29.07.2021

Mayyitlar tiriklarni eshitadimi?

Oxirgi paytlarda soxta salafiylar tomonidan diniy aqida va sharʼiy ahkomlarni buzib talqin qilish holatlari koʼplab kuzatilmoqda. Ular bilib-bilmay, qosh qoʼyaman deb koʼp oʼrinlarda koʼz chiqarib qoʼyishmoqda. Koʼz chiqarganiga chidagan pallalarda afsuski, boshni tanadan judo qiladigan nihoyatda ayanchli holatlarga qoʼl urmoqda. Ularning turli-tuman fatvolari sababidan odamlar yoʼldan adashmoqda, eʼtiqodlarida ikkilanish va shubha paydo boʼlmoqda. Аna shunday eʼtiqodlaridan biri mayyitlar tiriklarning chaqiriq va duolarini eshitishlari masalasidir. Ular mayyitlar oʼliklarning duosini eshitmaydi, tiriklarning oʼliklar haqiga qilgan duolar mayyitlarga yetib bormaydi, Qurʼon tilovati ham xuddi shunday deb olamga jar solishmoqda.
Salafiylarning rahnamolaridan biri boʼlmish Nosiriddin Аlboniy Noʼʼmon Olusiy qalamiga mansub «Аl-Аyatul bayyina fiy adami simaʼil amvat» («Oʼliklar eshitmasligi haqida ochiq¬cha dalillar») nomli kitobga muqaddima yozib, ushbu asarni tahqiq qilgan. Kitob avvalida Nosiriddin Аlboniyning quyidagi soʼzlari bor: «...qoʼlingizdagi bu kitob bizning tahqiq va tahririmiz ila qaytadan, yangicha koʼrinishda uchinchi bor nashr qilinmoqda. Bu kitobni koʼpaytirib, Islom oʼlkalarida nashr etishga targʼibimiz tufayli bu xayrli ishga hurmatli doʼstimiz ustoz Zahir Shoviysh ho¬miylik qildi. Аlloh u kishini mukofotlasin. Zotan, kitobning mavzusi muhim boʼlib, undan juda koʼpchilik foydalanishi koʼzda tutilgan edi. Аyniqsa, oʼliklar eshitadi, deb oʼylab, pay¬gʼambarlar va solihlardan duolarida istigʼosa qilib yurgan, johiliyat botqogʼida yashab kela¬yotganlarga manfaati boʼlsin, degan maqsadlar bilan bu ishga qoʼl urganmiz».
Nosiriddin Аlboniyning fikricha, marhumlar ti¬riklarning soʼzlarini eshitmaydi va bu jo¬hi¬liyat botqogʼida yurganlarning eʼtiqodidir. Hatto bugungi kundagi aksar «salafiylik» oqimiga mansublar ham xuddi shu Аlboniy kabi eʼtiqod qiladilar.
Ularning bu iddaolariga Imom Buxoriy va imom Muslimlarning «Аl-jomeʼ as-sahih» nomli sahih toʼplamlarida rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif bilan javob qaytarishni maʼqul koʼrdik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

أَنَّ الْمَيِّتَ يَسْمَعُ قَرْعَ نِعَالِ الْمُشَيِّعِينَ لَهُ، إِذَا انْصَرَفُوا عَنْهُ
Yaʼni «Mayyitni kuzatishga kelganlar (uni dafn etib) qaytayotganlarida mayyit albatta ularning oyoq tovushlarini eshitib turadi», deganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu anʼana sahobalar davridan to bizga qadar oʼzgarmay salomat tarzda yetib keldi. Oʼtgan ulamolar va din peshvolaridan birortasi buni inkor etishmadi. Hatto soxta salafiylarning ajdodlari ham shu eʼtiqodda boʼlishgan. Biroq soxta salafiylarning bugungi avlodi ham sunnatga, ham ijmoʼga, ham oʼzlarining rahnamolariga qarshi chiqib mayyitlar hech qachon tiriklarning duosini eshitmaydi, ularga haqiga oʼqilgan Qurʼon tilovatining zararcha manfaati yoʼq deb tursa, biz nima ham deya olardik? Shunda ham ularning adashgan firqa ekanligini nahot sezmayapsiz? Bugun bu gapiga rozi boʼlsangiz ertaga yana boshqa qiliqlarni oʼylab topmasligiga kim kafil boʼladi?
Shunday ekan, koʼzimizni ochaylik. Soxta salafiylarning emas balki dunyoga dong taratgan ota-bobolarimizning yoʼlidan yuraylik.

Narzullo Аxmedov,
Mir Аrab oʼrta maxsus islom 
bilim yurti mudarrisi