27.04.2026

Ekstremizm jamiyat uchun zarar

Ekstremizm – ma’lum bir shaxs yoki toifa tomonidan ma’lum g’oya yohud mafkurani olg’a surilishi va boshqa g’oyalarni inkor qilib, yo’q qilishga urinish. Ko’rinib turibdiki, ekstremizm mohiyatining o’zi “jamiyat” atamasi ko’targan ma’noga mutlaqo zid. Chunki jamiyat – insonlar jamoasi, ya’ni xalq. Ekstremizm esa o’z tushunchasini ilgari surish orqali boshqalar haq-huquqlarini poymol etilishi demakdir. Bir so’z bilan aytganda, jamiyat ichida o’rnatilgan umum qoidalarni buzish va ijtimoiy totuvlikni barbod qilishga urunish.

Ekstremizm turli sohalarda kuzatish mumkin. Chunki har bir sohada turfa fikrli soha vakillari ish olib boradilar. Vakillardan biri chiqib o’z fikrini mutlaq ekanligini da’vo qilishi va boshqalarga ham shuni majburan singdirishga urinishi o’sha sohada vujudga keladigan ekstremizmning ildizi hisoblanadi. Savol tug’ilishi tabi”iy: Nega insonlar o’z g’oyalarini majburlik va zo’ravonlik bilan singdirishga urinadilar? Buni bir nechta sabablari bo’lishi mumkin, hozirgi kunda avj olgan va ko’pchilikni o’z tuzog’iga ilintirayotgan xo’raklardan biri Ijtimoiy tarmoqlar hisoblanadi. Mafkuraviy bo’shliqqa ega, mustaqil va sog’lom fikrlash qobilyati shakllanmagan shaxslar extremistik g’oyalarni ilgari suruvchi kishilarning video mahsulotlarini hech qanday “filtr”siz ko’rishlari oqibatida ularga ham bu tajovuzkor tushuncha o’zlari payqamagan hollarida singib kiradi va bu tashabbusning bir vakili bo’lib qoladilar. Lekin, ularning o’zlariga bu qilayotgan ishlari noto’g’ri ekanligini aytsangiz, ular hech ishonishmaydi, balki sizni haqiqatdan gumroh bo’lgan kishi sifatida ko’rishadi. Mana shu eng xatarlisi, ijtimoiy tarmoq orqali bunday zararli g’oyalar bezatilgan va turli “hadya”lar orqali singdirilishi natijasida, kishi o’zini to’g’ri yo’lda deb o’ylaydi, va bunday o’ylov esa kishini to’g’ri fikrlashdan to’sadi. Bunga yechim sifatida esa, ommaviy axborot voistalari orqali shunday fikrlarni singdirishga urinayotgan ijtimoiy tarmoq vakillaridan ogohlantirish tadbirlari yaxshi samara beradi deb o’ylayman. Buning uchun esa ijtimoiy tarmoq algorimini tushungan holda ish olib boorish kerak. Maktab o’quvchilarining qo’l telefonlari, ijtimoiy tarmoqdagi ishtiroklari ota-onalar tomonidan muntazam nazorat ostida bo’lishi lozim.  Yana bir omillaridan biri, kishi hayotida yuz bergan biror voqea sabab yetgan psixologik, ruhiy jarohat yoki shiddatli muhitda unib-ulg’ayish bo’lishi mumkin. Chunki kishi atrof muhitni faqatgina “qora” parda bilan ko’radigan bo’lsa, butun jamiyatni shunday deb o’ylashi mumkin. Bunday insonlarni esa ekstremistik go’yalarga nisbatan immunitetlari juda zaif bo’lib, atrofdagi yaqinlari, do’stlari u bilan samimiy suhbat olib borishsa, muammo oldindan hal etilishi mumkin.
Agar bunday holat jamiyat ichra avj oladigan bo’lsa, juda katta notinchliklarga sabab bo’lishi turgan gap. Avvalo, jamiyatdagi ijtimoiy ishonch yo’qolib, kishilar bir-birlariga ishonmay qo’yadilar. Bolalarning maktablarga qatnovlari, avtoturargohga qo’yilgan mashinalar yohud yolg’iz qoldirilgan uy-joy ekstremistik g’oya vakillarining o’z ishlariga amaliy kirishishlari oqibatida xavf ostida qoladi. Natijada, jamiyatda xavotir, depressiya kuchayib jamiyat yot g’oyalarga nisbatan zaif bo’lib qoladi va parokandalikka bosh tutadi. Bundan tashqari “O’z fikrini majburlab singdiradigan”lar ko’paygani sari jamiyatda e’tiqod, fikr va so’z erkinligi yo’qolib, inson huquqlari poymol bo’ladi. Qayerda haq-huquqlar pymol qilinsa, o’sha joyda tarqoqlik va noroziliklar ko’payadi. Bir so’z bilan aytganda, jamiyatga “jamiyat” nomi munosib bo’lmay qoladi.
Shunday ekan, jamiyatning har bir a’zosi bu illatning oqibatini chuqur anglab yetgan holda, jamiyat farovonligi, tinchligi, va o’z haq-huquqlarini poymol etilmasligi yo’lida doimo xushyor bo’lmog’i va xushyorlikni yo’qotganlarni esa ogohlantirib muhabbat asosida go’zal hayot kechirmog’i kerak.

Turg’unboyev Anvar,
Mir Arab o’rta maxsus islom ta’lim   
muassasasi mudarisi