30.04.2026

Mazhablarni inkor qilishning hukmi

Bugungi kunda “mazhab kerak emas”, “faqat Qur’on va hadisning o‘zi kifoya”, degan gaplar quloqga chalinadi. Tashqaridan qaraganda bunday so‘zlar to‘g‘ridek tuyulishi mumkin. Lekin din faqat matnni o‘qish bilan emas, uni to‘g‘ri tushunish bilan bo‘ladi. Shu yerda mazhabning o‘rni bilinadi. Mazhab yangi din ham, alohida aqida ham emas. Balki u Qur’on va sunnatdan hukm chiqarishda buyuk mujtahid imomlar ko‘rsatib bergan ilmiy yo‘ldir.

Islom dinida bilmagan odam biladigandan so‘rashi buyurilgan. Alloh taolo aytadi:

فَسْـَٔلُوٓا۟ أَهْلَ ٱلذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘ranglar”.
(Nahl, 43)

Bu oyat bizga shuni o‘rgatadiki, har bir inson har bir masalada o‘zi mustaqil hukm chiqara olmaydi. Diniy ilm esa chuqur bilim, tajriba va nozik fahm talab qiladi. Arab tilini bilish, oyat va hadislarning ma’nolarini to‘g‘ri tushunish, dalillarni jamlash va ularni o‘rniga qo‘yish  bularning barchasi ilm ahlining ishidir. Shuning uchun oddiy musulmon uchun ishonchli mazhabga ergashish ojizlik emas, balki ilmga hurmatdir.

Mazhabga amal qilish Qur’on va sunnatdan uzoqlashish emas. Aksincha, ularni noto‘g‘ri tushunib qo‘yishdan saqlanishdir. Alloh taolo yana aytadi:

فان تَنَازَعْتُمْ فِي شَىْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى ٱللَّهِ وَٱلرَّسُولِ

“ Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsangiz uni Allohga va Rasulga qaytaring”.
(Niso, 59)

Lekin Qur’on va sunnatga qaytish ham ilm bilan bo‘ladi. Har kim o‘z xohishicha matndan hukm olavermaydi. Buni ulamolar tushuntirgan usul bilan anglash kerak. Mazhablar aynan shu vazifani bajargan. Mazhab ulamolari oyat va hadislarni bir-biridan ajratib emas, balki bir butun holda tushuntirganlar.

Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe’iy va Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahumullohlar dinni o‘zgartirgan zotlar emas. Ular Qur’on, sunnat va fiqh usullari asosida hukmlarni tartiblab bergan buyuk mujtahid imomlardir. Shuning uchun mazhablarni inkor qilish, aslida, asrlar davomida shakllangan ilmiy merosni mensimaslikka olib boradi. Bu esa xavfli yo‘ldir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ijtihod haqida shunday deganlar:

عن عمرو بن العاص:  إذا حَكَمَ الحاكِمُ فاجتَهَدَ ثُمَّ أصابَ فلَه أجرانِ، وإذا حَكَمَ فاجتَهَدَ ثُمَّ أخطَأ فلَه أجرٌ
راوه البخاري في صحيحه

Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Agar hukm chiqaruvchi hukm chiqarish chog‘ida ijtihod qilib, to‘g‘ri hukmga erishsa, unga ikki ajr bordir. Agar ijtihod qilib, xato qilsa, unga bir ajr bordir.”
Imom Buxoriy o‘zining “Sahih” asarida rivoyat qilgan.

Bu hadis ijtihodning shar’iy asosga ega ekanini ko‘rsatadi. Demak, buyuk imomlarning qilgan ishlari shunchaki shaxsiy fikr emas, balki ilmiy ijtihod mahsulidir. Lekin bu daraja har kimga ham berilmaydi. Har bir odam “men ham Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman”, desa, bu ilm emas, balki xavfli jur’at bo‘lib qoladi.

Mazhablarni inkor qilishning yana bir zarari — musulmonlar orasida parokandalik paydo bo‘lishidir. Bir kishi bitta hadis tarjimasini ko‘rib hukm chiqaradi, boshqasi bir oyatning tashqi ma’nosiga yopishadi, yana boshqasi internetdagi bir gapni mutloq haqiqat deb oladi. Natijada dinning hukmi emas, odamlarning shaxsiy talqinlari ko‘payadi. Bu esa ixtilofni kuchaytiradi va jamiyat birligini zaiflashtiradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilmni anglash darajalari turlicha bo‘lishini ham bildirganlar:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: نَضَّرَ اللَّهُ امْرَأً سَمِعَ مِنَّا شَيْئًا فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَ، فَرُبَّ مُبَلِّغٍ أَوْعَى مِنْ سَامِعٍ 
رواه الترمزي

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: “Bizdan biror narsani eshitib, uni qanday eshitgan bo‘lsa, shunday yetkazgan kishining yuzini Alloh yorug‘ qilsin. Zero, ba’zi yetkazuvchilar uni eshitgan kishidan ham teranroq anglab yetadi.”

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Bu hadis shuni ko‘rsatadiki, har bir eshitgan odam faqih bo‘lavermaydi. Dalilni to‘g‘ri tushunish, uni o‘rniga qo‘yish va undan hukm chiqarish alohida ilm talab qiladi. Ana shu darajaga yetgan zotlar fiqh imomlaridir. Demak, mazhabga ergashish hadisga qarshi chiqish emas, balki hadisni to‘g‘ri tushunishdir.
Shuni ham unutmaslik kerak: mazhablarni inkor qilgan har bir odamga darrov og‘ir hukm berilmaydi. Kimdir bilmasdan gapiradi, kimdir noto‘g‘ri ta’sirda qoladi. Bunday odamga nasihat va tushuntirish kerak. Ammo kimdir ulamolarni mensimasa, ummat tan olgan fiqhiy maktablarni kamsitsa va “faqat men haqman” degan yo‘lga kirsa, bu juda xatarlidir. Chunki bu yo‘l ko‘pincha kibrga, jamoatdan ajralishga va fitnaga olib boradi.

Yurtimizda asrlar davomida hanafiy mazhabi asosida diniy hayot shakllangan. Bu yo‘l ibodat, muomala, nikoh, meros va masjid odobida tartib va barqarorlikni saqlab kelgan. Mazhabning foydasi shundaki, u oddiy musulmonni ikkilanish va sarsonlikdan qutqaradi, amallariga aniqlik qalbiga esa xotirjamlik bag‘ishlaydi.

Xulosa shuki, mazhablarni inkor qilish to‘g‘ri yo‘l emas. Mazhab Islomdan tashqaridagi narsa emas, balki Islomni to‘g‘ri tushunishning ishonchli yo‘lidir. Uni inkor qilish odamni chalkashlikka, xatoga va boshqalarni ham chalg‘itishga olib borishi mumkin. Eng to‘g‘ri yo‘l esa bilmaganni biladigandan so‘rash, ishonchli ulamolar va tan olingan mazhab yo‘lidan yurishdir. Chunki najot hissiyotda emas, ilmda; da’voda emas, dalilda; o‘zboshimchalikda emas, tartibli ilmiy yo‘ldadir.

 

Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi,
Adiz Usmonov