20.09.2021

Аllohning yaratganlarida bir hikmat bor

Bir kishi sassiqqoʼngʼizni koʼrib shunday dedi:

– Buning oʼzi badboʼy boʼlsa, buni yaratishdan Аlloh taoloning maqsadi nima boʼlgan ekan?

Mana shundan soʼngra Аlloh taolo unga bir kasallik berdi. Butun tabiblarning kuchi uni davolashga yetmadi. Uning yarasi tuzalishidan barcha umidini uzgandi. Shu orada koʼchadan bir ovoz eshitildi, u odam ham bemorning yarasini koʼrishni istadi.

Chiqmagan jondan umid, shoyadki davosi topilsa. Bemorning istagiga koʼra u odamni olib kelishdi. U yarani koʼrishi bilan tezda sassiqqoʼngʼiz topib kelishni aytdi. U yerdagilar bundan kuldilar, lekin bemorning xohishiga binoan sassiqqoʼngʼiz topib kelishdi.

U odam sassiqqoʼngʼizni yoqib, kulini yaraning ustiga septi. Аllohning izni bilan yara tezda tuzaldi. Bemor atrofidagilarga shunday dedi:

–Bilinglarki, Аlloh taolo eng past maxluqotlaridan eng oliy davolar boʼlishini menga koʼrsatdi.

Аlloh taolo hikmatli va xabardordir.

Dilshod Аliev tarjimasi