ULUG‘ ALLOMALARIMIZ MEROSI JAHON UCHUN HIDOYAT MAYOG‘IDIR
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa behisob shukrki, yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida buyuk mutafakkirlar merosini asrab-avaylash, tadqiq etish va xalqimizga yetkazish ishlari keng jabhada amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Muin Nasafiy va Mahmud Zamaxshariy singari tabarruk zotlarning asarlari nafaqat mintaqamiz, balki butun musulmon dunyosi uchun hidoyat mayog‘idir. Shu bois, ularning ilmiy merosini, qoldirgan bitiklarini o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan sanaladi.
Yangi O‘zbekistonda ko‘p asrlik noyob va nodir asarlarni saqlash, xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, benazir zotlarning ma’naviy merosini asrab-avaylash, hayotga tatbiq etish va ularning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Hayot davom etar ekan, bu sohada yangi-yangi talablar kun tartibiga qo‘yilishi tabiiy. Shu bois, davlatimiz rahbarining joriy yil
10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ana shu hayotiy zarurat nuqtai nazaridan qabul qilingan tarixiy, muhim hujjat sanaladi. Ushbu qarorning e’lon qilinishi ma’rifatli xalqimizni, xususan, din peshvolarini ham cheksiz mamnun etdi. Unda belgilangan vazifalar buyuk ajdodlarimiz asarlarini yanada teran anglab yetishga, yosh avlodning ana shunday hikmatlar asosida kamol topishiga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish sari tashlangan navbatdagi muhim qadam bo‘ladi, inshaalloh.
Islom dinida kelajak avlodga ilm-ma’rifat va ma’naviyat qoldirishning ajri ulug‘, inson vafotidan keyin ham amal daftariga yozilib turadigan ish sifatida ko‘p bor ifodalangan. Hazrati Rasulimiz alayhissalom aytadilar: “Inson dunyodan o‘tganida uning barcha amallari to‘xtaydi, ammo uch amali borki, ular hargiz to‘xtamaydi. Bu amallar —
sadaqai joriya, manfaatli ilm hamda solih farzand” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sadaqai joriya — insonlar har doim undan manfaat topadigan ish, savobi doimo oqib turuvchi amaldir. Masalan, xalq koriga yaraydigan yo‘l, ko‘prik, maktab, shifoxona, masjid, madrasa va turli ilm dargohlarini barpo etish kabilardir. Shu jumladan, nodir qo‘lyozma va toshbosma kitoblarni asrab-avaylash, tadqiq qilish va xalqimizga yetkazish hamda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni joriy etish ayni sadaqai joriya hukmida bo‘ladi.
Bizning zaminda Payg‘ambar alayhissalomning amakilari Qusam ibn Abbos kabi ko‘plab ulug‘ insonlar abadiy qo‘nim topgan. Qur’oni karimning eng qadimgi yuzlab nusxalari saqlanib kelinadi, islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan olimlarning nodir manbalari asrab-avaylanmoqda.
Mazkur qaror shu jihatdan ham yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Hukumat tomonidan ajdodlar merosini o‘rganish, ularni keyingi avlodga yetkazish borasida qilinayotgan mazkur amaliy ishlar tahsinga sazovor. Zero, bu diyordan nafaqat islom ilmlari bo‘yicha ulamolar, balki aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ko‘plab olimlarni sanab o‘tish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi kitob fondi ham eng nodir ma’naviy xazinalardan biri bo‘lib, unda 3 ming jild qo‘lyozma, 17 ming jild toshbosma kitoblar mavjud. Eng noyob qo‘lyozmalardan — “Hazrati Usmon Mus’hafi” va “Katta Langar Qur’oni” qadimiy va tabarruk manbalar hisoblanadi. Yana fondimizda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Jaloliddin Rumiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa mutafakkirlarning qo‘lyozma asarlari saqlanmoqda.
Ta’kidlash joizki, aholi qo‘lida e’zozlab saqlanayotgan hamda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, lekin davlat tomonidan ro‘yxatga olinmagan qo‘lyozmalar va qadimiy bosma kitoblar soni biz o‘ylagandan-da ziyodadir.
Shu kabi boy merosni o‘rganish va keng yoyish oldimizda turgan dolzarb vazifa. Buni hal etish uchun zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish bugungi kun talabidir. Shu bois, mazkur qarorda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, qadimiy yozma manbalarning davlat reestrini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Xususan, qarorda buyuk allomalarning ilmiy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashtirish, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni zamonaviy usullar orqali yetkazish maqsadida Internet tarmog‘ida ilmiy-ma’rifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushirilishi belgilandi.
Shu bilan birga, mutafakkirlar hayoti, ilmiy merosi haqidagi ma’lumotlar, ular faoliyatiga oid kitoblarning elektron nusxalari, filmlar hamda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan boshqa turdagi ma’lumotlar ham mazkur portalga joylashtirilishi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Bu esa nafaqat yurtdoshlarimizga, balki butun jahon ommasiga mamlakatimizning boy ilmiy merosi bilan tanishish va ulardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Qarordagi yana bir muhim jihat, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni muhimligiga ko‘ra, xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etishning yo‘lga qo‘yilishidir. Noshirlik ishlari jadallashib, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan asarlar oddiy tilda chop etilib, aholiga taqdim qilinadi. Bu esa shubhasiz, xalqimizning bilimi yuksalishiga, yoshlarni ta’lim-tarbiyali qilib tarbiyalashga katta hissa qo‘shadi.
Albatta, bu kabi ishlarni malakali mutaxassislarsiz qilib bo‘lmaydi. Mazkur qaror bilan kadrlar masalasi ham o‘z yechimini topmoqda. Unga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan jami 4 ta oliy ta’lim muassasasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash ishlari jadallashtiriladi.
Ushbu hujjatda belgilangan yana bir dolzarb vazifa xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali aholi va turli fondlarda saqlanayotgan ajdodlarimiz qalamiga mansub qadimiy yozma manbalarning ro‘yxatini va elektron nusxalarini aniqlash, yurtimizga olib kelish choralarining ko‘rilishidir.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reestri”ning birinchi jildida 30 mamlakatning 97 tashkilotida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy singari 150 dan ortiq alloma va mutafakkirlarga oid qo‘lyozma asarlarning 1001 ta ilmiy tavsifini o‘z ichiga olgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajdodlar merosiga ehtirom ko‘rsatishdek ezgu va xayrli ishlar boshlangan ekan, uni qo‘llab-quvvatlash hamda kamarbasta bo‘lishimiz zarur. Zero, bunday savobli ishlarning ham ajri cheksiz bo‘ladi. Qur’oni karimda “Alloh go‘zal amal qilganlarning ajru mukofotlarini zoe qilmas”, deb bayon qilingan. “Ra’d” surasining 29-oyatida esa: “Imon keltirib, solih amallarni qilganlar uchun “tubo” (xushnudlik) va go‘zal oqibat (jannat) bordir”, deb marhamat qilingan.
Xalqimiz uchun katta ne’mat bo‘lgan ulug‘ alloma va mutafakkirlarning bebaho asarlarini, noyob yozma manbalarni saqlash, o‘rganish hamda kelajak avlodga bezavol yetkazish borasidagi ishlarda Haq taolo ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy