Ramazon - oylar sultoni
Alloh taolo oylarning sultoni, Qurʼon oyi boʻlmish muborak Ramazoni sharif oyini boshqa oylardan afzal qildi. Uni koʻplab fazilat va imtiyozlar bilan xosladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir”, – dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu oyda olam shodlikka toʻladi, farishtalar yer yuziga tushadi, xayr-baraka, fazilat va barakalar yogʻiladi. Moʻminlarning qalbida surur, koʻzida quvonch balqiydi. Hamma bir-biri bilan shirinsoʻz boʻlib, mehr-muhabbat oshadi, savob toʻplash ilinji ortadi, ibodatga boʻlgan ishtiyoq kuchayadi. Qurʼoni karimning tilovati va xatmiga boʻlgan muhabbat jilosi har bir qalbda namoyon boʻladi. Masjidlarda taroveh namozida hamma bir safda turib ibodat qiladi. Elu yurtning ravnaqi, osoyishtaligi, barqarorligini soʻrab duoga qoʻl ochiladi.
Roʻzador borki, ezgulikka intiladi, oʻzini isloh etadi, xatolarini tuzatadi. Ginayu kudurat, fitna, fasod, zulm, adovat, gʻiybat kabi razil illatlarga barham beriladi.
Fazilatda tengi yoʻq bu muborak oyda jannat eshiklari, rahmat eshiklari ochiladi. Doʻzax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga xushxabar berib: «Sizga muborak Ramazon oyi kirib keldi. Alloh sizga uning roʻzasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinadi. Bu oyda bir kecha boʻlib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim oʻsha kechaning yaxshiligidan mahrum boʻlsa, koʻp yaxshilikdan mahrum boʻlibdi”, – derdilar» (Ahmad rivoyati).
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: “Ramazon boʻlganda rahmat eshiklari ochiladi”, – deyilgan.
Oʻtgan ulugʻlarimiz Ramazonga shunday intiq boʻlishganidan, hatto oylar davomida “Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!” deya Yaratganga iltijo qilishgan. Uning har lahzasini gʻanimat bilib, savoblar toʻplashga qiziqishgan. Tilovat, zikr, istigʻfor va ibodatda bardavom boʻlishgan. Bu yaxshilikni oila aʼzolariga ham ilingan.
“Sahih Muslim”da quyidagi hadis keltirib oʻtilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan oʻtkazardilar. Qachon oyning oxirgi oʻn kuni kelsa, oila aʼzolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uygʻotar edilar”.
Bu oyda bandalarning gunohi kechiriladi. Alloh taolo chin ixlos ila roʻza tutganlarning togʻdek xatolarini ham afv etib yuboradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ramazonning oxirgi kechasida roʻzadorlarning gunohlari kechiriladi”, – dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?” – deb soʻrashdi. U zot: “Yoʻq, lekin ishchi ishini ado etganidan soʻng ajri toʻla qilib beriladi”, – dedilar» (Ahmad rivoyati).
Parvardigori olam bu yilgi Ramazonda koʻplab xayr-barakalarni yogʻdirsin. Bu muborak oyning sharofatidan yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik, dasturxonimizga toʻkin-sochinlik ato aylasin. Bandalarning gunohini kechirib, yaxshilikda peshqadamlar safida qilsin.
ERKIN QUDRATULLOH