Iymon –iqror va tasdiqdir.
Bizga islomni din qilib bergan Alloh taologa hamdu sanolar, uni bizga mukammal yetkazgan habibimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamga durudu salovotlar bo‘lsin.
Insoniyat bu dunyoni sinov o‘laroq yashab o‘tadi. Alloh taolo ba’zi narsalarga buyurdi, ba’zilaridan qaytardi. Bandalardan, sog‘lom aql sohibidan talab qilinadigan eng avvalgi narsa bu Alloh taologa iymon keltirishdir.
Xo‘sh, iymon nima?
Iymon- bu avvalambor qalbda Alloh taoloni barcha ishlarida, sifatlarida, Zotida yakka-yu yagona deb hamda Muhammad sallallohu alayhi vasallamni U Zotning haq payg‘ambari deb tasdiqlash.Bu narsa qalbda mustahkam o‘rnashib e’tiqodga aylangach, tilda “la ilaha illa alloh muhammadur rosululloh” kalimasi ila iqror qilish. Mana shu ikki rukn ila iymon hosil bo‘ladi va bu fan tilida “iymoni mujmal” deb ataladi.
Keling, iymon tushunchasini yanada chuqurroq o‘rganamiz.
Iymon bu samoviy kitoblarni, payg‘ambarlarni, oxirat kunini, qayta tirilishni, jannat va do‘zaxning mavjudligini dil va til ila tasdiqlash.
Iymon bu sizga yetadigan har qanday yaxshilik va yomonlikni, xursandchilik va xafalikni, rizqni, shifoni yagona Allohdan deb bilish.
Iymon bu har qanday holatda ham Allohning kuzatuvida yurganligini his qilish.
Iymon bu amalni tark etayotganingda qalbingga qo‘rquv soladigan bir kuch.
Iymon bu sustkashlik qilayotganingda solih amal qilishga undaydigan tuyg‘u.
Iymon bu senga berilgan barcha ne’matlar Robbing tomondan berilishini e’tirof etish.
To‘g‘ri, amal iymonning rukni hisoblanmaydi. Ammo o‘zingiz ayting-chi, bu kabi iymon sohibi Robbisining amridan chiqa oladimi, uning buyrug‘iga osiylik qila oladimi?
Ey birodar, o‘zingga qayta nazar sol! Nafsing ila xoli qolib, holatingni o‘rgan. Tepada aytilgan sifatlar senda topiladimi? Bu haqida mulohaza qilib ko‘r.
Akbarjon Rahmonov,
Mir Arab o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi