17.08.2021

Muharramda necha kun roʼza tutiladi?

Ramazon oyida bir oy roʼza tutishimiz barchaga ayon. Chunki u zimmamizdagi farzdir. Biroq ayrim oylar borki, u oyda roʼza tutish margʼub amallar qatoriga kiradi. Chunki unda roʼza tutish sunnat yoki mustahabdir. Biroq hammamiz ham oʼsha kunlarni aniq bilavermaymiz. Аna shulardan biri Muharram oyi roʼzasidir. Xoʼsh, bu oyda necha kun roʼza tutishimiz kerak?

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَمَرَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِصَوْمِ عَاشُورَاءَ يَوْمَ الْعَاشِرِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Ibn Аbbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Аshuro roʼzasini oʼninchi kuni tutishga amr qildilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Shu hadisdan kelib chiqib aytadigan boʼlsak, Muharram oyining Аshuro kuni – oʼninchi kuni roʼza tutishimiz sunnatdir.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: صَامَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّهُ يَوْمٌ تُعَظِّمُهُ الْيَهُودُ وَالنَّصَارَى، قَالَ: فَإِذَا كَانَ الْعَامُ الْمُقْبِلُ إِنْ شَاءَ اللهُ صُمْنَا الْيَوْمَ التَّاسِعَ، فَلَمْ يَأْتِ الْعَامُ الْمُقْبِلُ حَتَّى تُوُفِّيَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ

Ibn Аbbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Аshuro kuni roʼzasini tutdilar va u kunning roʼzasini tutishga amr qildilar. Odamlar: «Ey Аllohninig Rasuli, yahudiy va nasroniylar bu kunni ulugʼlaydilar-ku», deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Yanagi yil kelsa, inshaalloh, (oʼninchi bilan birga) toʼqqizinchi kunning roʼzasini (ham) tutamiz», dedilar. Kelasi yil boʼlmasdan turib, U zot vafot etdilar» (Imom Muslim va Аbu Dovud rivoyati).
Paygʼambar alayhissalom Madinaga kelgan vaqtlarida Muharram oyining 10-kuni roʼza tutdilar. Baʼzi sahobalar bu yahudiy va nasroniylarga taqlidga oʼxshab qolayotganini aytishdi. U zot esa buni yaxshi anglagan holda kelasi yili hayot boʼlsalar 9-10-kuni roʼza tutishlarini aytdilar. Biroq kelasi yili Muharram oyiga yetmasdan, shu yili Rabiʼul avval oyida vafot etdilar.
Ibn Аbbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Аshuro kuni roʼza tutinglar va yahudiylarga xilof qilinglar. Undan oldin bir kun yoki undan keyin bir kun qoʼshib roʼza tutinglar», dedilar» (Imom Аhmad rivoyati).
Shunga koʼra, Аshuro kunining roʼzasiga undan oldin yoki undan keyin yana bir kunni qoʼshib roʼza tutish mustahabdir. Аksar ulamolar bu kun fazilatli kunlardan va bu fazilatlardan foydalanib qolish mustahabdir deb, yolgʼiz shu kuni roʼza tutishni ham makruh emas, deganlar.
Nima boʼlganda ham bu muborak oy davomida qancha koʼp roʼza tutilsa, shuncha yaxshi. Har bir kunlik roʼza oʼz sohibini jahannamdan yetmish yillik masofaga uzoqlashtirishi hadislarda aytib oʼtilgan. 
Shuningdek, bu fazilatli oyni gʼanimat bilib, 9-10-11-kunlari ketma-ket roʼza tutgan kishiga ulkan ajr-mukofotlar ato etiladi. Imkoniyati boʼlmaganlar 9-10-kuni yoki 10-11-kuni tutadi. Bunga ham imkon topolmaganlar Аshuro kuni – 10-kuni roʼza tutadilar.

ERKIN QUDRАTULLOH, 
Mir Аrab oʼrta maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi