O'QISHNING SHAXS KAMOLOTI, MA'NAVIYAT VA JAMIYAT TARAQQIYOTIDAGI O'RNI
Mutolaa haqida so‘z ketganda, biz shunchaki harflarni tanib o'qishni emas, balki chuqur bilish (kognitiv) jarayonini tushunamiz. O‘qish — bu kutilgan ma’noga erishish yo‘lidagi turli ramzlarni yechishga asoslangan murakkab fikrlash jarayoni hamda "mavjud bilimlarni ishga solish san’ati"dir. Inson biror kitobni o‘qir ekan, matndan ko‘zlangan maqsadni anglash uchun o‘zining avvalgi tajribalarini ishga soladi.
Mutolaa — o‘zlikni kashf etish va o‘zgalarni tanishning eng muhim vositalaridan biridir. U inson oldidagi zamon va makon to‘siqlarini butunlay olib tashlaydi. Kitob o‘qiyotgan kishi o'zini asar qahramonlari bilan birga yashayotgandek his qiladi, o‘tmish va bugun o‘rtasida sayr qilib, kelajakka ezgu umidlar bilan boqadi. Turli xalqlarning turmush tarzi va o'tmish millatlar tarixi bilan tanishish orqali inson yaxshilik va yomonlikni, haq bilan botilni farqlash qobiliyatiga ega bo'ladi.
O‘qish inson aql-idrokini boyitadi, ma’naviyatini shakllantiradi va uni o‘zi yashayotgan jug‘rofiy hudud hamda zamon chegaralaridan kengroq, mutlaqo yangi olamlarga olib chiqadi. Go‘yoki o‘quvchi harflar yordamida oyoqlari yetib bormagan manzillarni zabt etadi.
Tarixga nazar tashlasak, mutolaaning naqadar muqaddas amalligiga guvoh bo‘lamiz. Jabroil alayhissalom Hiro g‘orida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy olib kelganlarida, koinotni larzaga solgan birinchi xitob "O‘qi!" bo'lgan edi. Payg'ambarimizning "Men o‘qishni bilmayman", degan javoblariga qaramay, bu buyruq uch bor takrorlandi va Qur’oni Karimning "Alaq" surasidagi ilk oyatlar nozil bo‘ldi.
Bu shunchaki oddiy so'z emas, balki barcha uchun umumiy, ochiq-oydin Ilohiy buyruqdir. Undan qochishning iloji yo‘q. Mutolaa orqali inson o‘z Yaratuvchisini taniydi, dunyoga kelishidan chin maqsadni anglaydi va o‘zining hayot yo‘lini to'g'ri belgilab oladi. O‘qish — ma’rifat kaliti, nafsni nurga to‘ldirish va uni tarbiyalashning birinchi qadamidir.
Mutolaaning go‘zalligi va uning ixlosli o‘quvchi qalbidagi asari shundaki, u insonga tafakkur ufqlarining ochilishini hadya etadi. Qalbdagi sokinlik va xotirjamlik hissini uyg‘otib, aqlga kuch va ishonch bag‘ishlaydi. Ko‘p mutolaa qilgan inson nimadir yo‘qotishdan qo‘rqmaydi, chunki uning qalbida jaholat zulmatini yorituvchi bilim nuri bo'ladi. Mutolaa — johillik qorong‘uligiga qarshi turuvchi tirik insonning eng o'tkir qurolidir.
Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, Qur’onning "o‘qi" degan buyrug‘i faqatgina diniy ilmlar bilan chegaralanmaydi. U mutlaq va cheksiz kelgani bois, Islomda ilm o‘rganish umumbashariy darajaga ko‘tarilgan. Dunyoviy ilmlar ham insoniyatga xizmat qilishi va Yaratuvchining san’ati hamda mo‘jizalarini tafakkur qilishga undashi bilan g'oyat qadrlidir. Eng asosiysi, inson nima o‘qiyotganini, qalbi va ongiga nima kirayotganini saralay bilishi hamda niyatini xolis qilishi lozim. Zero, mutolaa — aqllarning ozuqasi va anglovchi qalblarning xitobidir.
