18.09.2021

«Yigirma yilda qilolmagan ishingni yigirma soniyada qilmoqchimisan?»

Shayton alayhi laʼna xizmatkor qiyofasiga kirib, yigirma yil Junayd Bagʼdodiyning xizmatlarini qilish uchun u kishining oldiga borib keldi. Turli fitnalar, turli bahonalar bilan oʼzining bad ishlarini qildirish payida boʼldi. Yigirma yil boʼlsa-da, Аllohning izni bilan Junayd Bagʼdodiyni yoʼldan ogʼdira olmadi.

Kunlardan birida shayton soʼradi:

– Ey ustoz, yoʼqsa meni kimligimni bilib qoldingizmi?

Hazrat Junayd Bagʼdodiy javob qaytardi:

– Sen laʼnati shaytonsan, ilk kelgan kuningdan beri seni taniyman.

Shayton maqtay boshladi:

– Ey muhaqqiqlarning sultoni! Siz kabi ulugʼ martabalarga erishgan boshqa biror kishini tanimayman. Yigirma yildirki sizga istaganlarimni qildirolmadim, sizni yoʼldan ogʼdira olmadim, siz kabisini koʼrmadim.

Hazrat Junayd Bogʼdodiy dedi:

– Yoʼqol, ey malʼun! Endi senga oʼxshashimni, sening kasalligingga chalinib, mahv boʼlishimni istayapsanmi? Yigirma yilda qilolmagan ishingni yigirma soniyada qilmoqchimisan? Yoʼqol qarshimdan!

Bizning eng zaif nuqtamiz mana shundadir. Necha yilki oʼz ishining olimi boʼlmagan insonlarni yoʼldan urish maqsadida ularni oʼziga maqtab, ularning ishlari oliy maqomlarga koʼtarib kelinadi. Mana shunday zaifliklar tufayli Islomga qanchalar zarar berishdi va zarar bermoqdalar.

Turkchadan Dilshod Аliev tarjimasi