27.09.2021

“Sen mendagi go‘zallikni ko‘ra olmaysan"

Bir inson o‘zining chiroyli yuzi va suratiga mahliyo bo‘lar, har kun oynaga qaraganida o‘z chiroyidan zavq olardi.
O‘sha odam o‘z chiroyi ta’rifini eshitish maqsadida bir kuni zamonasining mashhur donishmandining oldiga bordi. Ammo uning xunukligini ko‘rishi bilan o‘zini donishmanddan ustun his qildi. Bu odam go‘zallik haqida nima ham deya olardi, axir o‘zi chiroydan bebahra ekan-ku, degan fikrda: "Sizdan go‘zallik haqida so‘ragani kelgandim, biroq bekor qilibman.  Chunki o‘zi xunuk inson chiroy haqida nima ham deya olardi”, – dedi.
Shunda donishmand javob qaytardi: “Sen mendagi go‘zallikni ko‘ra olmaysan, chunki u mening yuzimda emas, balki butun vujudimni qamrab olgan. Ilk bor ko‘zguda xunukligimni ko‘rganimda, bir jismda ikkita xunuk narsani jamlash mumkin emas, degan qarorga keldim. Shundan so‘ng o‘zimni isloh qilib, ilm-u hunar bilan mashg‘ul bo‘ldim. Afsuski, senda tashqi go‘zallikdan boshqa hech narsa yo‘q ekan. Shu bois bu yerga kelib chindan ham xato qilibsan. Sen biladigan birgina narsa bor edi, shuni ham aytding, endi senda yaxshi narsalardan hech narsa qolmadi. Ichingni chiroyli qilsang, u butun vujudingga tegadi, lekin yuzing chiroyli bo‘lsayu iching qorong‘i bo‘lsa, boringni yuqotasan”.

Forschadan Dilshod Aliev tarjimasi