27.09.2021

Allohni zikr qilishning javobi


Bir kishi har doim “Alloh, Alloh” deya zikr aytar va bu zikr bilan og‘zi totli bo‘lardi.
Kunlarning birida shayton kelib unga dedi:
– Nima uchun buncha vaqtdan beri to‘xtamay “Alloh, Alloh” deyapsan? Buncha zikrdan keyin senga Alloh tomonidan “Labbay, qulim” degan javob keldimi? Zikrdan charchamadingmi? Yana qancha “Alloh” deb turmoqchisan?
Bu sababdan zokir kishi xafa bo‘ldi va zikrni tark qildi. Ko‘ngli singan holda uxlab qoldi. Uyqusida Hizr alayhissalomni ko‘rdi, u zot undan so‘radi:
– Nima uchun u go‘zal ishingni – “Alloh, Alloh” deb aytadigan zikringni tark qilding?
– Buncha qilgan zikrimga biror javob ololmadim. “Labbay, qulim” degan javob kelmadi. Qo‘rqdimki, mening zikrim foydasiz ekan.
– Sening “Alloh” deb zikr qilishing, Alloh taoloning “Labbay, qulim” deganidir. Alloh taolo o‘zining ismini zikrini hammaga ham nasib qiladimi? Buni senga nasib etishi oz narsami?..

Forschadan Dilshod Aliev tarjimasi