Fiqhiy masalalarda ixtiloflar va ularning yechimi
Har qanday jamiyatning barqarorligi, uning ijtimoiy-siyosiy holatidan qat’i nazar, shaxsiy va jamoaviy munosabatlarni tartibga soluvchi muayyan qonun-qoidalarga tayanadi. Islom dini vujudga kelguniga qadar arab jamiyatida tinchlikni saqlash, jinoyatchilikning oldini olish va hayotiy muammolarni yechishga qaratilgan o‘ziga xos huquqiy an’analar mavjud edi. Biroq, bu qoidalar tarqoq bo‘lib, yagona va mukammal tizimni tashkil etmas edi. Islom ilk bor yoyilgan muhitda qabilaviy tuzum hukmron bo‘lib, markazlashgan hokimiyat hamda yagona sud tizimi mavjud emasdi. Bu esa muammolarning umumiy yechimida murakkabliklar tug‘dirar edi. Nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, agar tomonlar o‘zaro bitimga kela olmasalar, hakamlar xizmatidan foydalanilgan. Hakamlar odatda keng dunyoqarashli, zukko, jamiyatda e’tibor qozongan shaxslar yoki kohinlar orasidan saylangan. Payg’ambarmiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklaridan avval Hajarul-asvadni o‘rniga qo‘yish bilan bog‘liq nizoni hal qilishlari bunga yorqin misoldir.
Islom dini jamiyat hayotiga kirib borar ekan, mavjud urf-odatlar va an’analarni tahliliy me’yordan o‘tkazdi. Bu jarayonda fiqhiy ixtiloflarni kamaytirish va ijtimoiy adolatni o‘rnatish uchun uch xil yondashuv qo‘llanildi:
1. Bekor qilish (Nasx): Jamiyat uchun zararli bo‘lgan amallar ta’qiqlandi. Masalan, sudxo‘rlik (ribo) butunlay xarom qilindi, amaldagi nikoh shakllaridan faqat bittasi qonuniy deb qoldirilib, qolganlari (jumladan, vaqtincha nikoh) bekor qilindi.
2. Isloh qilish: Mavjud savdo va sheriklik bitimlari takomillashtirildi. “Muzoraba” va “Shirkat” me’yorlari qabul qilindi, “Salam” bitimiga esa adolatni ta’minlovchi aniq shartlar kiritildi.
3. Tasdiqlash: Jamiyat manfaatlariga va Islom shariatiga zid bo‘lmagan muboh ishlar, ijobiy urf-odatlar o’z o’rnida qoldirildi .
Payg‘ambar alayhissalom hayotlik davrlarida barcha fiqhiy muammolar vahiy bilan hal etilgan. U zotning vafotlaridan so‘ng esa ixtilofli masalalarni yechish tartibi avvalo Qur’on va Sunnatga tayanilgan. Agar asosiy manbalardan yechim topilmasa, sahobalar va tobeinlarning ittifoq qilgan qarorlari (ijmo)ga murojaat qilingan. Islom davlati chegaralari kengayib, yangi ijtimoiy muammolar paydo bo‘lishi natijasida ijtihod qilinishga ehtiyoj ortib bordi. Bunda mavjud fiqhiy manbalarda o‘xshashi bo‘lmagan masalalar asosiy fiqhiy manbalarga qiyos holda va islomdagi mantiqiy xulosalar yordamida hal qilindi. Hijriy II va III asrlarda mazkur jarayonlar ilk fiqhiy maktablar - mazhablar shakllanishiga olib keldi. Bu muassasalar islom jamiyatining huquqiy institutlarini mustahkamlab, turli xil qarashlarni ilmiy tizimga soldi va ixtiloflarni hal qilishning metodologik asoslarini yaratdi. Aynan shu davrda islom olamining turli hududlarida ulkan ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan mujtahidlar va faqihlar silsilasi yetishib chiqdi. Ularning sa’y-harakatlari natijasida islom fiqhi tizimlashgan holda taraqqiy etdi va bugungi kunda bizga ma’lum bo‘lgan to‘rt asosiy sunniy mazhab tamal toshlari qo‘yildi. Asta-sekin mujtahid ustozlarining usul qoidalarini saqlagan holda shogirdlar tomonidan kitoblar