ISLOMDA MUSIBATGA SABR VA MARHUMNING HAQLARI
Olamlarni yaratgan Alloh taolo bu hayoti dunyoni va oʻlimni insonlarni sinash uchun yaratgandir. Qurʼoni karimning Mulk surasida taʼkidlanganidek, hayot va mamot qaysi banda chiroyliroq va savobliroq amal qilishini sinovdan oʻtkazish uchun berilgan. Yer yuzidagi barcha mavjudot foniy boʻlib, faqatgina Ulugʻlik va Ikrom sohibi boʻlmish Allohning oʻzigina boqiydir. Shunday ekan, oʻlim – butun bashariyat hayotida kuni kelib yoʻliqishi muqarrar boʻlgan haqiqatdir. Shariatimizda har bir amalning oʻz tartib-qoidasi boʻlgani kabi, janoza va azadorlikning ham oʻziga xos hukmlari va yuksak odoblari belgilab qoʻyilgan.
Islom dinida musulmonlarning oʻzaro mehr-oqibati va birodarligiga katta eʼtibor qaratiladi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam musulmonning musulmon zimmasida oltita haqqi borligini, shulardan biri – vafot etganida uning janozasiga ergashish ekanini taʼkidlaganlar. Janoza namozi shunchaki oddiy anʼana emas, balki inson zotiga koʻrsatilgan yuksak ehtirom namunasi va farzi kifoya boʻlgan ibodatdir. Kimki imon va savob umidida musulmon birodarining janozasida qatnashib, dafn etilgunga qadar tursa, unga Uhud togʻidek keladigan ikki qiyrot ulkan ajr vaʼda qilingan. Dafndan oldin qaytgan kishi esa bir qiyrot savob bilan qaytadi.
Sarvari koinot shunday deganlar: “Kim imon va savob umidi ila bir musulmonning janozasiga qatnashsa, janozasi oʻqilib dafnidan forigʻ boʻlinguncha tursa, ikki qiyrot ajr bilan qaytadi. Har bir qiyrot Uhud togʻichadir. Kim janozani oʻqisa va dafn qilinmay turib qaytsa, bir qiyrot bilan qaytadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Dunyo hayotida yaqinlardan ayrilish eng ogʻir sinovlardan biridir. Biroq, bu sinovlarga sabr qilish bandaning xato va gunohlariga kafforot boʻladi. Musibat yetgan xonadonga borib, marhumning yaqinlariga tasalli berish, Allohning hukmiga rozi boʻlishga chaqirish shariatimizda juda savobli amal sanaladi. Taʼziya bildirgan kishi Qiyomat kuni ulugʻlik libosi bilan mukofotlanishi va musibatzadaga berilganchalik ajrga ega boʻlishi hadislarda bayon qilingan. Shariatimizga koʻra, dafn kunidan boshlab uzogʻi bilan uch kungacha aza tutishga ruxsat beriladi va bu kunlarda janozaga ulgurmaganlar kelib tasalli berib ketishlari mumkin.
Paygʻambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar: “Qaysi bir moʻmin birodarining musibatiga taʼziya bildirsa, Alloh unga Qiyomat kuni ulugʻlik libosini kiydiradi” (Imom ibn Moja rivoyati).
Mayyitni soʻnggi yoʻlga kuzatishda tezkorlik talab etiladi. Agar u solih inson boʻlsa, oʻziga vaʼda qilingan yaxshilikka tezroq yetadi.
Rasuli akram sallallohi alayhi vasallam ushbu hadisni zikr etganlar: “Mayyitni soʻnggi yoʻlga tezroq olib boringlar, chunki agar u ahli solihlardan boʻlsa, uni kutilayotgan joyga tezroq olib bormoq darkor. Agar bunday boʻlmasa, yelkangizni noxush yukdan tezroq xoli qilgan boʻlasiz” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Tobutkashlar tobutni navbat bilan, avval mayyitning oʻng yelka, soʻng oʻng oyoq, keyin chap yelka va chap oyoq tomonidan koʻtarishlari sunnatga muvofiqdir. Kezi kelganda shuni alohida taʼkidlash joizki, musibat qanchalik ogʻir boʻlmasin, mayyit ortidan baqirib, dod-faryod qilish qatʼiyan man etiladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oila aʼzolarining haddan tashqari dod-faryodi sababli marhum azoblanishini uqtirib, musibatni vazminlik bilan yengib oʻtishga chaqirganlar.
Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday taʼlim beradilar:“Marhum oiladagilarining haddan tashqari dod-faryodi sababli azoblanadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Bugungi kunda eng koʻp eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan masalalardan biri – taʼziya marosimlari va xudoyilarni oʻtkazishdagi meʼyordir. Islom dini hech qachon bandasiga toqatidan tashqari ishni yuklamaydi. Odamlar, qoʻni-qoʻshnilar oldida xijolat boʻlmayin deb, qarzga botib yoki bor-budini sarflab ehson dasturxoni yozish shariatimizda nomaqbul ish sanaladi.
Qurʼoni karimda: “Alloh taolo sizlar uchun bu dinda hargiz qiyinchilik yaratmadi” (Haj surasi, 78-oyat).
Shuningdek, dafndan soʻng payshanbalik, yakshanbalik, hayit kunlaridagi maxsus marosimlar kabi muayyan kunlarga bogʻlab qilinadigan xudoyilar diniy manbalarimizda buyurilmagan. Bunday marosimlarni marhumning merosi taqsimlangach, oila iqtisodiga zarar yetkazmaydigan holatda, ahli ilmlar bilan bamaslahat, isrof va dabdabadan xoli tarzda, kamtarona oʻtkazgan maʼqul.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, oʻtib ketgan yaqinlarimizni xotirlash va ularga savob yetib borishini istasak, faqatgina dasturxon yozib taom ulashish bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Kam taʼminlangan oilalarga yordam berish, beva-bechoralarning holidan xabar olish, farzandlariga kiyim-kechak olib berish yoki koʻpchilikka doimiy manfaat keltiradigan xayrli ishlarni amalga oshirish orqali marhumlarning ruhini chinakamiga shod etib, ularga uzluksiz savob borib turishini (sadaqai joriya) taʼminlashimiz mumkin. Alloh taolo barchamizga musibat yetganda chiroyli sabr bersin, yurtimizni tinch qilib, hayotimizni shariat koʻrsatmalariga muvofiq, mazmunli oʻtkazishni muyassar aylasin.
Dilshod Aliyev,
Mir Arab oʻrta maxsus islom
taʼlim muassasasi matbuot kotibi
УЗ
РУ
EN
العربية