03.11.2021

Sarimsoq sababli Islomga kirgan otashparast

Rivoyat qilishlaricha, Buxoroi sharifda Abu Hafs Kabir degan zot bor edi. Hazrat Abu Hafs ta’lim olib Buxoroga qaytganida ayoli dedi: “Ulug‘ imom, endi siz insonlarga va’z aytasiz, ularni yaxshilikka chaqirasiz, ta’lim berasiz. Bir o‘ylab ko‘ring, qachondir biror insonning haqini yemaganmisiz? Bordiyu yegan bo‘lsangiz, ilmingizdan biror kishi manfaat ololmaydi”.
Shunda imom: “Yoshlik paytimda bir otashparastning bog‘idan bir dona ganduno (yashil sarimsoq) bargidan egasining ruxsatisiz yegandim”, – dedi.
Ayol eriga bog‘ egasini rozi qilishi zarurligini aytdi. Abu Hafs otashparastni qidirib topdi, so‘ramasdan tanovul qilgan narsaning rizosini so‘radi. Otashparast bu zotning halloligidan foydalanib, gandunoning qiymati yuz dirham bo‘lishini aytdi, vaholanki, bir dirhamga undan necha bog‘ berardi. Imomning taqvosi u pullarni berishni xohladi va ertasi kungacha muhlat so‘radi. Otashparast bo‘lgan voqeani tezda ayoliga yetkazdi, buni eshitgan ayol o‘rnidan sakrab turdi va eriga dashnom bergancha dedi: “Uni bizga keltirgan narsa haq dinidir. Bo‘lmasa, nima uchun bir gandunoni deb bizning oldimizga kelib sharmanda bo‘lsin?”
Er-xotin tezda Abu Hafsning oldiga keldi va haq dinga tolib bo‘ldi.
Shundan so‘ng u kishining ta’rifini eshtgan va suhbatlarida o‘tirgan kishilar dinning tobelari bo‘ldi. Aytadilarki, Abu Hafs tufayli shaharda birorta otashparast qolmadi, barchasi Islomni qabul qildi.

“Maslakul muttaqin” kitobidan
Dilshod Aliev