27.08.2026

YAGONA VATAN –YAGONA XALQ BO’LIB, YANGI HAYOT VA KELAJAK YARATAMIZ

“Mustaqillik” deb atalmish ozodlik havosidan to’yib nafas olishni boshlaganimizga, mana 35 yil to’ldi. Ushbu yillar davomida yurtimiz jahon hamjamiyatida  munosib o’rin egallash bilan bir qatorda, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy yutuqlarga ham erishdi. Xususan, “Yangi O’zbekiston” shiori ostida boshlangan keng ko’lamli islohotlar natijasida, inson qadri yuksaldi hamda xalq manfaatlari oliy mezon qilib belgilandi. Buni turli sohalardagi yangilangan adolatli prinsiplardan ham ko’rish mumkin.

Avvalo, Davlat va xalq orasidagi buyrakratik to’siqlar olib tashlanishi bilan birga, davlat idoralari xalq manfaatlari uchun xizmat qilishi kerak , degan g’oya o’rtaga qo’yildi va shu g’oya atrofida zalvorli qadamlar tashlandi.

Xususan, 2017-yilda Xalq qabulxonalarining ochilishi va hozirgi kunda ham faoliyat yuritayotgani, xalqimizning qanchadan qancha muammolarining hal bo’lishiga yordam bermoqda. Shuningdek, davlat idoralarining xodimlari o’z faoliyatlarini xonadan turib emas, xalq bilan uchrashib, fikrlarini o’rganib, suhbatlashib ish olib borayotganlari so’zimizning tasdiqi bo’ladi.

Bundan tashqari, tarixiy-madaniy islohotlar natijasida ko’plab ajdodlarimizning nomi tiklandi. Masalan, Isxoqxon to’ra Ibrat, Ubaydulla Xo’jayev, Akmal Ikromov va boshqa ko’plab jadidlardir. Ularning buyuk xotirasi , ilmiy merosi , tarixiy xizmatlari yod etildi va keng targ’iboti kuchaydi.

Iqtisodiy islohotlar natijasida, bank va fuqoro o’rtasidagi munosabatlar liberallashtirildi. Yosh tadbirkorlarga imkoniyatlar kengaydi, soliqlar yengillashtirildi. Fuqorolar banklardan 500 Aqsh dollarigacha naqd valyutani hujjatsiz olishlari mumkin bo’ldi. Bundan tashqari, 2026-yilning o’zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihasini ishga tushirish belgilab qo’yildi.

Siyosiy jihatdan Markaziy Osiyo davlatlari bilan yuqori darajadagi qo’shnichilik yo’lga qo’yildi. Masalan, Qirg’iziston va O’zbekiston fuqarolari o’zaro qo‘shni mamlakat hududida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan bo’lish muddati 5 kundan 15 kungacha uzaytirildi. Turkiy davlatlar bilan ham iqtisodiy-siyosiy aloqalar kengaytirildi. Qozog’iston, Tojikiston, Ozarbayjon va Qirg’iziston davlatlari bilan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomalarni imzoladi. 

Diniy-ma’rifiy sohadagi ilmiy faoliyatning muhim markazlari sifatida Imom Buxoriy xalqaro markazi, ImomTermiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Imom Moturidiy ilmiy tadqiqot markazi, ushbu sohada ta’lim olmoqchi bo’lgan yoshlar uchun O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi faoliyati yo’lga qo’yildi.  

Yuqorida biz keltirgan islohotlar , ularning natijasi , albatta bizni tarqqiyot sari birlashtiradi. Zamonaviy texnologiya va aqlli smartfonlar davrida yashayotgan ekanmiz, biz ham kelajakda dunyo tan oladigan  texnikalar ishlab chiqara olishimizga ishonaman. Har birimiz o’z sohamizni yuqori darajada o’rganib, birgalikda  shu Vatan istiqboli yo’lida kuchli mutaxassis bo’lib xizmat qilaylik. Shunda, yagona Vatan –yagona xalq bo’lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz! 

 

Mir Arab o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi

mudarrisi Raxmatov Baxodir