14.08.2021

Muharram qanday oy?

«Muharram» soʼzi lugʼatda «hurmatlangan», «harom qilingan», «ulugʼlangan» degan maʼnolarni anglatadi. 
Muharram – hurmatli oy. Bu oyni barcha paygʼambarlar eʼzozlashgan. Xususan, Paygʼambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham. U zotdan oʼrnak olgan sahobalar va ularning yoʼllariga ergashgan barcha solihlar uni oʼzgacha izzat-ikrom etishgan.
Ibn Rajab rahmatullohi alayhi «Latoifil maʼorif» nomli kitoblarida shunday yozganlar: «Salafi solihlar uchta oʼn kunlikni ulugʼlardilar. Ular: Ramazon oyining oxirgi oʼn kunligi, Zulhijja oyining avvalgi oʼn kunligi va Muharram oyining avvalgi oʼn kunligidir».
Muharram – hijriy-qamariy sananing birinchi oyi. Yaʼni milodiy yil Yanvarь oyidan, hijriy-shamsiy yil Hamal oyidan boshlansa, hijriy-qamariy yil Muharram oyidan boshlanadi. Yilning oʼn ikki oyi: Muharram, Safar, Robiʼul avval, Robiʼul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxir, Rajab, Shaʼbon, Ramazon, Shavvol, Zulqaʼda, Zulhijja.
Muharram – harom qilingan oy. Аlloh taolo yilning toʼrt oyida urush va buzgʼunchiliklarni harom qilgan.

إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلَا تَظْلِمُوا فِيهِنَّ أَنْفُسَكُمْ ...

«Аlbatta, Аllohning nazdida oylarning adadi – Аllohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – oʼn ikki oydir. Ulardan toʼrttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Аna shu toʼgʼri dindir. Bas, oʼsha (oy)larda (jang qilib) oʼzingizga zulm qilmangiz!...» (Tavba surasi, 36-oyat).
Bular: Muharram, Rajab, Zulqaʼda va Zulhijja oylaridir.
Muharram – Аllohning oyi. Rajab Paygʼambar alayhissalomning, Ramazon esa ummatlarning oyidir. Hadislarda ushbu oy «Аllohning oyi» ekanligi haqida xabarlar bor. 
Muharram – barokatli oy. Ramazon oyidan keyingi eng barokatli, muborak, qadrli va fazilatli oy bu – Muharram oyi ekanligi toʼgʼrisida xabarlar mavjud.
Muharram – itoat oyi. Bu oyga tegishli buyruqlar, amrlar, fazilatlar Аlloh taolo va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taraflaridan aytilgan. Birortasi bandalar tomonidan toʼqib chiqarilgan narsa emas. Musulmon ummat bunga jiddiy eʼtibor berib, imkoni boricha itoat etmogʼi kerak. 
Аlloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qilgan:

ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ حُرُمَاتِ اللَّهِ فَهُوَ خَيْرٌ لَهُ عِنْدَ رَبِّهِ

«(Gap) shudir. Kimki Аlloh harom etgan narsalarni katta gunoh deb bilsa, bas, bu Parvardigori nazdida oʼzi uchun yaxshidir» (Haj surasi, 30 oyat).

Har bir oyning oʼziga yarasha xususiyati boʼlgani kabi bu oyda ham koʼplab sir-sinoatlar, barakalar, fazilatlar mujassamdir.
Biz ham ota-bobolarimiz yoʼlidan yurib, bu hurmatli oyni qadrlashimiz, yangi yil – yangi oyga yetganimizdan quvonishimiz, oila aʼzolarimizga kenglik yaratishimiz, bu oyning haromligiga shak keltirmasdan eʼtiqod qilishimiz, toat-ibodatda boʼlishimiz, Аllohning oyini eʼzozlashimiz, hurmatini joyiga qoʼyishimiz, muborak oyning fazilatini unutmasligimiz darkor. 

ERKIN QUDRАTULLOH, 
Mir Аrab oʼrta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi