07.10.2024

Rosululloh eng buyuk muallim

“Men dunyo tarixini oʻqib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari toʻplagan barcha saltanatu boylik, qasrlaru saroylar Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan. Biz Yevropa millatlari, madaniy imkonimiz yuqori boʻlishiga qaramay, Muhammad alayhissalom soʻnggi pogʻonasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi pillapoyasidamiz, xolos. Hech shubha yoʻqki, biror kimsa u zotdan yuqoriroqqa oʻta olmaydi”. (Buyuk nemis faylasufi Ioxann Volfgang Gyote.)
Hayotda koʻpchilik oʻziga qiyos izlaydi. Qaysidir olim, qaysidir qahramon va qaysidir sanʼatkorni oʻz ideali deb biladi. Maslahatim shunday kishilarga, izlayotgan ideal kishingizni 7 milliard inson ichidan izlab charchagan boʻlsangiz, qalbidan yomonlikka buyuruvchi nafs olib tashlangan, Shayton nasibasi undan uzilgan komil insonni izlang . Chunki Unday inson oʻz nafsidan kelib chiqib gapirmaydi, soʻzi haq, yoʻli toʻgʻri boʻladi. Shunday inson ham bormikan? Albatta bor.  U Zot Muhammad sollallohu alayhi va sallam.
Muhammad sollallohu alayhi va sallam bobosining tushidayoq olamga nur boʼlib koʻrinishi bilan  bobosining qalbini egallagan olamlarga rahmat Paygʻambar. Ismi taqdiriga hamohang boʻlgan, tinimsiz maqtovlarga sazovor Allohning eng sevimli bandasi. Oʻzidan keyingilarga abadiy ibrat, har bir izlanuvchi muxlis bandaga komil muallimdir. Uhud togʻi U Zotga pand berganda ham, U Zot Uhudga pand bermagan kechirimi togʻdan kuchli, qalbi samimiyatga, muhabbatga toʻlgan mahbub habibdir. Toʻxtovsiz sinovlarning zanjiri U Zotning bardoshini buka olmagan, U Zotga qasd qilganlar nihoyatda islomga iymon keltirgunicha chiroyli sabr va adolat bayrogʻini yelkaga ilib zalvorli qadamlar ila oʻrnak boʻlgan, islomga qalqon, Qiyomatda unmatiga nurli shafoatchidir. U Zot haqlarida qancha maqtovlar aytsak oz, goʻzal xulqlarni marjondek ipga tersak, bu marjonning oxiri koʻrinmaydi. 
Darhaqiqat, U Zot hayotlaridan ibrat izlagan kishiga ibrat bor, kasbida yoʻl yoʻriq izlaganga tavsiyalar  bor. Ushbu tavsiyalar asrlar oshsa-da oʻz koʻlamini yoʻqotmagan, aksincha u moʻjizalar ilmiy isbotini topib tasdiqlanib bormoqda. Birgina taʼlim sohasidagi kishi izlansa, oʻzi uchun oʻnlab koʻnikma olishi mumkin. Shu oʻrinda soʻzimizga isbot oʻlaroq, dars jarayonida talabalarga yangi darsni yetqazish boʻyicha Rosulullohdan qiyos izlaylikchi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadis da Abu Said roziyallohu anhu aytadilar: Rosululloh sollallohu alayhi va sallam menga: “Masjiddan chiqishingdan oldin senga Qurʼoni karimdagi ulugʻ suralardan birini oʻrgataman”, dedilar. Keyinroq qoʻlimdan ushlab masjiddan chiqa boshlagan edilar, men u zotga: “Menga Qurʼoni karimdagi ulugʻ suralardan birini oʻrgataman deb aytmaganmidingiz?” dedim. Soʻng U Zot: “Alhamdulillahi Robbil aalamiyn (Fotiha surasi) —  ikki marta nozil boʻlgan yetti oyat”, dedilar. Talabalarni bir yangilik aytaman deb qiziqtirib qoʻyish, dars mobaynida sergak oʻtirishlarini taʼminlaydi. 
Deymizki, ilm olib, olim, shifokor, muhandis, dasturchi, qoʻyingki  jamiyatimiz uchun muhim boʻlgan bir manfaatli kasbni egallashga intiling. Faqat poydevorini Rosululloh sollallohu alayhi va sallam siyratlaridan oling. Shunda kasbingiz avvali yaxshilik, xizmat haqi barakali boʻladi. Qiyinchilikka tushsangizchi?! Unda ham Rosulullohdan ibrat oling. Axir, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam har bir jabhada biz uchun eng buyuk muallim!

Mir Arab oʻrta maxsus islom taʼlim muassaasi 
2-bosqich tolibi
Temirov Ogʻabek O‘g‘li