Zamonaviy tadqiqotlar shuni isbotlaydiki, o‘qish — kitobxonning ongini rag‘batlantiradigan va uni doimiy faollik holatida ushlab turadigan intellektual jarayondir. Uning ulkan foydalaridan biri turli aqliy kasalliklarning oldini olishi, miya salomatligini saqlashi hamda diqqatni jamlash va to‘g‘ri xulosa chiqarish qobiliyatini oshirishidir. Inson o‘z mutolaa doirasini kengaytirib borgani sari, hayot qiyinchiliklariga qarshi turish va ularni yengishda shunchalik kuchli bo‘lib boradi.
Mutolaa ashaddiy kitobxonning tahlil va tanqid qilish mahoratini ham charxlaydi. Tafsilotlarga e'tibor berishni o'rgangan o'quvchi vaqt o‘tishi bilan yaxshi yozuvchi bilan zaif yozuvchini, o‘z g‘oyalarini mohirlik va nafosat bilan yoritib bera oladigan adibni ajrata oladigan bo‘ladi.
Buning yana bir go‘zal jihati shundaki, u inson tasavvurini beqiyos darajada boyitadi. Hikoya yoki romanni o‘qiyotgan inson makonni, zamonni, qahramonlar chehrasi va hatto ranglarni o‘z fantaziyasi orqali chizadi. Natijada uning dunyoqarashi kengayadi, tasavvur olami kuchayadi va atrofidagi turfa olamlarni kashf etishga bo‘lgan jasorati ortadi.
Bugungi shiddatli tezlik asrida o'zimizga muhim bir savolni berishimiz lozim: Mutolaaning o‘zi tanazzulga yuz tutyaptimi yoki avlodlarning bilim darajasi pasayib bormoqdami?
Elektron qurilmalar va smartfonlar kitoblarning o‘rnini egallashi natijasida mutolaa sezilarli darajada orqaga ketmoqda. Hozirgi avlod ko'proq qisqa video lavhalarni afzal ko‘rmoqda, ularda hatto mingta so'zdan iborat maqolani ham oxirigacha o‘qishga toqat yetishmaydi. Smartfonlar miyani "gandiraklatib", uni har bir narsaning qisqasiga va teziga dasturlamoqda. Bu halokatli changaldan qutulish va o‘zligimizni asrab qolish uchun yagona yo'l — uylarimizdagi kutubxonalar qadrini tiklashdir.
Kutubxona inson hayot tashvishlaridan qochib boradigan, yechim va orom topadigan issiq maskanga aylanishi shart. Farzandlarimiz va kitob o‘rtasida do‘stona aloqa o‘rnatishimiz zarur. Shu o'rinda o'qishga odatlanayotganlar uchun bir muhim qoida bor: boshlagan kitobingizni shunchaki "boshlaganingiz uchun" oxirigacha o'qishga majbur emassiz! Agar o‘qiyotgan asaringizdan biror yaxshilik va manfaat sezmasangiz, o‘zligingizni sayqallaydigan boshqa asarni qidirishda mutlaq erkin bo‘ling.
Xulosa qilib shuni baralla aytish mumkinki, mutolaa shunchaki vaqt o‘tkazish vositasi emas, balki millatning ma’naviy qiyofasini belgilovchi, uning tomirlariga hayotbaxsh kuch bag‘ishlovchi beqiyos manbadir. Kitobga oshno bo'lgan, mutolaani kundalik ehtiyoj va umuminsoniy qadriyat darajasiga ko'tara olgan jamiyatgina jaholat zulmatidan, qoloqlik va ma'naviy qaramlik kishanlaridan to'laqonli ozod bo'lish baxtiga muyassar bo'ladi.
Tarix shohidki, qaysi xalqning tafakkur osmonida bilim nuri charaqlasa, o'sha xalqning parvozi baland, qaddi tik va irodasi yengilmas bo'lgan. Aynan keng dunyoqarashga ega, zukko va kitobxon avlodgina bugungi global olamning murakkab siyosiy va ijtimoiy to'siqlarini yengib o'tishga, jamiyatni ma'rifat cho'qqilari sari dadil yetaklashga qodirdir. Zero, kitob — najot qalqoni, mutolaa esa qalbni yuksaltirib, insonni o'z asliga va komillik sari eltuvchi yagona nurli yo'ldir.
Dilshod ALIYEV,
Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim
muassasasi matbuot kotibi,
“Boloi Hovuz” masjidi imom xatibi
УЗ
РУ
EN
العربية