IJTIMOIY TARMOQLARNING YOSHLAR TARBIYASIGA SALBIY TAʼSIRI
Olamlarning robbisi Аlloh subhonahu va taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar, barcha Paygʼambarlarning sayyidi, janobi Paygʼambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar boʼlsin!
Bugun shiddat bilan taraqqiy etayotgan asrimizda insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tubdan oʻzgarib ketdi. Yangi yangi texnologiyalar kundan kun oʻzgarib, internet va simsiz aloqa vositalari insonlar uzogʻini yaqin, dunyoning turli chekkasidagi kishilar muloqotini yengil qilishda xizmat qilmoqda. Ammo bu oʻzgarishlar natijasida bir qator dolzarb, ahamiyatli, bashariyatning kelajakdagi ijtimoiy taraqqiyotini belgilab beradigan muammolar ham vujudga keldi. Dunyoda gʻoyaviy, mafkuraviy tahdidlar kun sayin ortib bormoqda.
Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, yaʼni internet boʻldi desak, xato boʻlmaydi. Internet paydo boʻlgandan beri baʼzilar uni ijobiy baholashsa, baʼzilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televizor, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsak – yaxshi, yomonlikka ishlatsak, yomon narsaga aylanadi. Demak, bizning eng muhim vazifamiz – internetdan yomon maqsadda foydalanayotgan insonlarga, ayniqsa yosh avlodga, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir. Boshqa tomondan esa ijtimoiy tarmoqlarda milliy-diniy qadriyatlarimizga zid narsalarni targʻib qilayotgan shaxslar taʼsiriga tushmaslik yoʻllarini oʻrgatishdir. Zero Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ
yaʼni: “Eslating! Zero, eslatma moʻminlarga manfaat yetkazur” (Zoriyot surasi 55-oyat).
Har narsaning yaxshi va yomon tarafi boʻlganidek, soʻngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan:
Kishilarning shaʼniga tajovuz qilish avj olmoqda. Eng achinarlisi – koʻpincha tarqatilgan yolgʻon maʼlumotlar oqibatida insonning obroʻ va shaʼni toptalmoqda, taʼna toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan katta gunohlarga yoʻl ochilmoqda.
Shariatimizga koʻra, har bir musulmonning shaʼni va obroʻsini toʻkish – xuddi qonini toʻkish yoki molini oʻzlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun qatiyyan man etilgan. Qolaversa, Paygʻambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:
لَمَّا عُرِجَ بِي مَرَرْتُ بِقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ، يَخْمُشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ، فَقُلْتُ: مَنْ هَؤُلَاءِ يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَؤُلَاءِ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ فِي أَعْرَاضِهِمْ
(رواه الإمام أبو داود عن أنس رضي الله عنه)
yaʼni: “Jabroil alayhissalom meni osmonga olib chiqqanda, bir qavmning oldidan oʻtdim. Ularning misdan tirnoqlari boʻlib, u bilan yuzlari va koʻksilarini timdalashar edi. Men: “Ey Jabroil, bular kimlar?” – deb soʻradim. Shunda: “Ular odamlarning goʻshtini yeb – ularni gʻiybat qilib, obroʻlarini toʻkkan kimsalardir”, – deb javob berdilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifdan dinimizda insonning shaʼni, obroʻsi qanchalik qadrli ekanligi, uni poymol qilishning oqibati ayanchli ekani maʼlum boʻlmoqda.
Notoʻgʻri fatvo va qarashlar tarqalmoqda. Turli oqimlar oʻzlarining manfur qarashlarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng koʻlamda foydalanmoqdalar. Bu esa dindan, diniy maʼrifatdan yaxshi xabardor boʻlmagan kishilarni, ayniqsa yoshlarimizni, sof aqidadan ogʻib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida notoʻgʻri fikr va tushunchalar shakllanishiga sabab boʻlmoqda.
Avvalo shuni aytish kerakki, islom ulamolari yosh avlodga ilmlarni tartib bilan oʻrgatishga alohida eʼtibor berganlar. Ilmni oʻrganish – dinni oʻrganishdir! Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan taʼlim olgani ham nomaʼlum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir! Shariatimizga koʻra esa, uni kim yetkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi:
إِنَّ هَذَا الْعِلْمَ دِينٌ فَانْظُرُوا عَمَّنْ تَأْخُذُونَ دِينَكُمْ (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِم)
yaʼni: “Ilm – bu dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar", – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Imom Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayhi: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi oʻzining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.
