berildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyati vakili bosh imom xatib, Mir Arab oliy madrasasi direktori Jobir domla Elov so‘zga chiqib, talabalarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etdilar. Jobir domla o‘z nutqlarida islom dinida ilm olishning yuksak fazilati, ustozga hurmat va ehtirom ko‘rsatishning manfaati hamda talabalik odobining muhim jihatlari haqida ta’sirchan fikrlarni bildirdilar.

Shundan so‘ng, ta’lim muassasasi direktori Jaloliddin domla Saburov so‘z olib, dargohning boy faoliyati, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda ularning zimmasidagi mas’uliyatli vazifalar to‘g‘risida atroflicha suhbat o‘tkazdilar. O‘quv jarayonlarini samarali tashkil etish va dars intizomi xususida esa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Narzillo Ahmedov nutq so‘zlab, talabalarga yangi o‘quv yilida bo‘lib o‘tadigan darslar hamda ta’lim dasturi borasidagi muhim tushunchalarni berib o‘tdilar.

Tantanali marosim nihoyasida el-yurt tinchligi, muassasa ravnaqi hamda ilm yo‘liga qadam qo‘ygan yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyatlarini tilab ezgu duoyi xayrlar qilindi. Shu tariqa, Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yangi o‘quv yili rasman va ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.

Ta’lim muassasasi matbuot xizmati
УЗ
РУ
EN
العربية