Bug‘doy sotuvchisi
Bir kishi sotish uchun bozorga bug‘doy keltirdi. Kech kirdi, hamma mollarini sotib tugatdi, ammo buning bug‘doyiga hech kim xaridor bo‘lmadi. Sotuvchi xaltasini olib ketish g‘amida ekan, mashoyixlardan birining yo‘li bozorga tushib, bug‘doy sotuvchisidan so‘radi:
– Bolam, bu ne holdir, molingni sotmadingmi? Qara, bozordagilar narsalarini yig‘ishtirmoqda.
Bechora odamning boshi egik holda g‘am chekmoqda edi:
– Mening molimni sotib oladigan biror kishi chiqmadi.
Shayx hazrat yerdan bir-ikki hovuch tuproq olib, bug‘doyga qo‘sha boshladi va dedi:
– Bolam, g‘am yema, albatta, molingga xaridor chiqib qoladi.
Odam shayxning bu ishiga e’tiroz bildirarkan, yoniga bir kishi kelib, uning molini sotib olmoqchi bo‘ldi. Sotuvchi tabassum ila u yerdan ayrilayotgan shayxning etagidan tutib:
– Bu qanday holdir, hazratim? – deya so‘radi.
– Bolam! Har bir pul loyiq bo‘lgan narsasiga sarflanadi.
Olamlarning Rabbi bo‘lgan, Razzoq sifatining egasi bo‘lgan zot barchalarimiz uchun halol rizq eshiklarini ochib bergan. Biz halol rizq payida bo‘lsak, Alloh bizga rizq qilib bergan narsalari halollik yo‘lida ishlatiladi, aksi bo‘lishidan Alloh panoh bersin.
Tarjimon: Dilshod Aliev