Moʼminning meʼroji
Xuroson podshohi Аbdulloh ibn Tohir odil kishi edi. Kunlardan birida mirshablar uch oʼgʼrini tutishdi. Voliyga keltirish vaqtida ulardan biri qochishni uddaladi.
Shu kunlarda hirotlik bir temirchi Xurosonga kelgan edi, mirshablar uni oʼgʼri deb oʼylab, boshqa oʼgʼrilar qatori voliyning oldiga olib borishdi. Voliy ularni zindonga tashlashni amr qildi. Zindonga tushgan temirchi darrov tahorat olib, ikki rakat namoz oʼqidi-da, duoga qoʼl ochdi: “Ey Robbim! Mening oʼgʼri emasligimdan, mazlum ekanligimdan faqatgina oʼzing boxabarsan, aybsiz ekanimni birovga isbotlashga imkonim yoʼq, meni bu joylardan chiqaradigan yagona Zot oʼzingsan”, deya duo qila boshladi.
Uyquga ketgan voliy tush kurdi, tushida toʼrt pahlavon kelib, taxtini parcha-parcha qilmoqchi boʼlganda, uyqudan uygʼondi va tahorat olib, ikki rakat namoz oʼqidi. Yana uyquga bosh qoʼygan ediki, avvalgi holat takrorlandi, uygʼonib, birovga nohaq zulm etganini tushundi. Zindon qorovulini chaqirib:
– Zindonda mazlumga oʼxshagan biri bormi? – deb soʼradi.
– Voliyim! U yer shunday joyki, kim mazlum, kim zolim ajratib boʼlmaydi, lekin bugun kelganlardan biri faqat namoz oʼqib, duo qilmoqda.
Voliy temirchini chaqirtirib, unga baʼzi savollar berib, aybsiz ekanini, nohaq zulm koʼrganini angladi.
– Meni kechirgin, bilmasdan senga zulm qildim, mana bu ming dirhamni uzr sifatida qabul qilgin va qanday hojating boʼlsa tortinmasdan eshigimga kelaver, – dedi voliy.
Temirchi:
– Voliyim sizni kechirdim, mayli, hadiyangizni ham qabul qilaman, lekin ishim tushganda sizning oldingizga kelishni qabul qila olmayman.
– Nima uchun?
– Mening kabi bir qulining gapini qilib, bir voliyning xatosini bildirgan Zotni qoʼyib, sizning eshigingizga yuzlansam, mendek bir qulga yarashadimi? Robbim meni namozlarim va duolarim bilan qancha balolardan, xafaliklardan qutqardi, qanchadan-qancha orzularimga yetkazdi. Buning barchasi ochiq-oydin koʼrinib turarkan, qanday qilib Robbimdan boshqaning eshigiga boraman? Gʼaniy sifatli Robbim nihoyasi boʼlmagan rahmat xazinasi eshigini barcha xaloyiqqa ochgan ekan, qanday qilib boshqasiga boraman? Undan kim nimani soʼradiki, U bermadi? Kimning qoʼli undan boʼsh qaytdi? Soʼrashni bilmasangiz, ololmaysiz. Huzuriga adab bilan chiqmasangiz, rahmatiga erishmaysiz. Shuning uchun meni Oʼz sohibim bilan quying, siz oʼz ishingni qilib, hech qachon adolatdan ayrilmang, bundan soʼng mazlumni ranjitmang. Mening murojaat joyim Robbimning eshigidir, shuning uchun Robbim menga har kun besh vaqt namozni bergan, namozni shunday biling: u moʼʼminning meʼrojidir.
Turkchadan Dilshod АLIEV tarjimasi