10.09.2022

NAFSINI POKLAGAN NAJOT TOPUR


Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Insoniyatning ba’zilar baxt boylik, to‘kin - sochinlikda deb o‘ylashadi. Lekin mol-dunyoning ko‘pligi baxt degani emas. Ba’zida mol-dunyo o‘z sohibiga qattiq azob keltirayotgan holatlarga ham guvoh bo‘lamiz. Hatto boylik hirsida qilingan noto‘g‘ri harakat sababidan kechirib bo‘lmas xatoliklar sodir bo‘ladi.
Shuning uchun solihlar: “Kim dunyoni yaxshi ko‘rsa, o‘z nafsini musibatga maskan qilsin”,–deganlar.
Yomon nafs kishini johillik, tubanlik yo‘llariga yetaklab, oqibatda xor-u zor qiladi. Oliy fazilatlardan tamoman yiroqlashtiradi. “Nafsimni oqlamayman. Chunki nafs yomonlikka undovchidir. Faqat Robbim rahm qilganlar bundan mustasnodir. Albatta, Robbim kechirimli va rahmli zotdir”. (Yusuf surasi, 53-oyat).
Nafs tarbiya qilinmasa, axloq sayqallanmasa nasihatlardan manfaat bo‘lmaydi. Axloqi go‘zal bo‘lgan insonlar yashaydigan jamiyatda doimo farovonlik, rivojlanish bo’ladi. Aksincha, ma’naviyat, axloq tanazzulga yuz tutgan el-yurtda tafriqalar, ziddiyatlar, axloqiy va ma’naviy buzuqliklar kelib chiqadi. Natijada Alloh taoloning barakasi ko’tarilib, balolari yog‘iladi.
Kishi qilayotgan ibodatlari, yaxshiliklari, ehsonlari qabul bo‘lsin, Yaratganning roziligiga erishay desa, nafsini tarbiya qilmog‘i lozim. “Haqiqatdan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur va u (nafs)ni (gunohlar bilan) ko‘mib, xorlagan kimsa (Allohning rahmatidan) umidsiz bo‘lur!” (Shams surasi, 9-10 oyatlar).
Nafsga bo‘ysunmagan insonlar uchun juda ko‘p yaxshiliklar, barakalar bor. Unga ergashish esa yomonliklarning poydevori hisoblanadi. Shu kungacha o‘tgan solih bandalar barcha yaxshiliklarning asosi nafsni tarbiya qilish, barcha yomonliklarning asosi esa unga tobe bo‘lish ekanligini ta’kidlaganlar.
“...O‘z havoi nafsiga ergashgan kishidan ko‘ra adashganroq kimsa bormi?!”. (Qasos surasi, 50-oyat).
Nafsiga ergashmay, uni tarbiyalagan kishi yutuqqa, muvaffaqiyatga yetishadi. Unga faqat gumroh kimsalargina ergashadilar.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam nafs tarbiyasi borasida bashariyatga o‘rnak va namuna bo‘lganlar: “Alloh! Nafslarimizga taqvo ber va ularni pok qil! Sen nafslarni pok qiluvchilarning eng yaxshisi va unga do‘st hamda sohibsan”, deb duo qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Xotirjam nafs oddiy kulbani keng qasrga aylantiradi. U iztirobga tushmaydi, rizolikda bo‘ladi. U imon bilan xotirjam, sabrda bo‘ladi. Mashaqqatni ko‘tarishga quvvat topa oladi. Baxtning asl mohiyati shunda! Yaratgan barchamizni najot topguchi bandalari qatorida qilsin!


Narzillo Axmedov,
“Mir Arab” o‘rta maxsus bilim yurti o‘qituvchisi, 
O‘zbekiton xalqaro islom akademiyasi magistranti