Tarix muhim
Ajdodlarimiz sogʻlom fikrli, aqlu farosatli, toʻgʻri manhajda ilm olgan va bu yoʻlda yuksak marralarga erishgan buyuk olimlar, yuksak salohiyatli sarkarda insonlar boʻlishgan. Ularning ilmiy, adabiy, ijtimoiy, kerak boʻlsa, iqtisodiy va siyosiy meroslarini oʻrganish, biz avlodlarning burchimizdir. Oʻz tarixidan uzilgan millat magʻlubiyatga mahkumdir.
Ogoh boʻlaylik! Farzandlarimizga, ularning ajdodlari kim boʻlganini oʻrgataylik! Buyuk ajdodlarimizning qadamjolarini, qabrlarini ziyorat qilib, ular haqida toʻgʻri maʼlumotlarni oʻrganaylik va oʻrgataylik. Ularning yutugʻlari sababini anglab yetishimiz kerak. Shunchaki ziyorat qilib qoʻyish va ulardan nimadir kutish yoki “Biz faloniylarning avlodimiz” deyish bilan ish bitmaydi. Shuni yaxshi anglab yetishimiz kerakki, bizning yurtimizda qoʻnim topgan avliyolar, ulamolar va sarkardalarning hayotlarida hozirgi har qanday muammolarimizning yechimi bor. Agar ularning hurmatini joyiga qoʻya olsak, meroslarini oʻrganib farzandlarimizga toʻgʻri anglata olsak, yurt sifatida, millat va davlat sifatida hech qachon xor boʻlmaymiz, hecham magʻlub boʻlmaymiz.
Bizning diyorlarda shunday ajib sirlar yashiringanki, buni biz yaxshi anglayolmayotgan boʻlsak ham, agʻyor buni tushunib yetgani aniq va xalqni bu sirlardan butunlay uzish uchun jiddu jahd qilmoqda.
Tariximizga, ajdodlarimizga ega chiqaylik! Ularni bilaylik, oʻrganaylik! Axir inson oʻz ota-bobosidan ham yuz oʻgiradimi, tomirlarida oqayotgan qonni ham inkor qila oladimi? Yutugʻimiz siri qadriyatlarimizda, ajdodlarimizda...! Ajdodlarimizni kamsitish, ularni adashishda ayblash va millatni oʻz ota-bobosidan, olimlaridan uzishga tish-tirnogʻi bilan kurashish kimlarning topshirigʻi bilan boʻlayotganini oʻylab koʻraylik endi!
Quyidagi oyatni bir tafakkur qilib koʻring!
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَقَالَ لَهُمْ نَبِيُّهُمْ إِنَّ آيَةَ مُلْكِهِ أَنْ يَأْتِيَكُمُ التَّابُوتُ فِيهِ سَكِينَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَبَقِيَّةٌ مِمَّا تَرَكَ آلُ مُوسَى وَآلُ هَارُونَ تَحْمِلُهُ الْمَلَائِكَةُ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَةً لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ
Yaʼni:
“Nabiylari ularga: «Albatta, uning podshohligining oyati (belgisi) – sizlarga ichida Robbingizdan sakina va Oli Musodan hamda Oli Horundan qoldiq bor sandiq kelishidir. Uni farishtalar koʻtarib kelur. Agar moʻmin boʻlsalaringiz, albatta, bu narsada sizlarga oyat (belgi) bor”, dedi».
Juda koʻp mufassir ulamolar oyatda aytilayotgan sandiq ichida Muso va Horun alayhis salomning kiyimlari, hassalari va Paygʻambarlarning qalblari yuvilgan oltin togʻora bor boʻlganligi, oʻsha sandiq Banu Isroilning barcha gʻalabalarining siri boʻlgani, ulardan sandiq oʻgʻirlangach xorlikka uchrab oʻz Vatanlaridan quvib chiqarilganliklari haqida aytishadi. Ular yana oʻz Vatanlarini qaytarib olishlari uchun boʻladigan jangda Paygʻambarlari tomonidan Tolut ismli yigit ularga podshoh qilib tayinlanganda, farishtalar ularga aynan oʻsha sandiqni qaytarib olib kelgan va natijada gʻalaba qozonishgan.
Biz ham oʻz “SANDIQ”larimizni asrab qolaylik!
Ulugʻbek Jiyanov