04.11.2021

Muftiy hazrat: Masjid – ma’naviyat va ma’rifat maskani

Bugun, 3 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari hududlardagi diniy-ma’rifiy ishlar bilan yaqindan tanishish, imom-xatiblar va aholi vakillari bilan suhbatlashish maqsadida, Toshkent viloyatiga tashrif qildilar.
So‘nggi besh yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning natijalarini har qadamda uchratish mumkin. Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning muftiy vazifasiga saylanganlaridan ilk tashriflarini Toshkent viloyatidan boshlashlarida ham ramziy ma’no bor. Chunki bu hudud poytaxtga yaqinligi, obod masjidlar va tabarruk qadamjolar ko‘pligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Imom-xatiblar bilan muloqot Qur’on tilovati va ezgu duolar ila boshlandi. Majlisni olib boruvchi Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasur domla Raupov muftiy hazratlarini mas’uliyatli vazifaga saylanganlari munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Muftiy hazrat chiqishlarida imom-xatiblik yuki, ajru savobi, imom har bir ishida Alloh taologa taqvo qilishi, masjid – ma’naviyat va ma’rifat maskani bo‘lishi, qavm ibodatiga mas’ulligi, Moturidiya ta’limoti, Hanafiy mazhabi hukmlarini ommaga chiroyli yetkazishi, yurt tinchligi va xalq farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shishda imom-domlalar peshqadam bo‘lishlari zarurligiga alohida to‘xtaldilar.
Hozirgi murakkab davrda imom-xatiblarimiz har qachongidan ham ko‘p mehnat qilishi, yanada ogoh bo‘lishi, chetdan kirib keladigan buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlarida jonbozlik ko‘rsatishlariga muftiy hazratlari katta urg‘u qaratdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Hakimov yig‘ilishda OAV, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda imom-domlalar yanada faol bo‘lishi, targ‘ibot ishlarida zamonaviy usullardan keng foydalanishi lozimligi bo‘yicha bir qator tavsiyalarni berdi.
So‘zga chiqqan notiqlar masjidlardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini tartibga solish, imom-xatiblar ilmu ma’rifatlarini muntazam oshirishi, juma va boshqa suhbatlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, xalqchil chiqishlarni ko‘paytirish, vakant o‘rinlarni to‘ldirish, imom-xatiblarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish va hududiy vakilliklar bilan hamjihatlikda mehnat qilishga katta e’tibor qaratdilar.
“Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasi targ‘ibotida faollik ko‘rsatgan bir guruh imom-xatiblar “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyoti tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Yig‘ilishda so‘nggida Muftiy hazratlari tomonlaridan Islom dini ma’rifatini keng yoyish, yoshlarni ilm-ma’rifatga chorlash va mehnat migrantlari bilan uchrashuvlarda fidoyilik ko‘rsatgan Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasur domla Raupov maqtov yorlig‘i bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati