Hizb ut-Tahrir nima?
“HIZBUT TAHRIR" (toʻliq nomi "Hizb at-tahrir al-islomiy" — "Islom ozodlik partiyasi") — siyosiylashgan diniy tashkilot (oqim). Falastinda Taqiyuddin Nabhoniy (1909—1979) asos solgan. U "Musulmon birodarlar" guruhining Falastin boʻlinmasida faoliyat yuritib, 1953 yil maslakdoshlari bilan mazkur boʻlinma aʼzolarini yangi diniy-siyosiy partiya — "Hizbut tahrir"ga birlashtirgan.
"Hizbut tahrir" taʼlimoti Taqiyuddin Nabhoniy va uning izdoshi Abdul Qadim Zallumning "Islom nizomi", "Islom davlati", "Xalifalik", "Islomiy olamga qaynoq nidolar", "Hizbut tahrirning tushunchalari", "Demokratiya — kufr nizomi" va "Siyosiy ong" kabi kitoblarida bayon etilgan. Ularda dunyoviy davlat tamoyillari qoralangan, demokratiya, konstitutsiya, saylov kabi siyosiy tartibqoidalar inkor qilingan hamda diniy mutaassiblik gʻoyalarini targʻib qilish, siyosiy hokimiyatni qoʻlga kiritish va xalifalikka asoslangan tuzumni oʻrnatish yoʻllari ifoda etilgan.
"Hizbut tahrir" mafkurasi 3 bosqichdan iborat amaliyot orqali siyosiy hokimiyatni egallab olishni nazarda tutadi: 1. Marhalatut-tasqif — tushuntirish ishlari. Siyosiy va maʼnaviy ongi zaif shaxslarni oʻz tomoniga ogʻdirish orqali tashkilotning yashirin boʻlinmalarini tuzish. 2. Marhalatut-tafo-ul — ummat bilan birlashish. Targʻibot-tashviqot yoʻli bilan oʻz tarafdorlari — "ummat"ni shakllantirish. 3. Marh-alatut-talabun — nusrat (gʻalaba, hokimiyat) talab qilish. Mavjud "ummat" kuchi bilan davlat toʻntarishini amalga oshirish va siyosiy hokimiyatni egallash.
Tashkilot piramida shaklidagi tuzilishga ega. Uning quyi pogʻonasini 5 kishilik "halqa" (toʻgarak)larga birlashgan "doris" (dars oluvchi)lar tashkil etadi. Xalqaga "mushrif" (dars beruvchi) rahbarlik qilib, 4—5 mushrifdan iborat "mahalliy jihoz" (taʼminot boshqarmasi) "naqib" (noyib) ga, naqiblar viloyat darajasida "musoid" (yordamchi)ga boʻysunadilar. musoidlar faoliyati mintaqaviy rahbar — "muʼtamad" (ishonchli) tomonidan boshqariladi. Tashkilot rahbari — "al-Amirul-aʼzam" (bosh boshqaruvchi) tashkilotning oliy boʻgʻini — "Qiyodat" (boshqaruv rayosati) orqali muʼtamadlarning faoliyat yoʻnalishini belgilab turadi. Bunday tuzilish tashkilot faoliyatini mumkin qadar yashirin olib borish imkonini beradi.
"Hizbut tahrir" oʻz rahbariyati, qarorgohi va moliya manbalarini qatiy sir tutadi. Maʼlumotlarga koʻra, Nabhoniyning vafotidan soʻng , 1979—2003 yillarda tashkilotga falastinlik Abdul Qadim Zallum (1923—2003) rahbarlik qilgan. 2003 yildan boshlab esa "Hizbut tahrir" ga Iordaniya fuqarosi Alo Abu Rushta ("Abu Yosin") yetakchilik qiladi. U oʻz mamlakatida ekstremistik faoliyati uchun bir necha marta qamoq jazosini oʻtagan.
Nabahoniy dastavval maqsad sifatida Falastinda shariat asosidagi davlat qurishni eʼtirof etgan. Keyinchalik esa u partiyaning asosiy maqsadi — musulmon dunyosini birlashtiruvchi yagona xalifalik davlatini qurish, deb eʼlon qildi. "Hizbut tahrir" faoliyati 1950—60 yillarda Yaqin Sharqda, 1970—80 yillarda Jan. Osiyoda, 1990-yillarda Markaziy Osiyoda va MDHga aʼzo boʻlgan baʼzi mamlakatlarga tarqaldi. Tashkilot Gʻarbiy Yevropadagi bir necha mamlakatlarda ham oʻz boʻlinmalariga ega. Maʼlumotlarga koʻra, tashkilotning Buyuk Britaniyada joylashgan boʻlinmasi muvofiqlashtiruvchi markaz vazifasini bajaradi.
