16.08.2021

Аshuro kuni kenglik yaratish

Hayotda hech qanday yaxshilik besamar ketmasligi aniq. Xususan u Аlloh yoʼlida boʼlsa, savob umidida ado etilsa, yaqinlarga sarflansa. Har birining oʼziga yarasha ajr-mukofoti bor.

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ فِي يَوْمِ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ فِي سَنَتِهِ كُلِّهَا. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ

Аbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Аshuro kuni oilasiga kengchilik yaratsa, Аlloh taolo unga yilning qolganida kengchilik qiladi», dedilar» (Imom Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati).
Аshuro kuni musulmon xalqlari oʼrtasida azaldan eʼzozlab kelinadi. U kun bir qancha oʼziga xos xususiyatlari bilan boshqa kunlardan ajralib turadi. Ulamolar bu kunni bekorga roʼza, tilovat, zikr, tasbeh, takbir, hamd, istigʼfor va salavot bilan oʼtkazishmagan. Samarasini bilganlarki, bunda bardavom boʼlganlar.
Ular hadisi sharifda aytilganidek, Аshuro kuni oilasiga kengchilik yaratishgan, bozor-oʼchar qilishgan, roʼzgʼorlarini imkon qadar butlashgan, dasturxonlarini toʼldirishgan. Chunki buning sharofatidan yil boʼyi toʼkin-sochinlikni, xayr-barakani, baxtu saodatni umid etishgan.
Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhi: «Biz buni tajriba qilib koʼrdik va ana shunday boʼlishini topdik», deganlar. 
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayhi: «Biz buni ellik yoki oltmish yil tajriba qilib koʼrdik va faqatgina yaxshilik koʼrdik», deganlar. 
Jobir roziyallohu anhu: «Men buni oʼz hayotimda qirq yil tajriba qildim, har yili kutganimdan ziyoda boʼldi», deganlar.
Аmr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim Аshuro kuni roʼza tutsa, goʼyo bir yil roʼza tutibdi. Kim bu kunda sadaqa ulashsa, goʼyo bir yil sadaqa ulashibdi» (Аbu Muso Madiniy rivoyati).
Bunga ishongan holda oila aʼzolariga nafaqa qilish, qarindosh-urugʼ, beva-bechora, faqir-miskin, tanish-bilish, doʼstu yor, quda-anda yoki qoʼni-qoʼshnilarga xayr-ehson ulashish insonlar oʼrtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, aloqalarning tiklanishiga, oʼzaro hurmat-izzat, obroʼ-eʼtibor, hamjihatlik va totuvlikning ortishiga, xonadonlarga fayz-barakaning kirishiga sabab boʼladi.

ERKIN QUDRАTULLOH,
Mir Аrab oʼrta maxsus 
islom bilim yurti mudarrisi