Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi
2022 yilning 9 fevral kuni Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurtida Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlangan an’anaviy navoiyxonlik tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda, bilim yurtining mudarrislari, talabalari hamda ishchi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni bilim yurti mudiri J. Saburov ochib tashrif buyurgan soha mutaxassislari va mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. A.Navoiyni o‘rganish, ijod mahsullarini kashf etish tolibi ilmlar uchun zarurligini ta’kidladi.
Mir Arab madrasasi faxriy mudarrisi, Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi Abdulg‘afur Razzoq Buxoriy “Alisher Navoiy va Naqshbandiya ta’limoti” mavzusida ma’ruza qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimov so‘zga chiqib Naqshband va Navoiy to‘g‘risida gapirdi. O‘zbek millati, umuman olganda, barcha turkiy xalqlar adabiy merosi ravnaqida turkiy tilning ijtimoiy hayotda shakllanishi, qolaversa, davlat hokimiyati va boshqaruvining adolat negizida qaror topishida o‘zining ulkan mehnati bilan salmoqli hissa qo‘shgan buyuk siymo, adolatparvar davlat arbobi — Alisher Navoiyning tavallud topganiga bu yil 581 yil to‘lganligini, mamlakatimizda bu sana har yili alohida ko‘tarinkilik va g‘urur bilan keng nishonlanib kelayotganini aytdi. Buyuk mutafakkirimizning qoldirgan me’rosi biz uchun tengsiz xazina ekanligini, ularni o‘rganib hayotga tadbiq etish kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, buyuk allomaning hikmatli g‘azallarida shariat ahkomlarining keltirilganini misollar bilan aytib berdi.
Suhbat davomida adabiyotshunos olim Salohiddin Gadoev hazrat Alisher Navoiyning ijod mahsullari, g‘azallaridan namunalar o‘qib sharhlab berdi. U kishining g‘azal, ruboiy va she’rlarida Allohga bo‘lgan ishq misollari bilan bayon qildi. Ayniqsa yoshlar va tolibi ilmlar uchun olinadigan foydalari haqida gapirdi.
Tadbir davomida ajdodlarimizning yaratgan boy ma’naviy merosni chuqur o‘rganilayotgani ta’kidlandi. Tinglovchilar ham o‘zlarining fikr-muloxazalari bilan ishtirok etishdi. Ushbu masalalar yuzasidan o‘zlariga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni olganliklarini ta’kidlab o‘tishdi.
A. Najmiddinov
Ma’naviyat va ma’rifat
ishlari bo‘yicha mudir muovini