10.02.2025

Mahmudxo‘ja Behbudiy – Ma’rifatparvar Jadid

Mahmudxo‘ja Behbudiy – O‘zbekiston madaniy va ijtimoiy tarixida o‘chmas iz qoldirgan ulkan jadidchilik harakati yetakchilaridan biri. U 1875 yilda Samarqandda tavallud topgan bo‘lib, yoshligidanoq bilim va ma’rifatga intilib yashadi. Uning hayoti faqatgina ma’rifat targ‘iboti bilan cheklanmay, balki milliy uyg‘onish, teatr va matbuot taraqqiyoti yo‘lida ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Behbudiyning ma’rifat yo‘lida ilk qadamlar yoshlik yillaridan boshlab ilm bilan shug‘ullandi. Arab, fors va rus tillarini puxta o‘rgangan holda, yoshligidan qozixonada mirzalik qildi va keyinchalik mufti darajasiga erishdi. Biroq, an’anaviy islomiy bilimlar bilan cheklanib qolmay, zamonaviy fan va texnologiyalarni o‘rganishga ham intildi. Bu maqsadda u 1899-1900 yillarda haj safariga chiqib, Arabiston, Misr va Turkiya kabi davlatlarga tashrif buyurdi. Ushbu safarlar davomida u yangi maktab (usuli jadid) ochish g‘oyasini yanada mustahkamladi.
Behbudiy jadid maktablari va maorif islohotlarini Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlog‘ida yangi usuldagi maktab ochib, bolalar ta’limini zamonaviy usullar bilan yo‘lga qo‘yish tashabbusini boshlab berdi. U 1903-1904 yillarda Qozon va Ufaga safar qilib, tatar ziyolilari bilan hamkorlik o‘rnatdi. O‘zbek maktablari uchun darsliklar yaratishga kirishdi va bir necha muhim kitoblarni nashr etdi. Jumladan, "Risolai asbobi savod" (1904), "Risolai jug‘rofiyai umroniy" (1905), "Muntahabi jug‘rofiyai umumiy" (1906) kabi asarlar o‘zbek maktabchilari uchun muhim manbalar bo‘lib xizmat qildi.
Behbudiyning dramaturgiya va matbuotdagi hissasi o‘zbek dramaturgiyasi rivojiga ham ulkan hissa qo‘shdi. U 1911 yilda "Padarkush" dramasini yozdi. Ushbu asar birinchi o‘zbek milliy fojiasi sifatida tarixga kirdi. Bu drama nodonlik va jaholatning ayanchli oqibatlari haqida bo‘lib, yoshlarning ta’lim olishi va ma’rifatga intilishi kerakligini ko‘rsatadi. U ilk bor 1914 yil Samarqandda sahnalashtirilib, keyinchalik Toshkentda ham namoyish etildi.
Matbuot sohasida ham Behbudiy katta ishlarni amalga oshirdi. U "Samarqand" gazetasini chiqargan, ammo moddiy qiyinchiliklar sababli nashr qisqa fursatda to‘xtab qoldi. 1913 yilda esa u "Oyna" jurnalini tashkil etib, unda millat, til, madaniyat va adabiyot masalalariga oid maqolalar chop etdi. Ushbu jurnal o‘zbek matbuotining taraqqiyotida katta rol o‘ynadi va turli mamlakatlarga tarqaldi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy sayohatlar va ijtimoiy-siyosiy faoliyat bilan ikki marta Arab mamlakatlariga sayohat qilgan bo‘lib, u yerda olgan taassurotlarini "Oyna" jurnalida nashr qildi. Bu sayohatlar davomida u turli madaniyatlar va dinlar haqidagi bilimlarini boyitdi. Shuningdek, 1917 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlari qurultoyida faol ishtirok etdi va Turkiston muxtoriyatining tashkil topishida g‘oyaviy yetakchilardan biri bo‘ldi. Afsuski, 1918 yilda muxtoriyat sho‘rolar tomonidan vahshiyona bostirildi va jadidlarning ko‘pchiligi qatag‘onga uchradi.
Mahmudxo‘janing fojeali qismati. 1919 yilning erta bahorida Behbudiy Samarqanddan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Ammo Shahrisabzda Buxoro amirligi vakillari tomonidan hibsga olinib, Qarshida qatl etildi. Bu xabar Samarqandga bir yil o‘tgach yetib keldi. Uning fojiali o‘limi, o‘zbek xalqining ma’rifat va taraqqiyot yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini yodga soladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zining qisqa, ammo mazmunli hayotida O‘zbekistonning ma’rifatparvarligi yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Uning islohotlari, adabiy va matbuotdagi faoliyati, yangi maktablar tashkil etishi va milliy teatr rivojiga qo‘shgan hissasi uni o‘zbek jadidchilik harakatining eng yirik vakillaridan biri sifatida tarixda qoldirdi. Bugungi kunda ham uning asarlari, g‘oyalari va fidokorligi xalqimizga ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda.


Dilshod ALIYEV,
Mir Arab o’rta maxsus islom 
ta’lim muassasasi matbuot kotibi,
Boloi Hovuz masjidi Imom xatibi, 
manbalar asosida tayyorladi