tasnif qilindi, shu usul asosida shogirdlar yetishtirildi. Natijada yillar to’zonidan faqat 4 mujtahidning fiqhiy yo’nalishi bardavom yetib keldi va mazhabga aylandi. Har bir fiqhiy mazhab o‘z asoschisining nomi bilan atala boshlandi: hanafiylik, molikiylik, shofe’iylik, xanbaliylik. To’rt mazhab ham asosiy manba Qur’on va sunnatdan chiqmadi va bu asosiy manbalarga xilof qilmadi. Faqatgina Qur’on va sunnatda kelmagan masalalardagina to’rt mazhab o’z fiqhiy usullariga ko’ra, ijmo, qiyos kabi fiqhiy manbalardan foydalanib yechim beradi. Hukm chiqarishda mazkur tartibga, ya’ni, avval Qur’on, keyin sunnat, so‘ng ijmo’ va undan keyin qiyos kelishiga dalillardan biri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yaman musulmonlariga ta’lim bermoq uchun yuborayotgan vaqtlaridagi ko‘rsatmalaridir:
عنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم لَمَّا أَرَادَ أَنْ يَبْعَثَ مُعَاذًا إِلَى الْيَمَنِ قَالَ: "كَيْفَ تَقْضِي إِذَا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ؟" قَالَ: أَقْضِي بِكِتَابِ اللَّهِ. قَالَ: "فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي كِتَابِ اللَّهِ؟" قَالَ: فَبِسُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم. قَالَ: "فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي سُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلاَ فِي كِتَابِ اللَّهِ؟" قَالَ: أَجْتَهِدُ رَأْيِي وَلاَ آلُو. فَضَرَبَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم صَدْرَهُ وَقَالَ: الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ اللَّهِ لِمَا يُرْضِي رَسُولَ اللَّهِ.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muozni Yamanga (qozi qilib) yubormoqchi bo‘lganlarida, undan so‘radilar:
- Sendan bir hukm (masala) so’ralsa, qanday hukm qilasan?.
- Allohning Kitobi bilan hukm qilaman,- dedi.
- Agar Allohning Kitobidan (u masalani) topmasang-chi?
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan, - dedi.
- Agar Rosulullohning sunnatidan ham topolmasang-chi?
- Unda bor bilimimni sarflab ijtihod qilaman va (to‘g‘ri yo‘lni izlashda) aslo sustkashlik qilmayman, - dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ko‘kragiga (qo‘llari bilan) urdilar va: "Rasulullohning elchisini Rasululloh rozi bo‘ladigan narsaga muvaffaq qilgan Allohga hamd bo‘lsin!" - dedilar.
Bugungi kunda mazhabsizlikka chaqirayotgan, ko’rinishidan sahobalar yo’lini da’vo qilayotgan ba’zi jamoalar turli ixtiloflar bilan chalg’tishga urinmoqda. Bu kabi asossiz g’oya tarfdorlariga qancha dalillar olib kelinsa ham o’zlarining “puch” da’volarida johillarcha sobit turaveradilar. Vaholanki, haqiqatni izlagan, aqlini ishlatgan kishi Qur’on , sunnat, ijmo va qiyos asosida necha yillardan beri musulmon ahlini o’z atrofida jamlab, ularning fiqhiy masalalariga to’g’ri yechim berib kelayotgan to’rt fiqhiy mazhabning dalillarini tinglasa, unga og’ishmay amal qiladi. Shuni ta’kidlash lozimki, yuqorida aytilgan to’rt fiqhiy mazhab mazhabboshilar nomi bilan atalsada, bu yo’l faqatgina mazhabboshilarning so’zlaridan tashkil topgan, islomdan alohida tarmoq emas. Balki Islomning asl manbalari bilan to’yingan, islomning asl yo’lidir.
Raxmatov Baxodir,
Mir Arab o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi mudarrisi
УЗ
РУ
EN
العربية