Shuningdek, terrorchilar oʻzlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni oʻzlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq boʻlishayotgani achinarli hol, albatta.
Fahsh va behayoliklar tarqalmoqda. Yovuz niyatli kimsalar gʻarazli maqsadlari yoʻlida va xalqning oʻzligini yemirish uchun turli usullardan foydalanadi. Ulardan biri – jamiyatda axloqiy bu¬zuqlikni yoyishdir. Bu yoʻlda gʻalamislar ijtimoiy tarmoq orqali axloqsizlikni, fahshni keng tarqatishga bor imkoniyatlarini sarflamoqdalar. Behayolikka yoʻgʻrilgan tasvirlar, video-roliklar tarqatish orqali yer yuzida fasod tarqashiga “xizmat” qilmoqdalar.
Bu kabi illatlar jamiyatimizda oʻzining salbiy taʼsirlarini koʻrsatmay qolmaydi. Bu illat katta yoshdagilarning ham, oʻrta yoshdagilarning ham axloqiy buzilishiga olib kelmoqda. Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi:
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
yaʼni: “(Ey, Muhammad!) Moʻminlarga ayting, koʻzlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yoʻl)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi 30-oyat).
Ahli ilm, imom, ulamo kishilar haqida boʻhton uyushtiruvchi, ularni obroʻsizlantirishga urinuvchi guruhlar koʻpaymoqda. Ulamolar, imom-domlalarni yaqindan tanimagan, ular haqida aniq maʼlumotga ega boʻlmagan kishilar mazkur boʻhtonchi guruhlarning taʼsiriga tushib, soʻzlariga ishonib, ulkan gunoh boʻlgan – gʻiybat balosiga mubtalo boʻlmoqdalar. Bu haqda Hazrati Ibn Abbos raziyallohu anhumo shunday deganlar:
حَرَّمَ اللهُ أنْ يُغْتَابَ الْمُؤْمِنُ بِشَيْءٍ كَمَا حَرَّمَ الْمَيْتَةَ
yaʼni: “Alloh taʼolo oʻlaksa goʻshtini harom qilganidek, biror narsada ayblab moʻminni gʻiybat qilishni ham harom qildi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga boʻlayotgan zararlardan yana biri – har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-boʻhton soʻzlari bilan obroʻsizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan oʻylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, oʻzlariga ergashtirish va boshqarishdir.
Kishilarning, xususan yoshlarning ruhiyatiga, axloqiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ijtimoiy tarmoq orqali fikr bildirish va buning ortidan maqtov (“layk”)larni qoʻlga kiritishga urinish bugungi yoshlarini tobora oʻz domiga tortmoqda. Buning salbiy tomoni shundaki, foydalanuvchi bunday maqtov (“layk”)larni yana va yana olishni istaydi va rohatlanadi. Buning oqibatida ular virtual dunyoga butkul shoʻngʻib ketadilar va tashqi dunyodan uziladilar. Ijtimoiy tarmoqlarga bogʻlanib qolgan yoshlar boshqalar bilan jonli muloqotda qiynaladi, odamovi boʻlib qoladi, doʻstlashishda adashadi. Faqat ijtimoiy tarmoqda topgan “doʻst”larining fikri bilan ish koʻradigan boʻlib qoladi.
Albatta, ijtimoiy tarmoqni butkul yomonga chiqarishga haqqimiz yoʻq. Ijtimoiy tarmoq ham televideniye, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsa – yaxshi, yomonlikka ishlatsa – yomon natija beradi.
Shunday ekan, bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan foydalanib, dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni qilishdir. Har bir musulmon hayotda qanday umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim boʻlsa, internetdan foydalanishda yoki oʻzaro aloqada ham shu asoslarga rioya qilishi shart. Aks holda, turli noqulayliklar va gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish – har birimizning burchimizdir!
Mir arab oʻrta maxsus islom bilim yurti
oʻqituvchisi A.Mustafoyev maʼlumotlar
asosida tayyorladi
УЗ
РУ
EN
العربية