"Xizbut-tahrir." tashkiloti siyosiy gʻarazlarini Qurʼon va hadislarni notoʻgʻri talqin qilish orqali oqlashga urinadi. Shuning uchun islom dunyosining taniqli diniy namoyandalari, jumladan, marhum shayx Yusuf Qarzoviy (Qatar) "Hizbut tahrir" ni "islomni buzuvchi" tashkilot sifatida baholaganlar. Markaziy Osiyoning yetuk ulamolari Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va boshqa oʻz chiqishlarida "Hizbut tahrir" iddaolarini rad etganlar.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining 1999 yil 16 iyundagi "Din niqobi ostidagi dinbuzarlik haqida"gi fatvosida "Hizbut tahrir" va boshqa buzgʻunchi toifalar faoliyati qattiq qoralangan.
"Hizbut tahrir" rahbarlari oz' chiqishlarida goʻyoki faqat gʻoyaviy kurash usullaridan foydalanishlarini eʼlon qiladilar. Biroq, tashkilot mafkurasini ifodalovchi hujjatlar, shuningdek, "Hizbut tahrir" aʼzolarining qator musulmon davlatlarida amalga oshirgan terrorchilik harakatlari buning aksini koʻrsatadi.
1989 yil AQShning Missuri shtatida "Musulmon talabalarning baynalmilal aloqalari" nomi ostida oʻtgan anjumanda "Hizbut tahrir" vakili "musulmon boʻlmagan hukumatlarga qurolli jihod eʼlon qilish zarur", degan mazmunda maʼruza qilgan. Ushbu maʼruza bir necha tillarda "Hizbut tahrir" aʼzolariga tarqatilgan. Tashkilotning "al-Vaʼy" ("Ong") jurnalida ham diniy mutaassiblik va ekstremizm ruhidagi maqolalar muntazam berib boriladi. Xususan, jurnalining 2001 yil iyun, 170-sonida xalifalik qurish yoʻlida barcha vositalarni qoʻllash, jumladan, qotillik qilish oqlangan hamda begunoh odamlarning oʻlimiga sabab boʻluvchi terrorchi-hudkush (kamikadze)lar "shahidlar" qatoriga kiritilgan.
"Hizbut tahrir" aʼzolari qator musulmon mamlakatlarida qurolli xurujlarni amalga oshirganlar. Bunday amaliyot 1960— 70 yillarda Iordaniyada, 1974 yil Misrda, 1999 yil Livanda kuzatilgan. 2000 yil Suriya huquqni muhofaza qilish idoralari hukumatga qarshi qurolli gʻalayon koʻtarishga hozirlik koʻrgan 800 nafar "Hizbut tahrir" aʼzosini qoʻlga olgan. 2002 yil Filippinda qoʻlga olingan "Hizbut tahrir"ga mansub shaxslardan koʻp miqdorda portlovchi moddalar va oʻqotar qurollar topilgan. 2003 yil aprel oyida Isroilning Tel-Aviv shahridagi kafelarning birida "Hizbut tahrir"ning Buyuk Britaniyadagi boʻlinmasi aʼzosi Umar Sharif va "al-Muhojir" ekstremistik guruhi vakili Osif Hanif oʻzlarini portlatib yuborishlari natijasida koʻplab begunoh insonlar hayotdan koʻz yumgan. "Hizbut tahrir" vakillarining 2004 yil mart-aprel oylarida Toshkent va Buxoroda, iyul oyida Toshkentda amalga oshirilgan terrorchilik xurujida ishtirok etganligi sud jarayonlarida oʻz tasdigʻini topdi.
"Hizbut tahrir" rahbariyati har safar qurolli amaliyot muvaffaqiyatsizlikka uchragan zahoti goʻyoki ushbu harakatlar tashkilotning "ajralib" chiqqan qismi tomonidan amalga oshirildi, degan daʼvo bilan aybni boʻynidan soqit qilishga intilib kelgan.Shuning uchun ham bizlarga hizbut-tahrirni asossiz,yolg'on da'volariga aldanib qolmasligimiz,yoshlarimizni bunday zararli g'oyalardan ogoh qilishimiz eng zarur ishlardan hisoblanadi.
Turg'unboyev Anvarjon,
Mir Arab o'rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi